O’zbekiston Xalq Harakati

Turkiston jadidlari: Germaniyadan qaytib otilgan shifokor Bahovuddin Aminjonov

Turkiston jadidlari: Germaniyadan qaytib otilgan shifokor Bahovuddin Aminjonov
10 Temmuz 2019 - 11:20 'da yuklandi va 1403 marta o'qildi.

TURKISTON JADIDLARI: GERMANIYaDAN QAYTIB OTILGAN ShIFOKOR BAHOVUDDIN AMINJONOV

1922 yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tomonidan yo'llangan 55 talaba orasida Bahovuddin Aminjonov ham bor edi.

Bahovuddin 1904 yil Buxoro shahrida mudarris xonadonida tavallud topgan. Otasi Aminjon Ziyovuddinov “Yosh buxoroliklar” partiyasining faollaridan bo'lib, Buxoro tarixi bilimdoni edi. Aminjon Ziyovuddinov 1920 yil amirlikning ag'darilishi natijasida vujudga kelgan BXSRda qator nufuzli vazifalarda ishlagan.

Bahovuddin dastlab jadid maktabida savod chiqardi, so'ng madrasa ta'limini olib fors, arab tillarini mukammal egalladi.

1922 yilning kuzida otasi Bahovuddinni Germaniyaga tahsil olishga yubordi. Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga yo'llangan talabalar uchun mas'ul etib tayinlangan Olimjon Idrisiyning ma'lumotiga ko'ra, tabiatan nozik Bahovuddin Germaniyada bir qancha vaqt davolanishga majbur bo'ldi, lekin o'zi bilan borgan o'quvchilar o'rtasida o'ta iqtidorliligi bilan ajralib turdi.

U avval Aziz Xo'ja, Sattor Jabbor, Vali Qayumlar bilan xususiy o'rta maktabda ta'lim oldi. Shundan so'ng tibbiyot sohasida ta'lim olishga kirishdi va Berlin universitetining tibbiyot fakul'tetida o'qishni davom ettirdi.

Bahovuddin vatanda mavjud og'ir iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldan juda yaxshi xabardor edi. Mintaqada sil kabi yuqumli kasalliklar avj olib ketgan, sovet davlatida esa unga qarshi kurash uchun na pul, na tibbiy xizmat ko'rsatish muassasalari bor edi.

Shuning uchun, Bahovuddin Turkiston matbuotining to'ng'ichlaridan bo'lgan “Er yuzi” jurnalidagi o'z chiqishlarida inson sog'lig'i uchun eng zarur va eng kamxarj yo'l sifatida jismoniy tarbiya masalasini ilgari suradi. U xalqqa murojaat etib: “… Sog'liqni saqlash ilmi bizga aytadir-kim, odamning sog'lig'ini saqlash uchun ko'p va yaxshi harakat qilish, badanga foydalik ovqatlar olish, foydaliq materiallardan kiyim kiyish, uy-joyni yorug' va toza havoliq qilish kerak.”

“Bizning butun tanimizning og'irlig'i, tug'ulg'ondan tamoman katta bo'lguncha yigirma bir marotaba og'ir bo'ladir… Ya'ni, bola tug'ilg'on vaqtida uning tamom og'irlig'i besh qadoq bo'lsa, bundan taqriban ikki qadog'i azala (muskul)lardir. Bu bola o'sib bir yuz besh qadoq og'ir bo'lg'onda, uning yolg'iz azalalari etmish sakkiz qadoq bo'ladir. Mana bunga qaraganda, azalalarning boshqa tan a'zolariga qaraganda qancha ko'p o'sishga muxtoj bo'lgoni ko'riladir.”

“Azalalarni harakat qildirmasak, harakatning ozlig'i va badan harakatlaridan qochish yuzasidan bizning aqlimiz va tabiatimizning kuchi ozayadir, ham biz hayotning yaxshiliqlarini ko'ra olmaymiz. Azalalarni yaxshi, o'zini kuchlik va muntazam harakat qildirish yuzasidan bizga tozaliq, kuchlik, kuch va shodliq keladir. Lekin, bir shart bor: badan tarbiyasi bilan amaliy suratda mashg'ul bo'lmoq kerak” deydi yosh talaba.

Keyingi maqolasida u amaliy tavsiyalarga o'tadi: “Tan harakatlarining bizga tegadurgon foydalaridan biri va muhimi insonning nafas olish apparatiga, umuman nafas olishg'a va qon yurishiga bo'lg'on ta'siridir. Biz tan harakatlari qilib a'zolarimizni ishlattirganimizda ularga ko'prak havo, to'g'riroq aytganda havoning beshdan bir bo'lagi bo'lgan “muvallid ul-hamuza” (kislorod) g'ozi (gazi) kerak bo'ladir va buni esa biz o'pkamiz orqali olamiz. Biz qancha ko'p tan harakati, ispurt qilsak shuncha ko'p nafas olamiz. Bu esa bizning foydamizdir. Biz tomoshag'a chiqib bir ikki chaqirim yursak, nafas olishimiz odatdagidan ikki yarim misli ortadir. Uzoqroq vaqt, bir, ikki soat yursak, to'rt-besh misli, agar tog'larga chiqsak olti misli, tez chopsak 12 misli ortadir… Yurish, chopish, toqqa chiqish kabi harakatlar bilan ixtiyorsiz ko'proq nafas olish o'rniga, o'zimiz uydan tashqariga chiqib qattiq-qattiq nafas olsoq ham bo'ladi… O'pkamiz kuchlik bo'lsa, har xil yomon kasalliklarning mikroblari o'pkamizga kirganda unda jon ola olmaydir va o'pkamiz bu mikro'blar bilan muvaffaqiyatlik suratda kurashadir. Bu kasalliklarning biri va eng yomoni tubirkulo'z (sil) dir. O'pka kuchlik va sog' bo'lganida bu mikro'blar hech narsa qila olmaydirlar va biz sog' qolamiz. Mana, tan harakatlari vujudni, o'pkalarimiz sog'lom qiladir, har xil kasallarga muqobala qilishda qurollangan bo'ladir”.

1928 yil sovet hukumati Bahovuddinga o'qish uchun stipendiya berishni to'xtatdi. U mavjud vaziyatda turkistonlik talabalarning etakchilari Ahmad Naim, Sattor Jabbor, Said Ali Xo'jalarga maslahat soladi. Ular tahsilni tugallash maqsadida mablag' topish imkoniyatlarini qidira boshlaydilar.

Ahmad Naim so'ng Pol'sha elchixonasiga borib, Bahovuddin Aminjonovga o'qishini tugatishi uchun yordam so'raydi. Ular buni SSSRning Germaniyadagi vakolatxonasidan yashirishga qaror qilgandilar. Chunki, bu paytda SSSR vakolatxonasi talabalarning hamma harakatlarini kuzatuvga olib, ularning ta'limni tugatmasdan qaytarib yuborish uchun barcha choralarni ko'rayotgan edi.

Bahovuddin 1929 yil yanvar'-fevral' oylarida Varshavada bo'lib, Pol'sha hukumatidan yordam olishga erishdi. U quvonchli xabar bilan Berlinga qaytganida, voqealardan xabar topgan sovet ma'murlari uni kuch bilan O'zbekistonga qaytarib yubordi.

SSSRga qaytgan Bahovuddin 1931 yil O'rta Osiyo Meditsina institutida yakunladi va diplomni olishi bilan ishga Yaltadagi “O'zbekiston” sanatoriyasiga yo'llanma oldi.

Besh yil xizmat qilishi ortidan ishdan olinib Toshkentga yuborildi. Toshkentdagi Respublika tubdispanseri, ya'ni sil kasalligini davolashga ixtisoslashgan shifoxonada ish boshlagan Bahovuddin endina 33 yoshni qarshilagan onlarida, 1937 yilning yanvarida uni sho'ro jallodlari yo'qlab keldilar.
“Katta qirg'in”

1937 yil 24 yanvar' kuni Bahovuddin Aminjonov 1922-29 yillarda Germaniya va Pol'shada o'qigan, “Mustaqil Turkiston” aksilsovet tashkilotining a'zosi, Pol'sha razvedkasiga josuslik maqsadida yollangan, degan tuhmatlar asosida qamoqqa olindi.

Uning ortidan turmush o'rtog'i Tanzila va 3 yoshli qizi Suriyalar qon yig'lab qoldilar.

Dastlabki so'roqdanoq uning tahsilni tamomlash maqsadida pul topish uchun Pol'shaga borishi voqeasi zo'r aksilsovet faoliyat sifatida ko'rildi.

NKVD tergovchilari tomonidan tayyorlangan so'roq bayonnomasiga ko'ra, uning Berlin shahrining Sheneberg tumanidagi Xauptshtrasse ko'chasi, 96-uyda yashovchi Artur Merkshga qo'ng'iroq qilgani, Germaniyada o'qiyotgan do'sti Afzal Abdusaidga xat yozgani, 1931 yil Sattor Jabbor Germaniyadan kelib, birinchi bo'lib Bahovuddinning uyiga borgani kabi holatlar josuslik faoliyati sifatida talqin etildi.

Aslida esa Bahovuddin 1922-25 yillarda sug'urta jamiyati rahbari Merkshning uyida ijarada turgan.

Ular yillar davomida yaqin do'st tutingan va Artur Merksh Bahovuddinga “uyingga eson-omon etib borsang, albatta qo'ng'iroq qilib qo'y” deb tayinlagani uchun bir marta qo'ng'iroq qilgan edi.

1937 yil yozida Bahovuddin Aminjonov Toshturma kasalxonasidan SSSR NKVD General Komissari Nikolay Ejov nomiga ariza yo'lladi.

Unda u hech bir aybi yo'q holda qamoqqa olingani, tergovlar noqonuniy tarzda, to'liq zulm ostida olib borilganini yozadi. Natijada silning o'ta og'ir formasi bilan kasallanib, ikki oydan buyon turma kasalxonasida yotganini, bu erda kun sayin o'limi yaqinlashayotgani ma'lum qildi.

U yosh shifokor ekani va kelajakda vatan uchun xizmat qilishi mumkinligini aytib, tubdispanserda davolanishga ruxsat so'raydi. Turma kasalxonasida hech bir sharoit – na vrach, na dori bor edi. Ariza hech joyga chiqmasdan “delo”ga tikildi.

Aminjonovning ayblov bayonnomasida u O'zSSR Jinoyat Kodeksining 57 moddasi I qismi (Vatanga hiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 64 (Sovet davlatiga qarshi terakt), va 67 (aksilinqilobiy tashkilotga a'zolik) moddalari bilan aybdor deb topilgani qayd etilgan.

1938 yil 9 oktyabr' kuni bo'lgan “uchlik” sudi atigi 15 daqiqa davom etdi. Bahovuddin Aminjonovga o'lim jazosi tayinlandi va hukm o'sha kuniyoq ijro etildi.

Adolat “tiklandi”

Bahovuddin Aminjonov ishi uning turmush o'rtog'i Tanzila Aminjonovaning arizasi asosida qayta ko'rib chiqildi.

1961 yilda Samarqand shahridagi fabrikada ishlagan Tanzila Aminjonova so'roqqa chaqirilgan. U erining NKVD xodimlari tomonidan 1937 yil yanvarda qamoqqa olingani va oradan 9 oy o'tgach uni o'zi ham qamoqqa olinganini aytib berdi.

Tanzila Aminjonova ham 18 oy davomida qamoqda saqlangan.

“Biror marta so'roq savol bo'lmadi, faqat uzoqdan ikki marta meni Bahovuddinga ko'rsatishdi, ammo so'zlashishga imkon berishmadi. Keyin qamoqdan chiqarib yubordilar” – dedi beva.

Bu sovet tergovchilarining ayblanuvchilarning yaqinlariga tahdid solib, soxta bayonnomalarga imzo chekishi uchun qo'llagan usuli edi.

“Erim o'ta ilmli, vijdonli va madaniyatli inson edi. Uning halolligi haqida barcha tanishlaridan so'ranglar, axir ular orasida tiriklari bor-ku!” degandi Tanzila Aminjonova.

1961 yil bo'lib o'tgan so'roqda Respublika tubdispanserining direktori tibbiyot fanlari doktori, professor Alimov Shokir Aminovich Bahovuddini shunday eslagan:

“1936-37 yillarda Respublika tubdispanserida ordinaturada bo'lgan edim. O'shanda Bahovuddin Aminjonovni ko'rganman. Men bunday bilimdon, mas'uliyatli, talabchan, g'ayratli va mehribon insonni hech qachon ko'rmaganman. U qisqa vaqtda butun jamoaning hurmatini qozonib ulgurgan edi. Bunday yaxshi odam kam bo'ladi.”

1961 yil 18 aprelda Moskvada SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi Bahovuddin Aminjonov asossiz ayblangan deya uni to'liq oqladi.

Bahrom Irzaev

facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano