Bi-Bi-Si radiosining xabar berishicha, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Alan Dunkan iste'fo bergan.
Dunkan o'z iste'fosini yangi bosh vazir saylanishiga bir kun qolganda e'lon qilgan.
Ser Alan sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning bosh vazir bo'lishiga qarshi.
U Jonson tashqi ishlar vaziri bo'lganda uning orqasidan “axlatini tozalashi”ga to'g'ri kelganini aytgan.
Iste'fo maktubida Dunkan Breksitni “qora bulut” deb ta'riflagan.
Alan Dunkan 2016 yilda Shavkat Mirziyoevni qutlagan birinchi g'arb siyosatchisi bo'lgan.
U o'zini prezident Mirziyoev va O'zbekistonning do'sti deb taqdim qiladi.
Shu yil aprelida Toshkentga safari chog'ida O'zbekiston erkin mamlakatga aylanayotganini aytgandi.
Britaniyada iqtidordagi konservatorlar partiyasi seshanba kuni partiyasining yangi rahbarini saylaydi.
Partiyaning 160 ming nafar oddiy a'zolari 23 iyul' kuni Tereza Meyning merosxo'rini tanlaydilar.
Boris Jonson yoki uning raqibi Jeremi Xant bosh vazir qarorgohi Dauning Stritga chorshanba kuni kirishi kutiladi.
Sobiq London meri va tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning yangi bosh vazir bo'lish ehtimoli ortidan hukumatdagi bir qator vazir va vazir o'rinbosarlari iste'foga chiqishi kutilmoqda.
Jonson Britaniyaning Evropa Ittifoqidan chiqishi uchun targ'ibot olib borgan va qator masalalar, jumladan, muhojirlik va Islom masalasida o'zining ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan siyosatchi.
O'XH axborot bo'limi