O’zbekiston Xalq Harakati
buy Instagram likes web tasarm instagram takipi satn al

MENING QAYG'ULARIM VA ALIShER NAVOIY (1)

MENING QAYG'ULARIM VA ALIShER NAVOIY (1)
10 Kasım 2019 - 13:55 'da yuklandi va 638 marta o'qildi.

(G'arq etar bahri fano g'am zavraqin…)

Alal-oqibat sir boy bermaslikni o'rgandim. Alhamdulillah.

Qayg'u – insonning siri. Qayg'ularni oshkor qilish – sirlaringni dunyoga yoyish demakdir. Ayniqsa, seni singan va aftodahol ko'rishni istaganlar oldida qayg'ulangan chehra bilan yurish eryigitga yarashmaydi.

Hamma birdek jabr ko'rayotgan bir zamon va makonda o'z g'amlaringni ko'rgazma qilish juda xijolatli ish.
Ilgari yuzing bormi, ko'zing bormi demasdim. So'zlarim kalashnikov o'qidek nishonga uchardi. Hozir esa yo'q. Qalb og'rig'ini o'zgalarga ravo ko'rishdan oldin o'ylanyapman.
Ilgari haq gapmi – haqni gapir der edim. Hozir esa yo'q. Haq gapni aytganimdan keyin nima o'zgaradi deb xayollanaman. Haq gap bir gavhardir, uni qadr bilmaslarga tutqazmaslik kerak.

Ilgari roman, qissalar yozgim kelardi. Qo'limga qalam olsam, tajribasizligimdan – hayotni bilmasligimdan qalamni joyiga qaytarib qo'yardim. Chunki hayotiy haqiqatlarni aks ettirmasa, yozganimdan nima naf? Hozir esa tajribalar to'ldirilgan qop elkamni bosib turibdi.
Lekin yozgim kelmaydi.

Ilgari Alisher Navoiyni qattiq yaxshi ko'rardim. U san'atkorona yozgan. Uning g'oyalari ham shu san'atning bir bo'lagi edi men uchun. G'oyalari, dardlari ham xuddi san'at singari go'zal ko'rinardi mening ko'zlarimga. Hozir esa Alisher Navoiy o'z g'oyalari, dardlarini qanday qilib qalbiga sig'dirgan ekan deb o'ylab qolaman.
Qalbi ko'targan ekan. Bunday dard bilan yashash oson emas.
Ikki yil oldin – 2017 yilning yoz va kuz oylari esimdan chiqmasa kerak.
Navoiy shahrining havosi bo'g'iq. Zavodlardan chiqadigan zaharli tutun aynan mening tomog'imni bo'g'ardi. Havo qaynoq. Gazli havo. Barak. Yarim tun. Uyqu yo'q.
Ustiga ustak ko'plab mahkumlar bilan kelisha olmasdim. Tabiatim injiq edi. Har kuni kim bilandir tortishar edim.

Muttasil bir xatar.

Yangi muhitga moslasha olmayotgan edim. Qalbimga bu mushkulotlar azob berar edi – qamoqdan chiqish haqida unutgan edim. Ongimda o'zimni noma'lum muddatga qamab bo'lgandim. Hech bir so'z meni ishontirmas edi.
Istaganim haqiqat, izlaganim adolat yo'q ekan, qamoqda qolib ketishimga inonchim komil edi. Hech kimdan domangir emasdim. Bir paytlar universitetdan haydalishdan qo'rqqanimni eslab kulgim keladi. Dunyo ne'matlaridan ayrilib bo'lganim uchun ularning qizig'i yo'q.

Ota-onamga o'zimdan ko'proq achinardim. Aslida, o'zimga achinmasdim. Mutlaqo. O'zimni tirik odam safidan chiqarib bo'lgandim chunki. Yashamayotgan odam edim o'zim uchun. Butun dunyo unutgan, bir chetga itqitib tashlangan bir jonzot kabi sezayotgandim o'zimni. Hamma narsa ma'nosiz. Va ma'nosiz narsalarga urinib, shuning uchun jon fido qilayotganlarning turqi-tarovati, turish-turmushi juda ham ayanchli va komik bir manzara edi men uchun.
Kutubxonaga borib Alisher Navoiyning kitoblarini izladim. Yo'q ekan. Bir amallab bitta to'plamcha topdim. Ergash Ochilov nashrga tayyorlagan kitobcha. Alisher Navoiyning eng ta'sirli she'rlari jamlangan ekan. Oldim. Har kuni o'qib o'tiraman. Mahkumlar kelishadi: “Nima o'qiyapsan?” Kitobni qo'llariga tutqazaman. Kitobni varaqlab ko'rishadi. Tomosha qilishadi. Rasmlari yo'qligi uchun tezda zerikib qaytarib berishadi: “Shunaqa narsalarga qiziqarkansan-da!”

2017 yilning yozi va kuzidagi kabi Alisher Navoiy meni hech qachon ta'sirlantirmagan edi.
Soat 22-00 da “otboy”. Hamma uxlaydi. Men esa goho shkonkamda yotib xat yozaman. Alisher Navoiyni o'qiyman. Qalbimning tub-tubiga etib boradi. Alisher Navoiyning har bir baytidagi tasvirlar mening o'sha kunlardagi holatimni o'zimga ko'rsatar edi. Oynada o'zining bechoraholligini ko'rib uvillab yig'lagan odam holiga tushganman. Uvillab yig'lagan odam holiga.
O'sha kitobchadagi ikki g'azalning sharhini bugun sizlarga taqdim etmoqchiman.

Birinchi g'azal

Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur,
Mavjlug' daryo kebi oshufta ko'nglum qo'zg'alur.

Yig'lama, ey ko'z, nedin sohilg'a chiqmas kema deb
Kim, yoshing daryosidur har sarikim el ko'z solur.

Titrabon siymobdek ko'nglum, etar jon og'zima
Tund el tahrikidin har damki, daryo chayqalur.

Sabr ko'nglumda, ko'ngul ul oyda, ul oy kemada,
Vahki, borib telmurub ko'z, mungrayib jonim qolur.

Dam tutulg'andin o'lar eldek etibmen o'lgali
Surmasun deb kemasin, baskim nafaslar asralur.

Kirma savdo bahrig'a olamdin istab sudkim,
Siym naqdi tushsa, lekin umr naqdi siyg'alur.

G'arq etar bahri fano g'am zavraqin, ey piri dayr,
Ilgiga chunkim Navoiy boda kishtiysin olur.

Mazmuni:

“Qachonki, mening oy singari yorim kemaga safar anjomlarini solib, yo'l hozirligini ko'rar ekan, mening oshufta ko'nglim mavjli daryo singari qo'zg'aladi.
Ey ko'z! Kema nima uchun sohilga chiqmaydi deb yig'lama! El qayoqqa ko'z solsa, hamma tomonda sendan oqqan yoshlar daryosini ko'ryapti.
Ko'nglim simobdek titraydi. Jon og'zimga keldi. Qo'rqinchli shamolning esishidan daryo chayqaladi.
Sabr – ko'nglimda. Ammo ko'nglim ul oyda. Ul oy esa kemada. Ul oy kemada ketib boradi, ko'zim termilib, mungraygan jonim bunda qoladi.
Nafas etmay o'ladigan odam ahvoligi tushdim, chunki kemani surib ketmasin deb nafasimni ichimga yutib turibman.
Bu olamda foyda istab, savdo dengiziga kirma! Naqd tillo va kumushlarni qo'lga kiritarsan, ammo umring naqdini boy berasan.
Ey dayr piri! Navoiy qo'liga boda to'ldirilgan kema kabi qadahni olar ekan, g'am kemasini fano dengizi cho'ktirib yuboradi!”

Alisher Navoiyning har bir g'azali men uchun bir kitob.
Har bir g'azalda mukammal tasvirlar uyg'unligi bor. G'azalning har bayti to'kis manzaraga ega. Bu manzaralar birlashib, Shaxsni yuksaltiradigan Dardning qiyofasini hosil qiladi. Bu qiyofani munosib kitobxon o'z qiyofasi deb qabul qiladi.
O'qiganimiz g'azalning dastlabki bayti kishining ko'z o'ngida daryoni olib keladi.
Kema.
Yor kemaga chiqib, olislarga suzib ketishga hozirlik ko'rmoqda. Oshiq esa kemaga chiqa olmaydi. Yor bilan keta olmaydi. Chunki buning iloji yo'q. Iloji bo'lganda edi, u bu narsani aytib o'tirmas edi. Iloji yo'qligi uchun ham kemada safarga ketayotgan yor haqida so'z ochdi.
Aslida, kema nima? Yor kim? Safar qanday safar? Bu qanday kemaki, yor unda suza oladi, oshiqqa esa joy yo'q! Safar qanday safarki, yor bu safarga chiqa oladi, oshiq esa mosuvo?!

Ehtimol, safar oxirat safaridir!
Daryo – oxirat daryosidir!
Kema – oxirat daryosida suzuvchi bir kemadir!
Yor esa oxiratga tadorik ko'rayotgan insondir! Shuning uchun unga ergashib bo'lmaydi, shuning uchun unga hamrohlik qilish mumkin emas. Zotan, oshiq uchun vaqt hali kelgani yo'q. Oshiq hali yor hajrida yonishi, yonib poklanishi kerakdir, balki.

Bu shunday kemaki, u sohilga qaytmaydi. Ko'z tinimsiz yosh to'kadi. Oshiq ko'zni aybdor qiladi: “Sen yig'lab, har tomonni yoshga to'ldirib yubording, kema qanday qilib sohilga chiqsin?!”
Oshiqning ko'ngli simobdek titraydi. Jon bo'g'izda. Chunki daryo uzra shamol. Tund bir el. U kemani yanada uzoqlarga olib ketadi. Daryo bu elda chayqalgani kabi oshiqning qalbi chayqaladi.

Qalbda sabr bor. Qalb – yorda. Yor ko'ngilni olib ketdi. Sabrsiz qolgan insonning ishi ne bo'ladi?!
Yig'idan horigan ko'z kema ortidan termiladi, mung bilan to'lgan jon sohilda qoladi.
Kema uzoqlashgani sayin oshiq nafasini ichga yutadi, chunki nafas chiqarsa, bu nafas kemani yanada olisga surib yuboradigandek!

Dunyoning ishi shu. Undan foyda izlab, turli savdolarga ovoramiz. Holbuki, bu savdolar umrimiz naqdini qo'ldan oladi. Bir kuni manzilga kelganimizda o'zimizni bo'sh qo'l bilan ko'ramiz.
Umrning bori g'amdan iborat. G'am bir kemaga o'xshaydi. To bu kema cho'kmaguncha, osoyishtalik yo'q. Haqiqatlarni anglash yo'q. G'am kemasini esa fano dengizi g'arq eta olur. Qachon? Qachoki, inson boda to'la qadahni qo'lga olsa!
Boda nadur?!
Boda qalbga xushnudlik bag'ishlar, ruhni samolarga ko'tarur, g'amlarni unuttirur, agar u zikr bo'lsa, agar u Yaratgan zotga bir sadoqat bo'lsa, agar u pokiza bir muhabbat bo'lsa!
Alisher Navoiy orif inson bo'lgan. U olamga ma'rifat nigohi bilan boqar edi. Alloh taoloning hikmatini anglagan zot o'laroq yashashning hikmati Allohga ibodat va itoat deb bilgan. Ibodat va amallar botinan go'zal, botinan samimiy bo'lishini talab qilgan. Allohga muhabbatli oriflar o'zaro muhabbatli bo'lishi shart deb hisoblagan.
Alisher Navoiy insoniy muhabbatlar Allohga bo'lgan muhabbat ustida barpo bo'ladi deb e'tiqod qilgan. Shuning uchun, u kuylagan ishq oddiy insonlar tasavvuriga sig'maydi. Shuning uchun, u bayon qilgan Dard olam ahlining aksariga begona.

Xususan, ushbu o'qiganimiz g'azalda kemada olis safarga chiqqan yor va undan ayrilgan oshiq haqida so'z borar ekan, tasvirlanayotgan Dard hajmlardan ulkanroq, sanoqdan ko'proqdir.

E'tirozlar bo'ladiki, Alloh harom qilgan narsa bilan Allohga bo'lgan muhabbatni ifodalashni qanday qabul qilmoq mumkin?!
Masalan, ushbu g'azalda ham shoir dayr piri – otashparastlar ibodatxonasidagi yo'lboshchiga murojaat qiladi. Musulmon bir shoirning tutgan bu yo'li Islom aqiydasiga mos keladimi?

Javob shuki, Islom – go'zal axloqlarni kamolga etkazgan Ilohiy dindir. Bu dinni payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o'z hayotlari bilan amalda ko'rsatib berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotlarida yashiriladigan yoki uyalish mumkin bo'lgan bir ish yo'qdir. U zoti sharifning turmushlari ikir-chikirlariga qadar butun olamga ayon va har bir ikir-chikirda benihoya ulkan ibratlar, Ilohiy hikmatlar daryosi bor. Lekin Islomni bir shakl deb bilib, uni tashqi jihatdan qabul qilish bilan maqsad hosil bo'lmaydi. Ixlossiz va muhabbatsiz, majburlangan holda farzlarni ado etish, sunnatga ergashish, haromdan tiyilish, halolni tutining o'zigina asl Islomni aks ettirmaydi. Bu – Islomning bir suvrati. Suvratda jon bo'lmagani kabi ixlossiz amalda ruh bo'lmas. Ixlossiz va muhabbatsiz qilingan xayrli ishlar hech qachon insonning qalbini, ruhini yuksaltmas.

Musulmonlar orasida Ilohiy amrlarni yuzaki ushlab, buni buyuk ish deb biladigan toifalar uchraydi. Islomga amal qilayotganlarini oshkor qilib, odamlarga bildirib, shu orqali hurmat, ehtirom, lozim bo'lsa, kuch-qudrat topishni istaydiganlar ham, afsuski, juda ko'p.
Alisher Navoiy yashagan davrda ham shu hol keng tarqagan edi.

Ilohiy so'zlarni yodlab, uni ifodali o'qib, teatr sahnasidagi aktyor kabi ibodatlarni ado qiluvchilar hamisha o'zlarini ko'z-ko'z qilishardi. Bu hol Allohga xolis qullik qiluvchi mo'minni ranjitadi. Shuning uchun Alisher Navoiy “shariat yalovbardori” bo'lib ko'rinadigan riyokorlarga hamisha qarshi turgan. Chunki ular xalqni aldash birobarida yurt boshiga balolar keltirishlari ham mumkin edi. Chunki kazzoblik, munofiqlik, riyokorlik, ayniqsa, o'z nafsi uchun din nomidan ish ko'rish Allohning g'azabini keltiradi. Islom dinini o'z manfaatlari yo'lida xizmat qiladigan bir qurol deb bilgan toifalarga xilof o'laroq Alisher Navoiy she'rlarida, xususan, uning salaf va xalaflari ijodida istilohlar o'zgargan.

Bu – may, boda, piri dayr, yor, yorning labi va hokazo tashbihlarning Ilohiy muhabbat ifodasi sifatida qo'llanganiga birinchi sabab edi.
Ikkinchi sabab esa, inson ichidagi kechinmalarni tasvirlash hamisha yangilangan ifodalarni talab qiladi. Alisher Navoiy jamiyatida ham qarashlarni ifodalashda yangi istilohlarga tabiiy bir zarurat bor edi. Shu sababli Allohga muhabbatni, Alloh buyurgan yo'lning mohiyatini anglatish qasdi bilan may, boda, jom, yor, ag'yor kabi bir qator tashbih va obrazlar mumtoz she'riyatdan mustahkam o'rin oldi.
Ammo bu erda nozik bir chegara bor. Bu – she'r orqali aytilayotgan fikrning, tuyg'uning tiniqligidir. Agar shoir dunyoqarashi, pozitsiyasi etarli darajada aniq bo'lmasa, bu tashbih va obrazlar arzonlashadi, o'ziga yuklangan vazifani ado eta olmaydi, balki g'alati va tushunuksiz bir qarama-qarshilikni yuzaga keltiradi. Alisher Navoiy o'zining aniq yo'liga, qat'iy e'tiqodiga ega bo'lgan Shaxs ekanligi uchun u qo'llagan har bir tashbih, obraz, ramz va hokazolar hamisha jips, hamisha mushakkaldir, hamisha uyg'undir.

Asosiysi, Qur'on oyatlarida insonlarga Ilohiy amrlarni etkazishda Alloh taolo bir qancha istioralarni keltirgan. Bunga o'nlab oyatlardan misollar bor.
Binobarin, Alisher Navoiyning Ilohiy ishqni may, boda va hokazo g'ayrishar'iy narsalar bilan ifodalashini qanday qabul qilish kerak degan savolga: “Islom bir shaxs, bir qavm, bir yurt, bir qit'a emas, balki butun insoniyatga, butun Er yuziga tushirilgan dindir. U bir inson yoki jamoaning fikrlari bilan chegarab qo'yilishi mumkin emas. Demak, Allohga bo'lgan muhabbat va Allohning yo'liga bo'lgan itoatni aniqroq va ravshanroq tushuntirishda turli istioralardan foydalanish rad etilmaydi”, – deb javob beramiz.
Shunday qilib, Alisher Navoiy g'azallarini o'qib, qamoqdagi vaqtim ham tez o'tar edi. Tashqi olamdan uzib qo'yilgan insonlar qatori fikrlarim tozalanib borardi. Har kuni ko'rilayotgan bir xil manzara – tumtaygan basharalar, qop-qora liboslar, g'isht, ohak, buyruqlar, jazolash yangilik emasdi.
Yangilik kirmayotgan miya esa o'z bazasidagi axborotlarni tartiblar edi. Shuning uchun, nima o'qisam yoki tinglasam, uni tushunishim va his qilishim tiniqroq edi, nazarimda.
Navbatdagi g'azalda tirik qolish, zindonlar haqida gap boradi. 2017 yil bu ayni ahvoli ruhiyamning portreti edi.

Ikkinchi g'azal

Tirik qolsam gar, o'zni bazmi vasling ichra solg'aymen,
Firoqing shiddatin de olmasam, xud yig'lay olg'aymen.

Qabo bir qatla vasli xilvatida meni, ey gardun,
Necha hijroni zindonida ul oyning, qabolg'aymen.

Junun toshi boshingg'a yog'di deb ta'n etma, ey nosih,
Tasavvur qilmakim, bu sarzanishlardin uyolg'aymen.

Nigoring gar borur, bot kelgusidur, ema g'am dersiz,
Hamono sog'inursizkim, men ul kelguncha qolg'aymen.

Meni davron buzubtur, siz yasay olmassiz, ey ahbob,
Menga ne jurm azalda – chun buzuq mundoq yasolg'aymen.

Agar ahbob te'dodin qilursiz, bo'lmog'um sonda,
Manga bas bu sharafkim – itlari ichra sanolg'aymen.

Sabuhi vasl aro tut bir qadah, ey soqiyi davron,
Necha hijron tuni maxmurliq birla qinolg'aymen.

O'larmen yo etarmen maqsadimg'a – yonmoq imkon yo'q,
Badan za'fi bila yo'l shiddatidin garchi tolg'aymen.

Ko'ngul uzdum, Navoiy, ko'yi tavfidin ne tong, emdi,
Erishsa itlari, ul ko'y aro ko'nglumni solg'aymen.

Hozir bu g'azalni o'qib, o'sha paytda bu satrlardan larzaga kelganimni xotirlayapman. Keling, men bu baytlarni o'z ta'bimdan kelib chiqib, tabdil qilib beray:

“Agar bu balolardan so'ng tirik qolsam, o'zimni vasling bazmiga solgayman! Hozir firoqing shiddatini ayta olmayotgan bo'lsam ham, faqat yig'lay olaman…
Ey taqdir! Meni bir marta bo'lsa ham yorimning vasl xilvatiga qama! Chunki ul oyning hijron zindonida necha vaqtki, qamalab yotibman!
Ey nasihat qiluvchi! Junun toshi boshingga yog'di deb menga ta'na qilma! Bu malomat, bu mashaqqatlardan meni uyaladi deb o'ylama!
Nigoring ketgan bo'lsa, keladi, g'am ema deysizmi? Siz men u kelgunicha usiz qolishimni istamoqdamisiz?!
Ey do'stlar! Meni taqdir vayron qildi, sizlar obod qila olmassiz, menda ne ayb! – azaldan mana shunday vayron holda yasalganman.
Yorimning do'stlarini sanab, ular ichidan meni izlasangiz, u erda yo'qman – topolmaysiz. Men uchunn uning itlari qatorida turishning o'zi sharaf!
Ey soqiyi davron! Vasl tongida bir qadah tut! Chunki hijron tunlarida mastlikdan qiynalmoqdaman.
O'lib ketamanmi yoki maqsadimga etamanmi – bilmayman, hatto, tanim xastaligi va yo'l mashaqqati bilan toliqib qolsam-da, ortga qaytishga imkon yo'q!
Ey Navoiy, yor yurgan yo'llarni o'pish umididan ko'nglimni uzdim, endi uning itlari qaysi ko'chadan o'tib qolsa, ko'nglimni o'sha yo'lga tashlayman!”

G'azal aruzda, hazaj bahrida yozilgan. Ohangi mahzun. Ovoz chiqarib o'qisangiz, maftun etadi. Sehrlab qo'yadi.
O'qiganimda g'azalning qahramoni deb o'zimni tasavvur qilganman. Bu so'zlarni Alisher Navoiy emas, go'yo men aytyapman. Men ham bir yorni sog'inaman. Balki u yor sarobdir, balki u yor bevafodir, balki u yor bir subhi kozibdir. Ammo sog'inchga ehtiyoj bor. Kimnidir sog'inging keladi. Maloling tushmaydigan kimnidir juda ham sog'inishni xohlaysan!
Ha, sog'inishing mumkin bo'lgan yagona jamol – Haq jamolidir.
Boshimda balo ustiga balo. Biror xotirjam kun yo'q. Har kun bir xatar kutasan. Tirik chiqamanmi bu erlardan?! Yo Robbim! Agar tirik qolsam, Senga eng samimiy va eng xolis qalb ila ibodatlar qilaman! Ka'batullohni o'paman, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ravzalarini ziyorat qilaman!.. Hozir qalbimni o'rtagan bu firoq shiddati sababli so'zlay olmayman. Faqat ko'zimdan yosh oqadi. Sokit ko'zlardan yosh oqadi.

Tirik qolsam gar, o'zni bazmi vasling ichra solg'aymen,
Firoqing shiddatin de olmasam, xud yig'lay olg'aymen.

Ey taqdiri azal! Ibodat qilishim uchun menga masjidlarni nasib et! Quloqlarimni Qur'on tilovatlariga to'ldir! Tunlarimni tahajjudlar ila munavvar qil! Axir, qancha vaqtki, Qur'on o'qiy olmayman! Qancha vaqtki, boshimni sajdaga qo'ya olmayman! Bu zindon men uchun hijron zindoni bo'ldi!

Qabo bir qatla vasli xilvatida meni, ey gardun,
Necha hijroni zindonida ul oyning, qabolg'aymen.

Hammasiga o'zing aybdor! Sen kimsanki, o'zingdan qahramon yasaysan! Hamma qatori jim yashasang bo'lmasmidi, sen telba ekansan, majnun ekansan! Aqli sog' inson sening ishingni qilmaydi deb nasihat qiluvchi ey nosih! Ta'na toshlarini otma! Men haqimda bu ishlaridan uyaladi deb o'ylaysanmi? Alloh gunohlarimi kechirsin! Bir telba bo'lsam, telba o'z ishlaridan uyalarmidi? Uning aqli uyalishga qodirmi?!..

Junun toshi boshingg'a yog'di deb ta'n etma, ey nosih,
Tasavvur qilmakim, bu sarzanishlardin uyolg'aymen.

Bugun zindondasan, ertaga ozod bo'lasan, sabr et dersiz, g'am ema dersiz, inshaa Alloh, so'zlaringiz rost bo'lsin, biroq siz mening shuncha vaqt hijronda qolmog'imni istayapsizmi?!

Nigoring gar borur, bot kelgusidur, ema g'am dersiz,
Hamono sog'inursizkim, men ul kelguncha qolg'aymen.

Nega bu qadar o'rsan, nega bu qadar kajsan deb mendan ranjimang, do'stlar, qadar shunday ekan: Alloh meni shunday yaratdi. Nohaqlikka betoqat, yolg'onga chidamsiz, haromga nafratli qilib yaratdi meni. Agar shu hol xaroba bo'lsa, men shunday xarobaman. Meni obod qila olmassiz.

Meni davron buzubtur, siz yasay olmassiz, ey ahbob,
Menga ne jurm azalda chun buzuq mundoq yasolg'aymen.

Robbimning do'stlari…
Allohning valiylari… Ularning safida bo'lish qanchalar sharaf! Ular safidan meni topa olmaysiz deb qo'rqaman… Chunki gunohlarim, Allohning oldidagi isyonlarim shu qadar ko'pki, ular safida bo'lmoqdan xijolat tortaman…
Men bir it kabi sanalsam ham, mayli. Ashobi kahfning ortidan borgan bir it kabi bo'la olsam ham, bu men uchun oliy sharaf! Mening ikki dunyoyim uchun sharaf!

Agar ahbob te'dodin qilursiz bo'lmog'um sonda,
Manga bas bu sharafkim, itlari ichra sanolg'aymen.

Ey soqiyi davron! Vasl tongida shodlik qadahini ber! Bu zindon tunlarida ayriliq mastligi ila qanchalik qiynaldim!..

Sabuhi vasl aro tut bir qadah, ey soqiyi davron,
Necha hijron tuni maxmurliq birla qinolg'aymen.

Ehtimol, yo'lning mashaqqati toliqtirar, ehtimol, tan xasta bo'lar, ehtimol, bu yo'lda o'laman yoxud maqsadimga erishaman! – ammo ortga qaytmoq mumkin emas. Chunki o'limdan ham, hayotdan ham ustundir bu Yo'l. Hayot va o'limdan yagona maqsad ham faqat shu Yo'ldir.

O'larmen yo etarmen maqsadimg'a yonmoq imkon yo'q,
Badan za'fi bila yo'l shiddatidin garchi tolg'aymen.

Goho umidsizlik qamrab, yor ko'yini tavof qilishdan ko'ngil uzsam, ne ajab! Endi bu uzib olingan ko'ngilni yorimning itlari qaysi ko'chaga kirsa, o'sha ko'chaga tashlayman, toki ular bu ko'ngilni tishlab yorimga eltib bersinlar!

Ko'ngul uzdum, Navoiy, ko'yi tavfidin, ne tong, emdi,
Erishsa itlari, ul ko'y aro ko'nglumni solg'aymen.

Maqolani “Mening qayg'ularim va Alisher Navoiy” deb nomladim. Bu ilmiy yo'nalish emas. Bu bir ko'ngilning yo'nalishi. Bu yo'nalishdan ko'ngillar yuradi, xolos.
Kim Alisher Navoiyga qanday munosabatda, bilmadim, ammo mening o'sha eng og'ir paytlarimda, ko'zlarimdan yoshlar oqib turganda Alisher Navoiyning baytlarini o'qidim. Shunda Alisher Navoiyning qalbini o'z qalbimga juda yaqin his qildim. Yoki o'z qalbimni Alisher Navoiy qalbiga muqarrab tuydim. Balki, tom ma'noda unday emasdir. Lekin umumiy bir tutashuv bor edi, harqalay.
Musibatda yoningda turgan do'st yodda qoladi. O'sha payt yodimda Alisher Navoiy g'azali edi. Bu g'azal meni zikrullohga chorladi.

(Davomi bor)

Akrom Malik

09.11.19

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube