Majburiy tartibda ruhiy shifoxonaga yotqizilgan 32 yashar xorazmlik bloger Nafosat Ollashukurovaning advokati fuqarolik ishlari bo'yicha Xorazm viloyat sudlov hay'atiga 6 noyabr' kuni kassatsiya shikoyati topshirdi.
Nafosatni ruhiy shifoxonaga yotqizish haqidagi sud qarori “Psixiatriya yordami ko'rsatish to'g'risidagi qonun”ning 27-moddasi talablariga xilof. Nafosat Ollashukurova sud majlisiga chaqirilmagan. Uning ruhiy xolati buzilganiga to'liq ishonch hosil qilinmagan. Psixiatrik ekspertiza xulosasi olinmagan. Sud qaroriga yolg'onlardan iborat ariza asos qilib olingan, deya bildiriladi kassatsiya shikoyatida.
Nafosat bilan 6 noyabr' kuni uchrashgan advokat Umid Davletovning so'zlariga ko'ra, psixiatrik dispanser sharoitlari va Nafosatning ahvoli “yaxshi”.
Ikki farzandning onasi Nafosat Ollashukurova Jaxon tillari Universitetini ingliz tili mutaxassisligi bo'yicha tamomlagan. U o'zining jamiyatdagi faol pozitsiyasi bilan tanilgan. Uning yakinlari, ilgari hech qachon ruhiy kasallikka uchramaganini bildirishadi.
Garchi u nohaqliklarga qarshi emmotsional va keskin chiqishlar qilsa-da, adolatparvar inson bo'lganini aytishadi.
Nafosat fuqarolik ishlari bo'yicha Urganch tumanlararo sudning qarori bilan 2019 yilning 30 sentyabridan Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida majburiy saqlanmoqda. Bu qarordan avval, u jurnalist Mahmud Rajab himoyasiga uyushtirilgan norozilik aktsiyasida ishtiroki uchun 10 kunlik qamoqqa olingan edi.
Qator huquq himoyasi tashkilotlari, jumladan Xalqaro Amnistiya, “Paxta Kampaniyasi” koalitsiyasi va “Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi” blogerni ruhiy shifoxonadan chiqarish talabi bilan bayonotlar berishgan.
Manba: Eltuz.com