O’zbekiston Xalq Harakati

70 YoShGA KIRGAN ShOIRNING O'ZBEKISTONDA TA'QIQLANIShIGA 7 SABAB

70 YoShGA KIRGAN ShOIRNING O'ZBEKISTONDA TA'QIQLANIShIGA 7 SABAB
02 Aralık 2019 - 7:00 'da yuklandi va 1385 marta o'qildi.

(Ustoz Muhammad Solihning 70 yilligiga bag'ishlanadi)

1-sabab:
Har yurtda el ko'nglidagi “iztirob surati”ni chizgan shoirlar e'zozlanadi. Nega O'zbekistonda bunday emas?

Axir “biz hech kimdan kam emas”dik-ku.

Aslida “Borib keldim qishloqqa, to'yib keldim pishloqqa” qabilida she'r yozib yurgan, hayotidan mamnun qofiyabozlar bu yurtda ham e'zozda.

Hech bo'lmaganda, ularga bayramlar oldidan atroflardagilarni jo'shtirish uchun “Oy Vatanim, boy Vatanim” qabilida she'r “zakaz” qilish mumkin. Bunaqa she'rlar bir kun yashaydi, keyin o'ladi.

O'lik she'rlar, o'lik kitoblar mudroqlarni uyg'otolmaydi. Buni yaxshi anglagan Muhammad Solih bu haqda she'r ham yozgan:

“Hech qachon o'lolmas
Asli o'lik bo'lgan kitoblar!..
Hidi ham chiqmaydi jasadlaridan
Kitob do'koniga kirsangiz.
Haqiqiy kitoblar o'lishi mumkin,
Hidlanishi mumkin
Haqiqiy kitobning jasadi.
Shu sabab, ularni ko'mmasa bo'lmas,
Yondirmasa bo'lmas shu sabab…”
(1978)

Bu she'rni shoir 1978 yili jadid bobolarimiz kitoblari haqida yozgan edi. Ne tongki, bugungi O'zbekistonda Muhammad Solih ta'lif etgan kitoblar ham “ko'mmasa bo'lmaydigan, yondirmasa bo'lmaydigan tirik kitoblar” ro'yxatidan joy olgan.

Butun Turkiston ahli o'z mutafakkiri deb biladigan shoir asarlarini shu kunda O'zbekistondagi kitob do'konlaridan topish u yoqda tursin, mamlakat chegarasidan o'tkazish ham jinoyat hisoblanadi.

Tirik kitoblar mudroq qalblarni uyg'otishi, zulm va mute'likka qarshi oyoqlantirish mumkin. Bu taqiqning ilk sababidir.

***

2-sabab:
Shoir odamlarni qanday uyg'otadi?

Eng avvalo, “alla”larning yolg'onligini fosh qilish orqali. Fol'klori boy bu o'lkada “alla”dan ko'pi bormi?

“O'ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”, “Och qornim – tinch qulog'im”, “Otangni o'ldirganga onangni ber”, “Egilgan boshni qilich kesmas”, “O'ng yuzingga ursalar, chap yuzingni tut”, “Qo'shning ko'r bo'lsa, ko'zingni qis”…

Eski zamonlardagi kinoyavor mazmunini yo'qotib, yalang'och shiorga aylanib qolgan bu kabi “alla”larning son-sanog'i yo'q. G'aflat girdobiga otuvchi bu “qadriyat”lar el xayriga emasligini bilgan shoir she'rxonga al'ternativ yo'l taklif qiladi:

“Zamon senga boqmasa gar, sen ham boqma zamonga
Mayli, yaxshi oting chiqsin bir lahzada yomonga!
Boqma unga, bir kun kelib og'irlashsa ahvoling,
Isbot qilgin eskirganin zamon haqda maqolning.
Hayoti-la o'zgartirsa bir maqolni bir odam,
Bir odamning hayotiga etib ortar o'sha ham”.
(1986)

Bu sas allachilarni sarosimaga soladi. Axir ko'p o'tmay xo'jayinlari bo'lmish Dev kelib, qurbonlar ichidan tanovul qilish uchun do'mboq-do'mboqlarini tanlay boshlagan paytda odamlar shirin uyquda bo'lishlari kerak. Shu vajdan ular oralarida o'z ishlariga xalaqit beradigan “orombuzar qora kuch” bo'lishini istamaydilar. Shoirning istalmagan shaxslar ro'yxatining boshida turishiga yana bir sabab budir.

***

3-sabab:
“Orombuzar qora kuchlar”dan qo'rqadigan allachilar halovatini qochiradigan holatlardan yana biri uyg'ongan odamlarning ularni tanib qolishidir. O'z birodarlarini Devga peshkash chekadigan bu maxluqlarni atrofdagilarga tanitib qo'yadigan, ularning suratini allegorik tasvirlar bilan chizib bera oladigan san'atkor albatta xatarli. Ularni xavotirga solgan tasvirlardan biri budir:

“Dumi kesik bechora it,
Men senga achinaman xolos.
Holingga yig'lamoq uchun
Maymun kerak.
Lekin u yo'q-ku…
Hammasi hayvonot bog'ida.

Dumi kesik bechora it,
Xo'jayinning oldida
Nimani likillatasan endi?”.

Bu maxluqlarning xavotir manbai suyakni bo'lishish ehtimoli emas. Shunday bo'lsaydi, ular bu taqsimga jon-jon deb rozi bo'lardilar. Shoir esa suyakni rad qilibgina qolmay, suyakka sherik bo'lish ilinjida tamshanayotgan boshqa ta'magirlarga ham tanbeh beradi:

Shunday Vataning bo'laturib,
Yozasan yulduzlar haqida,
Charog'on kunduzlar haqida,
Qoshlari qunduzlar haqida.
Shunday Vataning bo'laturib,

Sen gullar haqida kuylaysan.
Onangning ham ko'zyoshini sen
Shabnam deya o'ylaysan.

Shunday Vataning bo'laturib,
Koinot haqida so'zlaysan.
Toshga urish kerak bo'lgan boshni
Gulchambar uchun shaylaysan.

Shunday Vataning bo'laturib,
Qurol yo'q qo'lingda.
Shunday vataning bo'laturib,
Qo'rqasan o'limdan!
(1986)

***

4-sabab:
Shoir “suyak”ning (bu suyak hashamatli saroy, allambalo moshin, turli-turli emak va kiymak imtiyozi shaklida bo'lishi mumkin) Olloh taolo tafakkur bilan siylagan odam bolasi uchun yagona lazzat manbai emasligini urg'ulashga urinadi:

“Lazzatning xili ko'p” deganda
Ko'zlari yog' bosgan mechkayning
Taomga muhabbatini emas,
Dimiqqan oqshomda
Hirsdan erib ketgan bandaning
Sassiq tushlarini emas,
Yollangan qullarning
Go'dak manglayiga to'pponcha tirab
Olgan zavq-shavqin ham aytmayman.

“Lazzatning xili ko'p” deganda
G'alati quvonchni aytmoqchiman men:
Zolim portreti yonsa gulxanda.
(1983)

Zulm so'zini lug'at taniydigan olimlar “bir narsani o'z o'rniga qo'ymaslik, birovning haqini ado etmaslik” deya tarjima qilishadi. Olloh uchun sevimsiz bo'lgan zolimning portreti yonishidan zavq oladigan shoir allachilar nazdida, tabiiyki, tadhishchi (terrorchi)dir.

Bunaqalarni mamlakatga kiritish u yoqda tursin, hatto yaqinlashtirmaslik kerak. Ming ehtirom bilan to'rga osilgan portretning yonishini istagan, ustiga ustak, tasvirdagi shaxsning zolim ekanini fosh qilib qo'yadigan shakkokka kimning ham ko'zi uchib turibdi?

“Bizda-chi, o'g'ri yo'q. Mabodo ossak/, Hurmat taxtasiga osamiz, Verter”, deya kinoya qilgan ham shu shoir emasmidi?..

***

5-sabab:
Kon'yunktura libosiga burkangan allachilar “falon mamlakatni ranjitib qo'ymaylik, pismadon davlat bizdan xafa bo'lib qolmasin” degan bahonalar bilan xalqni aldashga urinishadi va buni millatimizga azaldan xos bo'lgan “andishalilik” bilan oqlashga harakat qilishadi. Lekin zikr etayotganlari Devlar elu yurtimizning do'sti emas, bil'aks, dushmanidir. Shular emasmidi o'lkamizni bosib olgan, munavvarlarimizni qirgan, boyliklarimizni talagan?

Do'st va yo mazlumni ranjitmaslik uchun jim turishni andisha deyish mumkindir balki, lekin dushman va yo zolimni behuzur qilmaslik uchun sukut saqlash borib turgan qo'rqoqlikdir.

“Andishaning otini qo'rqoq qo'yish” naqadar insofsizlik bo'lsa, qo'rqoqning otini andisha qo'yish ham shu qadar insofsizlikdir.

Buni tushungan shoir tashbehu istioralar vositasi ila birodarini zolim va bosqinchiga qarshi “og'iz ochish”ga da'vat etadi:

GAPIR, TURKISTON

Roppa-rosa ming yildan buyon
Ro'za tutib og'iz ochmagan hamon
Turk sarkardasi – Tiyonshon.

Ming yil davomida u emagan non,
Uning nasibasi – ming yillik uvol –
Tuzga to'lib borayotgan tuzdon – Orol.

Sarkardaning go'zal qizi o'tloqda
Oq ilonni bosib, deganida “Voy!”
Chiqqan tovush, kumushrang xalqa – Oy!

O'tloqqa shitirlab singib borayotgan,
Bebaxt Osiyodan qochayotgan mangu
Bu oq ilon, muqaddas ilon – Amu…

Yana ”Voy” dema qiz. Etar bitta Oy.
Og'zing ochma go'zal, etma ovoza.
Faqat otangga ayt: og'zini ochsin – Tugadi ro'za.
(1985)

Turkiston endi sukunatini buzishi kerakligi va o'z erki uchun kurash boshlash zamoni kelganini aytayapti shoir.

Bu chaqiriqni eshitib, “tuzemets”ning o'z haqini talab qila boshlashidan cho'chigan mustamlakachilargina emas, uning qahridan “andisha qilgan” mahalliy vassallar ham behuzur bo'la boshladilar XX asrning 80-yillarida. Shu sababdan ular bugun ham bu haqiqatlarni anglab etmagan, mudroq mardum orasida shoir sasi yuksalishini istamaydilar

***

6-sabab:

“Bu shoir faqat qanday yashamaslik kerakligi haqidagina she'rlar yozganmi yoki qanday bo'lish kerakligi haqida ham manzumalari bormi?” dersiz. Tabiiyki, bor. Mana ulardan biri:

“Erk – uning shaffof uyi.
Devorlari shishadan tikilgan
Shahardagi eng hashamatli uy.

Dunyoni ko'rar u uyida turib
Tashqaridan uni ko'radi dunyo.
Ovqat kam eydi u,
Chunki daraxtlar
Unga qaraganday bo'laveradi.
U bo'ydoq,
Chunki xotin bilan
Yashash noqulaydir bu shaffof uyda.
Xotin-ku turaversin,
Hatto o'zi echinsa
Yulduzlardan tortinib echinar har gal”.
(1979)

Hayoning eng go'zali Yaratuvchining oldidagi hayodir. Xoliqdan hayo qilgan kishi o'z-o'zidan xalqdan ham hayo qiladi. O'g'rilik qilmaydi, kazzoblik qilmaydi, poraxo'rlik qilmaydi, zulm qilmaydi… Qisqasi, inson degan sharafli nomga munosib bo'ladi. Ollohdan hayo qilgan kishi “qanoatli azizu qanoatsiz zalil” (hadis) ekanini yaxshi biladi, ta'madan xoli bo'ladi, Devu Ajdarlardan iona kutmaydi:

O'z sochimdan to'qib olaman chakmon,
Suyagimdan yasayman pichoq sopini.
Men soyamni to'shab uxlayajakman,
Soya uxlayajak meni yopinib…

Yurak nima deydi, bilmadim, lekin
Shaxsan men shunaqa yashamoqchiman.
Umrimdan – bor rohat, bor soya-salqin –
Hammasini yulib tashlamoqchiman.

Va bu yaratilgan jaziramada
O'tkir haq quyoshi qolajakdir toq,
Toki nasib etsin menga bir marta
Umr emas, haqiqat uchun yig'lamoq.
(1983)

Bu so'zlar rohatparast allachiga yoqmaydi albatta. Shundan kelib chiqqan holda, bu misralarni hayqirayotgan shoirning yurtga qaytishini istamaydi, hatto u davr she'riyatida katta burilish yasagan, ta'bir joiz bo'lsa, milliy adabiyotda maktab yaratgan bo'lsa ham.

***

7-sabab:
Allachilarni qo'rqitayotgan sabablarning eng kattasi esa shoirning muhtasham poetik shuur va mo''min farosatiga sohib bo'lishidir. Bunday farosatga ega kishi iymonini shaytonga sotgan kaslarni necha farsah naridan taniydi. Bunday odam inayotgan nusratni ham, xusronni ham his qiladi. His qilibgina qolmay, bundan atrofdagilarni ham ogohlantiradi:

“Nogoh pastga tushar bulutlar,
Yurar tegay-tegay deb erga,
Nafasidan o'chadi o'tlar,
Insoniyat botadi terga.

O'pka guyo qovjirab sixda,
Kichrayadi ulkan yuraklar,
Bir zarb bilan qoqilgan mixday
Erga botib ketar teraklar.

Tozi itlar kabi er iskab,
Qotib qolar bulutlar birdan,
Keyin qattiq uvlashar ko'kka:
“Din hidlari kelmoqda erdan!”
(1985)

Shoir aytganiday, vijdonlar tarafdir. Fitrati bulg'anmagan vijdonlar Haqdan tarafdir. Ular har doim Namrud otashiga cho'p eltayotgan qarg'aning emas, balki tomchi suv eltayotgan chumolining yonidadirlar.

Tutgan saflari bois ularga allachilar tomonidan “isyonchi”, “osoyishtalikni ko'rolmaydigan badbin”, “taxtparast”, “tadhishchi” va hatto “xoin” yorliqlari yopishtirsalar ham ular yo'llaridan qaytmaydilar.

Aslida allachilar har qanaqa isyonu xaosga qarshi emaslar. Hatto buni san'atni harakatlantiruvchi kuch, deb biladilar.

Ularni eng sevintirgan isyon esa shaytonning yonida turib, Yaratganga nisbatan tug'yonga tushishdir. Bunaqa isyon ularning ishini osonlashtiradi, odamlarni o'zlariga bo'ysundirish, istagan ko'yga solish, hoyu havas botqog'iga botirish, zillat ko'chasiga yo'llash imkonini yaratadi. Buning aksini ta'kidlayotgan shoir esa, tabiiyki, yoqtirilmagan shaxsga aylanadi.

***

So'z yakunida aytarim: aslida ustoz shoir Muhammad Solih asarlarining vatanida taqiqlanishiga 7 emas, uning she'rlari misolida 70 sabab, balki 700 sababni ham keltirish mumkin edi. Ammo Internet davri o'quvchisining toqatini (aniqrog'i, toqatsizligini) hisobga olib, so'zni muxtasar qildim.

Tilagim – 150 yil mustamlakachi Tolihlar (yomon amal qiluvchi kishilar), yana 25 yil mahalliy Tolihlar kitoblari majburlab o'qitilgan yurtda Solihlar (yaxshi amal qiluvchi kishilar) kitoblarini o'qishga tez kunlarda imkon tug'ilsin.

Abdulhakim Husayn (Hakimjon Husanov) 
adabiyotshunos

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube