O’zbekiston Xalq Harakati

“Begona” 3-qism

“Begona” 3-qism
02 Aralık 2019 - 20:36 'da yuklandi va 1200 marta o'qildi.

(Boshi 2-qismi)

Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to'ladi.

Muhammad Solih hayoti haqidagi sizga taqdim etilayotgan fil'm o'zbek yozuvchisi va dramaturgi, muxlislariga “O'zbekfil'm” kinostudiyasida suratga olingan “Oq bino oqshomlari” fil'mi va “Bu kunlar” romani bilan tanilgan Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurilla Otaxonov) loyihasi asosida tayyorlandi.

“Eltuz” nashri ko'p qismdan iborat suhbatning 3-qismini e'tiboringizga havola qiladi.

“Begona” 3-qism matni

Bir yonda ojizu, bir yonda kuchli
kurash boshlanarkan tarafma-taraf,
ojizning yonini olganing uchun
“xoin” deb nom olmoq naqadar sharaf!

Na sharaf, xalqini qul etgan podshoh
“mening dushmanim” deb seni atasa,
jazavaga tushsa, isming eshitgan chog'
kitobingni o'qib, yirtsa, toptasa!

Na sharaf-ki zulmga “zulm!” deya olsang,
boshingda har kuni sinsa-da tayoq,
shaytondan qo'rqmaslik naqadar go'zal,
na go'zal yagona Ollohdan qo'rqmoq!

M. S: Men yana Muhammmad SAVning o'sha avval eslatganim, “insonlar o'lganda uyg'onurlar” degan hikmatning iqlimiga qaytishni istayapman. Tasavvufda, bilasiz “O'lmoqdan oldin o'lmoq” qabilidagi bir sententsiya bor. Bu erda zikr qilinayotgan o'lim, albatta, nafs o'limidir. Ammo nafssiz inson ham yo'q aslida. Bu yo'qlik Allohdan boshqa hech bir hadaf, hech bir orzu, hech bir g'oyasi bo'lmagan yo'qlikdir.

Biz bugun Payg'ambarimizning “Insonlar o'lganda uyg'onurlar” degan hikmatidan ilhomlanib, o'lmasdan oldin uyg'onmoq istaymiz. Bu hayotning Payg'ambarimiz zikr etgani kabi chindan ham bir uyqu ekanini idrok etmak uchun, bu uyqudan o'lmasimizdan oldin uyg'onmoq kerak bo'layapti. Uyg'onish esa bu – uyqu dunyosi. yolg'onchi dunyoning haqiqatlarini aytish bilan mumkindir.

1985 yilda yosh ijodkorlar tarafidan Moskvaga, sovet davlatining oliy organi – Politbyuroga yozilgan xatning orqasida turgan gaplar, o'sha biz aytmoqchi bo'lgan haqiqatlardir. Bu maktubga jamoatchilik uch hil munosabatda bo'ldi, bilasiz. Bir guruh ziyolilar biz yoshlarning maktubimizni gizli bir xushnudlik bilan qabul qildi. Ikkinchi guruh, qizg'anchlik bilan, ko'pchilikni tashkil qilgan uchinchi guruh esa, bu narsani loqaydlik bilan qabul qildi.
Xushnudlik bilan qabul qilgan guruh keyinchalik, maktub yozilganidan 4-5 yil so'ngra milliy harakatlar safiga qo'shildi. Qizg'anch guruh esa, yoshlarga ochiq tahdid qila boshladi va Moskvaning yonini olib: “Bu yoshlarga nima kerak o'zi. Bularga Lenin bobom mavzoleyda yotgan joyidan turib ta'zim qilsinmi?” yoki (…bularga, Atom bombasining) knopkasiini berib qo'yaylikmi, deb bizga qarshi hayqirdi. Bu hayqirgan zot, Rashidov davrida juda arzanda bo'lib, kommunistik rejimning barcha ne'matlaridan foydalangan bir shoir edi.
Qisqasi, Politbyuroga maktub o'zbek ziyolisi uchun bir maxaktosh vazifasini bajardi. 80-yillarda ziyoli qatlam o'zining potentsialini ko'rdi. O'zining zahirasini ko'rdi. Bu narsa o'sha kommunistik rejim qirib tashlagan, jadidlardan keyin paydo bo'lgan, sahroda ko'ringan ilk yashillik edi. Albatta, gurkirab o'sib ketmadi, bir bog' paydo bo'lmadi, lekin o'sha sahroda yashillik alomatlari ko'rina boshladi.
Shu mavzuda o'sha davrda, ya'ni 85-yilda yozilgan bitta she'rimni o'qib bermoqchiman. Bu o'sha davrning kayfiyatini, menimcha, she'riy shaklda ifodalagan bir she'r. She'rning nomi “Turkiston”, o'zining asl nomi. Ammo tsenzuradan himoya qilib, do'stlar o'sha paytda chiqqan kitobda “Yurak” deb atang deyishdi va “Yurak” nomi bilan chiqdi. Lekin aslida she'rning nomi – “Turkiston”. Hozir uni o'qib bermoqchiman:

Har bir soniyada yuz bor tintilgan,
Yuz bor so'roqlangan shappatday diyor —
Senmi, hali o'sha ko'kka intilgan,
Senmi qorong'uda axtargan ziyo?!
Farovon hayotdan noshukur banda,
Non emas, erk haqda kuylagan senmi —
Yomon otli bo'lib hammaga bunda,
Yana hamma haqda o'ylagan senmi?!
Senmi, tutib qolgan Adl qamchisin,
Senmi, haq jazoga halaqit bergan —
Senmi, nishon olgan ko'zyosh tomchisin,
Senmi, hali o'sha takabbur mergan?!
Senmi hamon bo'ysunmagan bo'yin,
Qaqragan lablarning ol qahri — senmi?
Qullar sahrosida ko'tarib quyun,
Hech ne ko'rmaganday lol dahriy — senmi?!
Soqchi uyquda deb umid-la boqqan,
Qochishni ko'zlagan senmi piyoda —
Bu og'ir zanjirni shaldiratmoqqa
Jur'at etgan senmi jim-jit dunyoda?!
A-ha, senmi?!

NM: Bu, men hozir eshitayapmanu o'yladim. Siz o'qigan she'rni agar bugun yozsangiz bugun ham shunday yozilardi…
MS: (kuladi) Bugunam javobgarlikka tortishadi..
NM: Ha, yo'q-yo'q. Gap bu haqda emas, ya'ni chekilgan jabrlar bo'lsayam xalqni o'ylashdan chiqdi bu. Vatanni o'ylashdan chiqdi, boshqa bo'ldi. Go'yo 35 yil burun bugun haqida yozilganday.
MS: Endi, bu judayam ochiq she'r. Buyam o'sha paytda yozilgani bilan Ra'no Abdullaeva ishdan ketganidan keyin bosildi. Albatta, sovet rejimi avvalgi rejim edi, lekin shu narsalar bosildi. Ikkita she'r bu.

MUMKIN

So'zingni aytmayoq eyishing mumkin,
Hali ham bor bo'lsa aytajak so'zing.
“Mo'min musulmonman”, deyishing mumkin,
Hali ham musulmon bo'lmasang o'zing.
«Oq tuya ko'rdingmi», deb so'rasalar,
«Ko'rmadim» deyishing mumkindir ko'rib.
Agar vijdon qiynab, topsang hafsala
Uyingda yig'lashing mumkin o'kirib.
Tishni tishga bosib mumkin chidamoq,
Agar qolgan bo'lsa og'zingda tishlar.
Mumkindir — suyakka etguncha pichoq,
Butun qolgan bo'lsa suyaging agar.
Chidamoq mumkindir toki o'lguncha,
Agar allaqachon o'lmagan bo'lsang.

2. MUMKIN EMAS

Siz betobsiz, betobsiz oshna —
Mumkin emas ko'chaga chiqish.
Mumkin emas dunyoqarashni
Buzadigan kitoblar o'qish.
Mumkin emas noma'lum tomon,
Olis tomonlarni sog'inmoq.
Mumkin emas, sog'liqqa yomon
Sevmoq, cho'kka tushib sig'inmoq.
Mumkin emas kiyinmoq qishda,
Mumkin emas och bo'lsang emoq.
Mumkin emas hatto ohista,
Qo'rqa-pisa «mumkinmi?», demoq.
(1984)

O'sha paytning qatag'oniga javob-da bu.
NM: Biz mana jadidlar haqida gapirdik. Jadidlarning qatag'on qilinishi millatning belini sindirgan.

MS: Aynan shunday.

NM: Aynan. Chunki ular oydinlarimiz edi, yo'l ko'rsatuvchilarimiz edi ular. Bir to'p podaga aylanib qoldi xalq. Bir qo'rquv saltanati tashkil bo'ldi. Butun bir sovet dahshati, harbiylari bilan, KGBsi bilan xalqning liderlari, oydinlari boshi olinganidan keyin bu xalq qo'yday yuvosh bo'lib qoldi-da. O'shaning kayfiyati “Mumkin emas”da aynan seziladi. Bu uzoq vaqt davom etayapti, mana hozirgi kunlargacha… Qo'rquv saltanatidan qutilib ketganimiz yo'q. Tashqarida, ya'ni chet ellarda bir-ikki yil yashab ko'rgan odamlar biz qanaqa muhitda yashayotganimizni biladi.

MS: Men bir tajribamni aytay. Men bu erda yashab, masalan, Istanbulda, Ovrupada yashadim, bizning mamlakatdan kelgan, hatto eski SSSRdan kelgan odamlarni men gapirmasayam yuzidan tanirdim. Hammasining yuzida bir qo'rquv tamg'asi bor. Xuddi orqasidan birov quvib kelayotganday hadiksirab, sal narsa uchun jahli chiqishga, yoki qo'rqib qochib ketishga tayyor… Yoki shunday bir sarosima yuzida bor. Bir qo'rquv bor. Bu o'sha qullikning tamg'asi. Faqat o'zbeklardaginamas, ruslardayam bor edi. Bugun ruslarda bu tamg'a yo'qoldi. Ammo o'zbeklarda bu tamg'a hamon davom etayapti. Bu asorat bugungi kunda yanayam jirkanchroq shaklda davom etdi. Chunki qayta qurish yillarida bizda paydo bo'lgan erkinlik ruhini Karimov o'ldirdi. Sovet davrida bu qullikni his qilish, unga qarshi kurashish bir sharaf edi, chunki tashqaridan kelgan bir dushman edi u. Ammo o'zimizdan chiqib bizga bosqinchidan ko'proq zulm o'tkazgan hukmdorga qullik xalq uchun katta bir haqorat bo'ldi. Va bugun ham mana shuning asoratidan qutulganimiz yo'q.

NM: O'sha qo'rquvni yuraklarga singdirgan Kommunistik tuzum – Sovet mustamlakasidan qutulganimiz mustaqillik biz kutgan ozodlikni, biz kutgan erkinlikni bermay, boshqa narsa bo'lib chiqqanligi alamli. Hozir aytdingiz mana, dushman begona bo'lsa, boshqa masala u. Sal engilroq bo'ladi. Chunki shu begonalar ezayapti deysiz. O'zingdan chiqqani balo bo'ladi. Men siz bilan adabiyot haqida gaplashamiz, she'rlar haqida gaplashamiz, degan niyatda edim. Baribir, istaymizmi, yo'qmi, sizning ikkinchi bir faoliyatingiz – siyosat haqida so'ramoqchi bo'lib turuvdim. Lekin bu she'rlarni eshitib o'tiribmiz, bu mavzuga allaqachon kirib bo'lingan ekan…

MS: Amaldagi faoliyat, ya'ni aktiv sof siyosat, tabiiy bu she'rlar paydo bo'lganidan o'n besh yil keyin boshlandi. Lekin siyosatning tamali o'sha paytda biz yozgan asarlarda edi. Men faqat o'zimni nazarda tutayotganim yo'q, umuman bizning o'sha avlod. Bu jarayon balki ba'zi shaxslarda sekinroq kechgan bo'lsa, ba'zilarda tez kechdi. Lekin hammasi ham istasa-istamasa, siyosiylashgan edi. Ya'ni 80-yillar oxiriga borib, bizdagi o'sha mavjud Stalin davrida yaratilgan apolitizm, ya'ni siyosatdan uzoqlilik sekin-sekin yo'qola boshladi va hatto shoirlar ham she'r yozishni qo'yib, maqola yoza boshladi. Ya'ni siyosiylashdi jamiyatimiz. Va bu bizning mazlum xalqimiz uchun juda katta bir chiqish yo'li edi – siyosiylashuv. Lekin mana keyingi Karimov davrida, 26 yil hukmronlik qildi, va mana shu siyosiylashgan bir jamiyatni yana o'sha apolitizm chuquriga, jarga itardi. Va xalqimiz, siyosatdan qancha uzoq bo'lsak, shuncha tinch yashaymiz, degan qanoatda bo'ldi. Aslida aqlli insonlar bunday o'ylamaydi. Lekin xalqimizning aksariyati siyosatdan uzoqlashtirildi. Va siz o'zingizning ishingizni qiling, siyosatni qo'ying, degan kommunistlarning aqidasi yana jamiyatimizda ustun rol o'ynay boshladi.

NM: Sizni 50-chi yillar avlodi, dedik oldingi suhbatimizda. Mana shu 50-chi yillar avlodiyam keyingi o'zgarishlardan unumli foydalangan holda millatni uyg'otishga turli yo'llar bilan harakat qildi. Biz buning samarasini qayta qurish davrida ko'rdik. Shu avlod etakchilik qildi. Tashqaridan bilamiz endi, qachon va qaysi harakatlar paydo bo'ldi? Siz shaxsan siyosatga qachondan aralasha boshladingiz?

MS: Aslida mening tabiatim, apolitik insonman. Ya'ni siyosatni yomon ko'radigan odamman, sovet davrida, hozir ham juda yaxshi ko'raman, deb o'ylamayman siyosatni. Lekin shunday tarixiy davr keldiki, shoir ham siyosat bilan shug'ullanishga majbur bo'ldi. Mayakovskiyning gapi bor: “Ya nastupil na gorlu sobstvennoy pesni” – taxminan shunday iborasi bor. Ya'ni, “men o'z qo'shig'imning bo'g'ziga oyog'imni qo'ydim. Qo'shig'imni to'xtatib, siyosatga berildim”, degan ma'noda. Biz ham o'sha paytda qo'shig'imizni chetga surib, maqolalar yoza boshladik. Hatto demografik masalalar. Orol dengizi masalalari. Ayollarning sog'lig'i. Tug'ilish. O'lish. Bolalar o'limi. Ya'ni bizga hech aloqasi bo'lmagan, hatto yaxshi bilmagan temalarda yozishga majbur bo'ldik, chunki bu masalalarning hammasi bizning mazlum xalqimiz masalalari edi. Va bularni o'rtaga olib chiqish imkoni paydo bo'lgan edi. Bir minbar bor edi. Nega biz ungacha ramziy she'rlar, metaforik she'rlar, falon oqim, deb yashirib, o'zimizning hislarimizni, ishg'olchilarga, mustamlakachilarga qarshi ramziy yo'llar bilan kurashib yurgan shoirlar birdaniga ko'rdiki, bir imkon paydo bo'ldi. Ya'ni ochiq aytish, yalang'och aytish, va darhol aytish mumkin bo'ldi… Shuning uchun ham men ongli ravishda maqolalar yoza boshladim va publitsistikaga o'tdim. She'rim to'xtadi. She'r yozishni yomon ko'rganim yoki yozadigan she'rim bo'lmagani uchun emas. Balki mana shu tarixiy zaruriyat, mening shaxsiy zaruriyatimga aylandi. Masalan, aytishadiki, “men xalqqa o'zimni bag'ishladim, xalqning dardini aytdim”. Men unday deb ayta olmayman. Menga uyqu bermayotgani uchun bu dard bilan shug'ullandim. “Xalqimning dardi menga uyqu bermaydi. Men yaxshi uxlashim uchun o'sha dardni aytishga majbur bo'ldim” – buyam aslida bir egoizm. Men o'zim.. Muhammad Solih o'zining yaxshi uxlashi uchun mana shu gapini aytishi kerak, aytmasa yomon uxlaydi. Ya'ni buyam bir egoizm o'ziga yarasha. Ya'ni xalqimning dardi mening dardim degan gap bir balandparvoz bir so'z emas. Biz uchun bu real bir so'z edi. Bizning hayotimiz edi bu. O'sha 80-90 yillarda biz na bir muofot kutdik. Aksincha, biz mukofot emas, qarg'ish oldik. Bizni “Xalq dushmani”, “panturkist, ruslarga qarshi bular”, “bularni yo'q qilish kerak”, degan maqolalar yozildi bizga qarshi. O'sha Krujilinlar esingizda bo'lsa kerak. Biz quvg'in qilindik. Xalq dushmani e'lon qilinib, kitoblarimiz to'xtatildi. Biroq biz to'xtatganimiz yo'q, baribir yozdik yozadiganimizni. Chunki, yana aytaman. Xalqning dardi bizning dardimiz bo'lgan edi. Bu hech balandparvoz so'z emas. Bu bir mubolag'a, bu bir tashbeh emas. Masalan, o'zbeklar falon, o'zbeklar savodsiz, qo'y xalq deb Moskvadagi bir gazeta yozsa, men masalan uxlay olmas edim.

Ertalabgacha maqola yozib o'rislarning o'ziga yuborar edim, o'rislar bosar edi. O'zbekiston matbuoti mening maqolalarimni bosgani yo'q ko'pini, ruslar o'z matbuotida bosdi. O'zlariga qarshi maqolalarni ruslar bosdi. Hatto 86-87 yillarda, hali qayta qurish uncha avj olmagan paytlarda ham mening milliy masalalar bo'yicha maqolalarim, demografiya bo'yicha, “Drujba Narodov”, “Literaturnaya Rossiya” jurnallarida bosildi. O'sha paytlarda ilk da'fa 88-yilda SSSR yozuvchilar Soyuzining s'ezdida mustamlaka deb aytdim O'zbekistonni. Buni hamma chiqib, hatto mana tirik O'ljas Sulaymon, Chingiz Aytmatov (Alloh rahmat qilsin), Anor Ozarbayjon shoiri, ular meni tabrikladi. Haqiqatan ham o'sha paytlarda, 80-yillarning oxiriga borib o'zbek ziyolisi uyg'ongan edi, tom ma'noda. Hozir ham gapirilayapti uyg'onish haqida. Men aytayapman: o'lmasdan oldin uyg'onishimiz kerak deb. O'sha paytda uyg'onish bor edi. Bugun ham o'sha uyg'onish haqida gapirayapmiz, tasavvur qiling. Mana mustaqillikdan keyin 29 yil o'tayapti – hali ham uyg'onish haqida gapirayapmiz. Hali ham “Ey xalqim, uyg'on!” deb she'r yozayapmiz. Mana shu dard bizni siyosatga olib keldi. Dard meni yomon ko'rgan narsamga olib keldi. Xalqning dardiga olib keldi. Men hech qachon, Alloh huzurida aytamanki, mening hech qanday shaxsiy manfaatim yo'q edi.

Bu yaxshi yo yomon deb aytayotganim yo'q, men real gaplarni aytayapman. Agar men biror shaxsiy narsaga intilganimda edi, masalan moddiy, yoki bir mansab – men buni olgan bo'lar edim. Karimov menga juda ko'p narsalarni va'da qildi, hech bir narsasini olganim yo'q. Saltanatining yarmini hatto, 90-yillarda va'da qildi. Bunga kelamiz hali bu voqeaga. Men buni rad qildim, chunki men buning uchun yashayotganim yo'q edi. Bugunam uning uchun yashayotganim yo'q. Bugunam men bir taxt uchun kurashayotganim yo'q, taxtdagilar zolim bo'lgani uchun ularga qarshi kurashayapman. Hamma o'ylaydi: Muhammad Solih haliyam shu taxt orzusida. Unday bir orzuim yo'q mening. Taxtda o'tirsin, ruscha aytganda “radi Boga”, o'tirsin shu erda. Ammo adolatli bo'lsin, xalqiga xizmat qilsin. Xalqni ezmasin. Ana unda men muxolifatni tashlayman. She'rimni yozaman. She'r yozish men uchun qulay.

80-yillarning oxiriga borib, butun sharoitlar ham etildi. Hali aytganimizdek SSSR, Boltiqbo'yi va boshqa hududlarda. “Birlik” harakatining, bir paytlar jadidlar bizning o'sha 10-yillarda tuzgan bir partiya ekanini mendan boshqa va KGBdan boshqa hech kim bilmas edi. “Erk” partiyasining ham aynan o'sha jadidlar tarafidan tuzilganini mendan boshqa KGB bilar edi ammo. Chunki ular o'ldirganda… Hatto o'sha paytda mening yonimda eng yaqin yurgan Ahmad A'zam, Zohir A'lam, boshqalar… Ulargayam men aytganim yo'q. Chunki men ularga jadidlar tuzgan, o'shalardan qolgan ismlar bu desam, ular qo'rqib ketadi, deb andisha qildim. Aslida ya'ni “Birlik” va “Erk” jadidlarning to'g'ridan-to'g'ri davomi, degan g'oyada bu inomlanishlarni qo'ydim. Bo'lmasa, “Tashkilot tuzaylik!” degan taklif bilan Zohir A'lam kelgan. Ular “E'tiqod” degan bir nom bilan kelishgan. Biz jadidlarning mafkuraviy davomchisi edik. O'sha paytda “Birlik”da milliy masalalar u qadar bir ochiq qo'yilmagan edi. Chunki 88-yilda tuzildi bu. Chunki u paytda hali sharoit etilmagan edi. Lekin ekologiya ham milliy masala edi, zotan. Lekin Mustaqillik, Moskvadan ajralish, yangi bir davlat qurish, sovetlardan ajralish g'oyasini biz “Erk” partiyasida qo'ydik.

“Erk”ning o'z oti, ya'ni mustaqillikning ismi edi. Kommunistik partiyadan keyin qurilgan O'zbekistondagi ilk partiya “Erk” partiyasi edi. Buni ko'p yoshlar hali bilmaydi. Va “Erk” nomining tarixini bilmaydi hali yoshlar. Bu tarix bizni jadidlarga bog'laydi. Jadidlarning qurgan partiyasi edi. Ular – jadidlar, hammasi qatl qilindi. O'rtada sahro paydo bo'ldi va bu sharafga biz muyassar bo'ldik. Va biz 80-yillarning oxirida ularning to'xtab qolgan ishini, bayrog'ini olib ko'tardik.

NM: “Erk” partiyasiyam vaziyat etilganidan keyin paydo bo'ldi, demak?

MS: Shunday.

NM: Demak, siyosiy masalalarni ham qo'yishga vaziyat etildi. Minbarlar paydo bo'ldi.

MS: Minbarlar doim bo'lgan. Ammo minbarlarda gapiriladigan gapning miqyosi kengaydi. Chunki u paytlarda she'rlar orqali cho'ntagimizda musht ko'rsatar edik. Endi mushtni cho'ntakdan chiqarib ko'rsata boshladik. Dedik, biz mustaqil bo'lamiz. “Erk” partiyasi mustaqillik g'oyasi bilan chiqdi.

“Erk” partiyasining birinchi majlisiga Karimov yaxshi munosabatda bo'lgan. Keyin u erdagi mening programmamni ko'rib, hammasini teskari o'girib yuborishdi. “Erk” partiyasining birinchi qurultoyiga Moskvadan xabar, ya'ni axborot agentliklarining muxbirlari kelgan edi. Ular bizni Gorbacheving siyosatini qo'llaydi, deb o'ylagan edi. Chunki “Birlik” paytida Gorbachevning g'oyasini qo'llab-quvvatlar edik ochiqchasiga.

Ammo, birinchi marta bizga mustaqil bo'lishdan boshqa bir yo'l yo'q degan g'oyani o'zining programmasida “Erk” partiyasi qo'ydi. Buni eshitib hatto bizga hayrixox bo'lgan liberal ruslar ham zalni tark etdi. Chunki ular separatizm tarafdori edilar. Karimov ham qo'rqib ketdi. Avval u loyal, ya'ni bizga ancha moyil edi. “Erk” partiyasi shunday qilib tug'ilmasidanoq qora ro'yxatga kirdi. “Birlik”da unday radikal g'oya yo'q edi. O'zi “Birlik”ka zo'rg'a chidab turgan edi, “Erk” esa undan ham radikalroq chiqib, mamlakat mustaqilligini e'lon qildi. Mana bular endi, ko'proq siyosiy motivda yozilgan she'rlar. Butun asarlarimni Moskva yoritib turgan paytda, Moskvaga qarshi yozilgan she'rlar.

“Dehqon qo'llari” turkumidan

Xudo qaramadi mening ra'yimga,
Allaqachon o'zining muhrini bosdi.
Va ijrochi farishta qoq manglayimga,
“Lavxul maxfuz”dagi qismatim ëzdi.

Manglayimga boqib, uydagilar ham,
Ëzuvni o'qiëlmay bo'ldilar sarson.
Nihoyat markazdan kelgan bir odam,
O'qidi va dedi: sen paxtakorsan.

Shu-shu oltin topgan qul kabi xursand,
Yuraman paxtalar ko'karsa gulday,
Men mahzun yuraman achchiq qish kirsa,
Topgan oltinini yo'qotgan qulday.

Ba'zan tushlarimda so'kinaman bad,
O'ngimda-chi, tavba deyman asosan.
Har holda eng shirin taom bu mehnat,
Eng katta idish bu sabr kosasi.

O'RTOQLIK HAZILI

Paxtalar ochilib tursa…
Daf'atan
Kulib turgan havo ketsa buzilib,
Qor yogsa, bu demak , erga nisbatan
Osmonning o'rtoqlik hazili.
Chopib rais kelsa, kiyib ol egning,
Qor emas, paxtadir turgan osilib,
«Terish kerak» desa, bu bir o'zbekning
O'zbekka o'rtoqlik hazili.
Zo'riqib paxtadan uyganda tog'ni,
Markazdan kelsayu kimdir suzilib,
«To'yga ketdik» desa, bunisi sog'ning
Kasalga o'rtoqlik hazili.
To'yga kelsa o'zbek va dasturxonda
Non emas, shiorlar tursa yozilib,
Bu ham bir paxtakor O'zbekistonga
O'rtoqning o'rtoqlik hazili.
… O'risning o'rtoqlik hazili (kulishadi)

BOShQA

O't bor, o'lan bor, maysadan gilam bor,
May bor, palov bor, alvon rang yalov bor,
Baxt bor, saodat bor, to'y bor, ziyofat bor,
Hamma narsa bor o'zbekdan boshqa.
Qari bor, qartang bor, kattayu kichik bor,
Achchiq bor, chuchuk bor, it bilan kuchuk bor,
Qurt bor, qumursqa bor, ilon bor, chayon bor,
Hamma narsa bor o'zbekdan boshqa.
O'zbek qani? O'zbek – paxtada!

Mana bu. “Erk” partiyasi bo'lmagan, ammo Erk so'zi menda doim motiv bo'lib o'tadi doim.

TILChINING DEGANI

«Erk» so'zi
Otasi emasmikan «erkak» so'zining?
Shunday bo'lishi mumkin,
Faqat – o'tgan zamonlarda.
«Erk» so'zida, balki,
Umuman ma'ni yo'qdir,
«Erk» so'zi shunchaki
O'layotgan askarning bo'g'izidan chiqqan
«Hiq»illashdir?
Shunday bo'lishi ham mumkin,
Faqat Afg'on tomonlarda.
Biz uchun esa,
Erinchoq odam to'qigan so'zday tuyular u,
Shunchalar qisqa:
Erk.

TAShBEHSIZ ShE'R

(Bu Lenin, Stalin va Brejnev haqidagi she'r, deb izoh yozib qo'ydim)

Buyuk odam injiq bo'ladi sal,
Bu ham bir fazilat albatta.
Dunyoga kelar u xohlagan mahal
Va xohlagan jumhuriyatda

Buyuk odam kamtar, bunaqa odam,
Tug'ilmay ham turar yuz yillab ba'zan.
Tug'ulgudek bo'lsa, mabodo,
Bizdan yashirinib yurar muntazam.

Bizdan berkinadi chunki buyukning
Ta'masi yo'q bizdan tariqcha.
Kamtarlik ham yukdir,
Bu yukni tarixiy zarurat derdi tarixchi.

O'sha kamtarligi sabab birgina
Berkinmas u boylik, moli ortiga,
U bizdan “insoniy” berkinar,
Deylik o'z soqoli ortiga.

Basharti udumda bo'lmasa soqol,
Buyukka etadi oddiy bir mo'ylov,
Bizga shu mo'ylov ham kelsa gar malol,
U qoshi ortiga berkinar darrov.

Qoshni ham ko'p ko'rsa noshukur davr,
Buyuk odam hech bo'g'ilmaydi.
Faqat kamtarona qiladi sabr,
Udum evrilguncha u tug'ilmaydi.

O'sha qosh, soqol, mo'ylov o'sha paytdagi shaxslarning bir ramzi edi bu she'rda.

Shunday she'rlar ko'p. Ya'ni men bu gaplarni bizni eshitayotgan yoshlarga qarata gapirayapman. Buni bizning tengdoshlar bilishadi. Bizdan kichikroqlar ham bilishadi. Ammo biz ketgandan keyin, mana 30 yildan beri tashqaridamiz biz. Yangi bir avlod paydo bo'ldi. Ular bilmaydi. Ularning hammasiga Muhammad Solih terrorist. 99-chi yilgi portlashlarni Muhammad Solih qildi. U vatanga doimiy hiyonat qildi, degan gaplar bilan ularning miyasini chorak asr davomida Karimovning targ'iboti aldab keldi. Mana shu yoshlarga qaratib aytayapman bu gaplarni.

Biz aytayapmizki, sizning sevgan millatingiz, mening ham millatim. Biz uning kadarini, taqdirini o'ylab maydonga chiqqanmiz, va biz uni sevganimiz uchun ham yurtdan surgun qilindik. Uni sevganimiz uchun ham uni bizdan ayirdi dushmanlar.

Shu dard bilan hali ham yashayotganimiz uchun biz yurtga qaytayotganimiz yo'q.

NM: 80-yillardan bu yog'idagi tarix etkazilmagan hozir millatga. Yoki buzib etkazilgan. Ayniqsa, mustaqillikdan keyin tarix faqat Islom Karimov tarixiga aylantirildi. Ungacha bo'lgan tarixiy voqealar, mustaqillik uchun kurash, masalan, hazilakam gap emas. Ekologiya uchun kurashlar ham, hazilakam gap bo'lmagan, o'sha zamonlarda. Bitta kichik tumanlarga borib qilingan mitinglar ham. Lekin tarix kitoblarda bu yo'q hozir.

Buni bilishmaydi. Chunki buni aytsa, aslida mustaqillik uchun kimlar kurashgani yuzaga chiqib qoladi-da. Shuning uchun bu yashirildi. Biladiganlar ham bu zulmlardan keyin ichiga yutdi. Oshkor aytadigan minbar ham qolmadi. Imkon ham qolmadi. Hafsalalar pir bo'ldi. Mana shuning oqibatida 30 yoshlilar va hatto 40 yoshlilar ham deyish mumkin. Chunki mustaqillik arafasida tug'ilganlar, 10 yosh edi.

MS: Biz chiqib ketganda tug'ilgan edilar.

NM: Hali aqli yo'q edi. To'g'ri bilan egrini bilmas edi. O'shalar 30 yilni qo'shsa 40 yosh bo'ladi. Avlodning katta bir qatlami asl haqiqatlardan uzib tarbiyalandi. Biladiganlar bor, albatta. Shuning uchun, mening bir ijodkor sifatidayam dardim, bu haqiqatlarni qachondir, mayli og'irliklarini bo'yinga olgan holda xalqqa etkazish kerak. Xalq bilishi kerak. Bugun imkoniyat bor-ku, mana.

MS: Mana shu siz bilan qilayotgan suhbatimiz. O'zingiz ham aytayapsiz. Bu sizning g'oyangiz. Mana shu maqsadga qaratilgan. Ya'ni asil hpqiqatni yuzaga chiqarish uchun, bu erda ochiq, hech murosasiz gapirishimiz kerak. Birovlarning ko'ngliga tegish ehtimoli bor afsus. Ammo bizning maqsadimiz birovlarning ko'nglini ranjitish emas, haqiqatni aytish.
NM: Bor haqiqatni etkazish…

MS: Ha. Birovga yoqish ham bizning maqsadimizmas. Tabiiy, yomon gapirishni istamaymiz, lekin yomon gapirilmasin, deb haqiqatni gapirmay tura olmaymiz. Gapirishimiz kerak, chunki juda oz odam bu ishni qilayapti. Haqiqatan ham mana shu siz bilan qilinayotgan suhbat juda noyob. Bizning aytayotgan gaplarimiz noyob emas, mavzuimiz noyob. Chunki bu mavzuda gapirayotgan odam juda oz. Bugun, masalan, juda ko'plar, haligi jadidlarni oqlash uchun chopib yuribdi. Jadidlar bunday bo'lgan, degan nutqlar qilishayapti. Jadidlarga qilinayotgan zulm bugun ham davom etayapti, bizga qarshi zulm davom etayapti, nega buni hech kim gapirmaydi? Ya'ni ayni zulm, Stalin davrida qilingan zulm bugun ham ayni shaklda davom etayapti.

NM: Davom etayapti.

MS: Nega buni gapirishmaydi? Buni men ziyolilarga aytayapman. Hukumatga aytayotganim yo'q. Ziyolilarning o'sha, eng old safida, hurmat tarafida turib, o'zlarini go'yo adabiyotning jonkuyari qilib ko'rsatayotgan do'stlarimizga aytayapman. Nega siz bunaqa munofiqlik qilayapsiz? Cho'lponni gapirasiz, Fitratni gapirasiz, raxmat sizga. Ularni nashr qilayapsiz, ular ezilgan, deb hayqirayapsiz. Lekin ularga qilingan zulm bugun boshqalarga ham qilinayapti-ku. Nega bu haqda hech qanday gap aytmaysiz.

1986 yil noyabr oyida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining bir plenumi bo'lgan. Ya'ni Gorbachev hokimiyat tepasiga kelgandi. Perestroyka-qayta qurish boshlandi, ammo hali bizga etib kelgani yo'q edi. Moskvada boshlangan, bizga sekin keldi-da… Shu plenumda men chiqib, cho'lponlar, fitratlar haqida gapirdim. Ruscha gapirdim. Yozuvchilar uyushmasi a'zosiman. Moskvada maqolalarim chiqib turibdi. Ozgina mashhur bo'lganman u paytlarda. Shuning uchun menga so'z berishga majbur bo'lishdi, gapirdim.

Bugun Cho'lponning asarlarini chiqarish kerak, deb yurgan ayrim odamlar hay'atda o'tiribdi, dedim. Komil Yashin, Laziz Abdusamatov, Laziz Qayumov hammasi shu erda o'tiribdi. Bular chiqaradimi, dedim. Bular uning bosh dushmani-ku, dedim. Hammasi jim bo'lib, sovuq bo'lib qolishdi. Shuning uchun ochiq bo'laylik, mard bo'laylik, dedim. Ochiq aytish kerak, bu odamlarni uzoqlashtiringlar. Bu g'oyaga boshqa insonlar kelsa ular chiqaradi, dedim. Hozir chiqaramiz, degan gap o'zlarini ko'rsatish uchun aytilayapti, dedim.

Majlisdan chiqqandan keyin Ozod Sharofiddinov yonimga kelib, “Yaxshi gapirdingiz”, deb shipshidi. “Menga shivirlamang Ozod aka, dedim. Chiqib, o'sha erda gapiring, dedim. Ya'ni Ozod aka o'zi Cho'lpon tarafdori bo'lib yurdi, nashrga tayyorladi. Lekin, men undagi ijtimoiy munofiqlikni aytayapman. Insonlar go'yo tarafdor, lekin haqiqatni aytish uchun ozgina tavakkal qilishga tayyor emaslar.

NM: Ozgina jur'at kerak.

MS: Bo'lmasa Ozod aka ancha progressiv odam edi. Keyin tamoman Karimov tarafga o'tib ketdi. Bu boshqa masala. Lekin o'sha paytda, 70-yillarda ilg'or odamlar qatorida sanalar edi.

NM: Bir necha marta she'rlaringizni o'qidingiz. Buni yanayam o'qing deyman. Chunki haqiqatan ham bu keyingi davr targ'iboti oqibatida sizni nafaqat siyosiy arbob sifatida, balki shoir sifatida ham xalq unutishi uchun barcha choralar ko'rildi. Dastlab, yodingizda bo'lsa, biz endi u yoqda edik. Sizlar chiqib ketganlaringdan keyin, orada biror yillardan keyinmikan, darsliklardan yirtib olindi. Sizning she'rlaringiz bor sahifalar, Gulchehra opani she'rlari bor sahifalar yiritib olindi. Mana shu narsa ramziy ma'noda go'yo bizning xalqimiz xotirasidan yirtib olindi. Bu 27 yillik tashviqot-targ'ibot xotirani yuvish bilan shug'ullandi. Buning natijasida, hozirgi aytganimiz 40 yosh avlod deyarli bilmay o'sdi. Bilsa ham haligiday salbiy tomondan biladi. Terrorist deb biladi. Insoflisi sal fikrini aytmay turadi, lekin juda ko'pchilik adashayaptiyam. Shuning uchun suhbatimizda maqsad ham shunga oydinlik kiritish. Hammayam sizday fikrlashi shart emas, hammayam sizni yoqlashiyam shart emas.

MS: Mumkin ham emas bu.

NM: Bu boshqa masala. Boshqacha fikrda bo'lish. Lekin bir insonga nisbatan haqsiz bo'laroq agressiv bo'lish bu endi adolatsizlik. Solih aka, o'sha davr ruhini beradigan, bu ruhni hozirgi avlodga etkazadigan yana bir nechta she'rlardan o'qisangiz yaxshi bo'lardi.

MS: O'zbekning dunyoga qarashi

Qo'limda piyola. Chordona qurib,
Kutaman. Mudraydi horg'in ko'zlarim.
Yalqov qahr bilan pashshani qo'rib,
Kutaman. Kelmadi hali do'stlarim.

Hali dushmanlarim to'plangani yo'q,
Yurishar uzilgan simlarni ulab.
Har holda, ulardan mening ko'nglim to'q –
Payt kelsa, bir-birin topajak ular.

Payt kelsa, bilmayman, nega yarayman?
Qo'limda piyola. Chordona qurib,
Loqaydlik pardasi aro qarayman:

Hali o'nglamadi o'zini zo'rlik,
Qanotin yozmabdi hali haqorat,
Hali qiyomiga etmabdi xo'rlik!…

SIZGA YaRAShAR

Gul haqda kuylashni sizga chiqargan,
Bahor iste'dodi sizda namoyon,
Sizga yarashadi, boqib yuqoriga,
Desangiz, meniki erur shu osmon!

Yarashar, meniki, desangiz erni,
Chunki aldamaysiz shunday deganda,
Shu er – meniki, deb yozarkan she'rni,
Shubhaga bormaysiz hech qachon menday.

Bu Vatan – meniki, desangiz biror
Odam turib demas sizga: «Bu – yolg'on!»
Chunki haqiqatni aytasiz takror,
Aytib, men singari yig'lamaysiz qon.

OTIMNI BOShQA QO'YaMAN

Otimni mutlaqo boshqa qo'yaman,
Butkul o'zgartaman o'z sharifimni,
Mish-mish handog'iga borib, quyaman
Elning menga bergan bu ta'rifini.
Etar. Men o'ttiz yil yashadim aldab,
O'ttiz ming quloqni gulday so'ldirdim –
Muhammad Solihni o'ttiz yoshida
Mana, qurbonlikka keltirdim.
Uning nomidan men so'rayman uzr
Sizga yolg'ondan do'st bo'lgani uchun,
Nihoyat, o'zidan umidin uzib,
Hech kimga aytmasdan o'lgani uchun.
Xunini to'layman, zarra achinmay,
Mo'minligi uchun u egan nonning,
Qaytarib beraman, o'ttiz yil tinmay
Jilmaygani uchun olgan unvonni —
Ishoning, men agar shunday qilmasam,
Darrov o'zgartaman yangi otim ham!

DEHQON QO'LLARI

Bir qo'lim ko'ksimda turar muntazam,
Bir qo'lim raisga salomlar berar,
Ishga shung'ib ketar qolgan o'ntasi –
Qolgan o'nta qo'lim paxtani terar.
Qo'ldan iboratdir mening vujudim,
Ko'zim-qo'l, yuzim-qo'l, oyog'im ham-qo'l,
Neki turtib chiqqan bo'lsa ichimdan
Bari qo'l, hattoki qulog'im ham – qo'l!
Tushda ayon bo'ldi ulug' bir maqsad,
Olg'a ketayapman, boqmay orqamga:
Xo'jalik eriga paxtani eksam,
Men qo'l ekajakman o'z tomorqamga!

KEChIKKANLAR

Men hayotdan ortda qoldim – kechikdim men poezdga,
Bekatda bir zum toldim, tilim aylanmay so'zga.
Ufqqa bir baliq misol sho'ng'idi so'nggi vagon,
Qo'limda qoldi patta, qoldi-ku katta tugun.
Yolg'iz emas ekanman-ku , paydo bo'ldi bir odam,
U ham menday kechikibdi – quvvatlandi irodam.
Daqiqa o'tar-o'tmas hansiragan, ichikkan
Ming kishi etib keldi – hammasi ham kechikkan.
Birpasda million bo'ldi odam soni bekatda,
Har kimda million tugun, million keraksiz patta.
Xalq turibdi, deyarli xalq… hech kim anglamas lekin –
Gar kechikkan bo'lsa hamma, kim poezdda ketdi, kim?

1985

Buni nima desam ekan? O'zimning kadarimni, taqdirimni oldindan yozib qo'ygandek bo'layapti. Men bashoratchi emasman, ammo bu 1983 yilda yozilgan. “Dengiz bo'yida” degan.

DENGIZ BO'YIDA

Havo yomon. Dam oluvchilar
Kirib ketar xonalariga.
Yuz o'girib dengizdan ular
Parda tortar oynalariga.
Havo yomon. Bemajol daydir
Kuya tushgan bulutlar ko'kda.
Sohilda-chi turar qandaydir
Vatanidan ayrilgan odam.
Men bilaman uning kimligin –
Yakkamoxov, badavlat, notinch –
Men bilaman, uning jimligi
Chidab bo'lmas sog'inchdir, sog'inch.
O'sha odam havoni buzgan,
Yomg'irni ham chaqirgan o'sha,
O'sha sabab ko'rimsiz bizga
Bu shifobaxsh, jannatiy go'sha!
Axir, nima haqqi bor uning?
Bu sizniki, sizning eringiz –
Boring, uni hibsga oling!..
Yo Vatanin topib beringiz…

(Davomi bor)

Manba: eltuz.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube