O’zbekiston Xalq Harakati

Ramazon kundaligi

Ramazon kundaligi
03 Mayıs 2020 - 13:23 'da yuklandi va 606 marta o'qildi.

Akrom MALIK

RAMAZON KUNDALIGI

INSON VA IYMON
(Birinchi kun)

Har yili Ramazon ostonasida qalbda umid uyg'onadi. Bu poklanish umididir. Qurum bosgan qalbni yarqiratmoq istagida mohi Ramazonning yo'lida ko'zlar nigoron.

Odam ruhan bu oyda koinotga nur inganini tuyadi, idrokning anglanmas burchlarida bu nur miltillaydi. Bedorlikka xohish, ochlikka kuchayadi.

Robbisi qoshida taslimiyat keltirgan har bir qul anglab-anglamay Egasiga yaqinroq bo'lishni, Unga qurbat hosil etishni istaydi. Iymonning qalbda mavj urishi yoxud mash'al kabi yana ham yorqinroq porlashiga bir misol bu.

Bunday qalbda hamisha ibodatga tashnalik, balki, Robbisiga talpinish, Unga bo'yin egish, kamida Uning himoyasi, afvi, sevgisiga umidvorlik namoyon. Ammo na sajda, na Ramazon shukuhini his etmaydigan, bu narsalarda g'ashlik tuyadigan, ensasi qotadigan nokaslarning qalbi shayton changalida qolaveradi.

Ularga chora ko'rish, davo topmoq na payg'ambar, na sahobiyning ixtiyorida. Zotan, hidoyat – Allohdan.

Shubhasiz, Odamzodga daxldorlik iymon bilan, shaytonga maslakdoshlik – kufr bilan.

Iymon – Allohning bandalariga uzatgan qo'li, Arshdan Erga tushirgan arqoni, zulmatni yoritgan nuri.

Iymonning – to'g'riligi, shubha va gumondan, shirk va og'ishdan yiroq bo'lishi Allohga taslimiyatning asos sharti. Robbisining jaloliyati, azamati, marhamati va muhabbatini his etmoq to'g'ri iymon ila erishiladigan darajalardir.

Robbimiz!

Iymonimizni to'g'ri qil, bizni shubha va shirkdan omon saqla! Huzuringga iymon ila borishmizni nasib et!

2020 yil, 24 aprel

* * * 

IYMON VA ISLOM
(Ikkinchi kun)

Bir inson ikkinchisiga do'stlik izhor qildi. Har kuni uni ko'rsa, muhabbatini bayon etar, do'stining husni, tabiati va amallarini maqtardi:

“Seni Alloh juda ham husndor yaratibdi! Chehrang chiroyidan ko'ngillar yayraydi. Xulqing go'zal. Husningga na qadar mos xulq! Suhbatingdan jonlar eriydi. Seni bir ko'rmasam, sog'inch iztirobida qolaman. Ko'p insonlarni ko'rdim, ammo sen kabi nodiri yo'qdir. Bir umr izlaganim do'st sen ekansan. Senga jonim fido bo'lsin! Yo'lingda qurboning bo'lay! Duolarim sendan boshlanib senda tugaydi!”

Do'sti uni qaytarardi: “Unday dema. Juda katta gaplarni so'zlayapsan. Bu so'zlaring sababli qalbimga kirib kelyapsan. Oramizni o'rtacha tutaylik. Shunisi ma'qul!”

Ammo birinchisi izhori dildan to'xtamasdi, har kuni kelar, birga taomlanar, xizmatini qilar, hech ayrilgisi kelmasdi.

Bir kuni Alloh sinov yubordi. Do'sti ta'qibga uchradi. Zolimlar uni tutib, azobladilar. Unga izhori dil qilib yurgan inson esa g'oyib bo'ldi. Bu esa uni kutdi. “Sen do'stman der eding, mastona so'zlar aytganding, qachon yonimga kelasan? Yordaming kerak emas, diydoringni ko'rsatsang, bas!” – der edi. Ammo unisi kelmadi. Bu esa nihoyat zolim qo'lidan qutulgach, uni topdi.

Do'stman deb ishontirgan kimsa tashvishsiz hayot kechirar edi. Bu chiday olmadi va uni topgan joyidayoq jazoladi – o'ldirdi.

Rivoyat tugadi.

Qissaning ma'nosi shuki, musulmonlarning Allohga iymoni xuddi Robbisi qoshidagi izhori dili yoxud ichgan qasami kabidir.

Dindorman, mo'minman, muslimman, islomdaman der ekan, ko'pchilikning ishi chiroyli ifoda va soxta ko'pirishdan nariga o'tmaydi. Iymonining kamolatiyu islomining barokatidan so'ylayotgan mardumlarning aksari o'zi do'stlik, oshiqlik da'vo etib, so'ng uni amalda isbotlash fursati etganda g'oyib bo'lgan kishi bilan bir xildir.

Atrofda qulog'ing “taqvo ahli”ning dag'dag'asidan batang: qandaydir ehsonlar bildirgisi, haqligini pesh qilish, ilmining ko'pligini ovoza etish, kamtarlik niqobida kibrni taqdim etish, g'iybat va yolg'ondan iborat adoqsiz vaysashlar, qorin tashvishini savobga evirib ko'rsatishlar, hashamat ichida faqirlikdan nasihat so'qish, yasama faqirlik bilan boylik tilanish, dinga xizmat bahonasida nafsga sajda etish… Holbuki, bu ishlarning har bir foili din toliblari, taqvo da'vogarlaridir.

Robbisi qoshida taslim inson uning azamati oldida er ostiga kirib ketmasmikin?

Mo'minning salobati sukutida, nasihati amalida bo'lmaydimi? O'zgalarni malomat etishdan avval, boshqalarga nasihat qilmoqdan burun o'z nafsiga malomatu nasihat qilmoq joiz emasmi? Modomiki, shunday qilayotgan esak, g'ofillarcha yashashimiz, bir-birimizga o'laksa itga tashlangandek tashlanishimiz nechun?

Do'stini og'ir ahvolda qoldirgan bevafo o'ldirilganidek islomsiz qoldirganimiz iymon biz uchun qanday jazolar keltirarkan?

Allohim, bizni afv et, iymon ila bizni inson et, iymonimizni islomimiz ila go'zal ayla!

2020 yil, 25 aprel

* * * 

ShOYaD, TAQVODOR BO'LSANGIZ
(Uchinchi kun)

So'zlash o'ta og'ir mavzulardan biri taqvo mavzusidir. Taqvoning ta'rifi bor, ammo tahsili yo'q. Aytishlaricha, qadimda xalq zolimlar, noinsoflar qo'lida himoyasiz qolib azob chekarkan, xayolida o'z najotkorini yaratarkan. U najotkor har tomonlama to'kis bo'lib, juda adolatli, mazlumparvar, benihoya aqlli bo'lib, qonxo'ru vahshiylarning dodini berishini kutishgan. Shu tariqa har xil ertaklar, dostonlar to'qilgan, ijro etilgan. Odamlar to'y va ma'rakalarda bu narsalarni eshitishgan, ijrochi baxshiga tasanno deyishgan, lekin hamma ham afsonadagi najotkor pahlavonni tarbiyalayman deb niyat qilmagan.

Chunki ertak boshqa edi, hayot boshqa. Dostonlardagi qahramon jaholat bijg'igan, yolg'on urchigan, gunohlar avj olgan turmush ichida paydo bo'lgan taqdirda ham biror narsani o'zgartirishi dargumon edi.

Alloh taolo xar bir surada bir necha marta “Shoyad, taqvo qilsangiz!”, “Shoyad, Allohdan qo'rqsangiz!”, “Allohdan qo'rqinglar!” deydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'z hayotlari bilan Allohdan qo'rqib yashamoq ibratini ko'rsatdilar.

Barcha musulmonlar taqvo mo'minning najotkori ekanligini bildi. Taqvo ila hayot kechirish mukofotining sanoqsiz isbotini tarix taqdim etdi.

Biz esa taqvoni yo'qotdik, taqvoning mohiyatini boy berdik yoki unutdik. Taqvo, agar inson qiyofasida bo'lganda, albatta, u xalqning ertak va dostonlaridagi xayoliy qahramon timsoliga aylanardi. Nomi bor, dovrug'i bor, u haqda xabar beruvchilar bisyor, ammo o'zi yo'q. U haqda so'zlashni sevishadi, uni mukammal tanishtirib olqish olishadi, holbuki, hech kim uni ko'rmaydi yoki u bilan yuzma-yuz kelishni istamaydi.

Taqvoning suvratini urfga kiritishadi: soqol qo'yishadi, hijob uchun kurashadilar, takbiru tasbihni jahriy aytadilar, misvok ishlatishadi, mushk surishadi, qandaydir mav'izalarni tinglashadi, olimlarni yaxshi-yomonga, mo'min-fosiqqa ajratishadi,

hatto, dushanba, payshanbada, muharram, shavvolu sha'bonda ro'zador bo'lishadi, shimlarini to'piqdan kiyishadi, ehsonlarining minnatini da'vat deyishadi, jamoat ichida duo yoki sajda “piq-piq” yig'lashadi, pinhon ibodatlarini “bexosdan” aytib yuborishadi, hali qilmagan, qilishi aniq bo'lmagan qandaydir “xayr ishlari” uchun duo talab bo'lishadi, o'z “men”larini ko'z-ko'z qilib, xokisorgina turishadi – barcha farz va sunnatni riyosiz bajarishyaptiya, “to'satdan” xalq bilib qolyapti, maqtayapti, u esa “juda xijolat tortyapti”. Ayni shu hol bugun bizning “taqvomiz” qiyofasidir.

Mazhab ustida beodoblarcha janjallashib, o'zaro munofiqlik ayblovlarini qo'yib, kimnidir bemazhab, boshqani tariqatchi, mutaassib deb haqoratlab, bu narsalarni ham anglab-anglamay taqvoning tarkibiy qismiga aylantirib oldik, afsus. Ko'krak kerib og'zidan ko'pik sachratarkanmiz, boshimizda qamchi o'ynab qolsa, ahvolimiz qanday bo'lishini hech o'ylab ko'rdikmi? Namoz o'qiganing uchun, bir mo'min bilan iymon va islomdan so'zlashganing uchun ayovsiz qiynoqqa solinsang, o'zingni qanday tutasan? Sen aytganingdek, ummat xorlikda bo'lsa, shu xorlik sababchisi o'zing emasliging aniqmi?

Allohning adolati mukammal va nuqsondan xolidir. Har kim o'ziga munosib joyda va holatdadir.

Taqvodan so'zlab, uni hayotingga tatbiq etmayapsanmi, qanday izzatni kutyapsan?..

Taqvo – Allohning bandam demay qo'yishidan qo'rqishdir. Taqvo – Allohning yuz o'girishidan qo'rqishdir. Taqvo – Allohning rahmatidan benasib qolishdan qo'rqishdir.

Alloh yoqtirmagan ishlardan yiroq bo'lish, Allohga mahbub ishlarga g'ayrat ko'rsatish, Alloh va o'zing o'rtangdagi munosabatni berkitish taqvoning ayni mohiyatidir.

Allohim, bizni afv et va O'zing bizni taqvodorlardan qil!..

2020 yil, 26 aprel

* * * 

BILGANLAR BILAN BILMAGANLAR TENG BO'LURMI?
(To'rtinchi kun)

Bir faqirning o'g'li o'z yurtida obro' va izzat egasi bo'lishni istardi. Uning nazarida odamlar ichida barcha hurmatlaydigan zot duru gavhar va javohirlar ustasi bo'lib tuyuldi. Otasidan ruxsat olib ustaning huzuriga bordi: “Meni shogirdlikka oling!” – dedi. Usta qimmatbaho toshlar ichida yoqut va la'llar, duru javohirlardan taralayotgan yog'dularga cho'milib, oppoq soqolli chehrasi quyoshday porlardi.

U yigitning ko'zlariga qarab: “Erta tongda kel!” – dedi.

Aytilgan vaqtda kelgan qahramonimiz o'ziga tengdosh yana uch o'spirin ustaning qoshida turganini ko'rdi. Ular shogirdlik talabida edilar.

“Badaxshon tog'iga boringlar. U erda mening xos shogirdim sizlarni kutib oladi. U sizlarni konga yo'llaydi. Ko'rsatgan joyiga borasizlar, aytganini qilasizlar va menga, – usta shunday deb qo'lidagi barg kabi yashil, qon kabi qizil, osmon kabi zangori toshni ko'rsatdi, – yong'oq kattaligidagi shu uch xil toshdan o'n donadan keltirasizlar. Keyin sizlarni shogirdlikka olish yoki olmasligimni aytaman. Unutmang: to'rtovingiz birga borib, birga qayting”.

Yigitlar yo'lga otlandi. Ularning biri savdogar boyning, yana biri askarning, yana biri amaldorning o'g'li bo'lib, ulov va eguliklari shunga yarasha edi. Bizning qahramon faqirning farzandi bo'lgani uchun ularning ortida piyoda borardi.

Badaxshon tog'ida ularni kutib olgan inson tog' yonbag'rida er tubiga kiradigan to'rtta g'orni ko'rsatdi: “Darhol qo'lingizga cho'kichlarni olinglar, har biringizga soat beraman, yigirma to'rt soatdan keyin chiqinglar, kavlab topganingizni tekshiraman. Darhol ishga kirishinglar!”

Faqirning o'g'li g'orga kirdi. G'or chuqur, qorong'u, toshi ko'p edi. U qo'lidagi fonusni yoniga qo'ydi. Har bir toshni tekshirarkan, izlaganini topish qanchalik mashaqqatligini tushundi. Sabr, qunt va zehn kerakligini his etdi. Ortga yo'l yo'q edi, Allohdan yordam so'rab ish boshladi.

Bir kecha va bir kunduzni zulmatda, fonusning xira yorug'ida har bir toshga termilish bilan o'tkazdi. Ammo na qizil, na yashil, na zangori tosh topmadi.

Belgilangan fursatda tashqari chiqqanida savdogar va amaldorning o'g'li xos shogirdning qoshida turishar, askarning o'g'li esa endi chiqqan edi.

“Gapning qisqasi, bu mening ishim emas, uyimga qaytaman. Ota kasbimni tutaman”, – savdogarzoda.

“Siz menga usta aytgan toshlarni topib bering, istagan narxingizga sotib olaman”, – amaldorning farzandi.

“Biz hali toshlarni topmadik”, – dedi faqirning va askarning o'g'li.

Xos shogird ularni ikkinchi daf'a uch kunga g'orga yo'lladi. Bu safar askarzoda g'orga kirmasligini, toqati etmasligini aytdi. Faqirning farzandi esa uchinchi marta g'orga kirdi va etti kundan so'ng javohir toshlar ila qaytib chiqdi. To'rt talabgor ichida u kelajakda katta usta bo'lib etishdi.

Ilmning yo'li shunday. Bu yo'lni havas etguvchilar ko'p.

Bir toifa bu yo'lda tijoratni maqsad qiladi. Ilm tojirining oqibati ma'lum.

Ikkinchi toifa ilm olmasa ham, ilmli degan nom uchun kurashadi. Har qanday davra va jamoatda olim o'laroq zikr etilishini istaydi. Ammo uning asl bahosi butun el ichra aniqdir.

Uchinchi toifa ilmdan qisman ulush oladi, umrbod tolib maqomida qoladi. U o'rtamiyona baholanadi, na da'vo qiladi, na da'vodan voz kechadi.

To'rtinchi toifa rosmana olimlar bo'lib, ilm yo'lida tosh kelsa kemiradi, suv kelsa simiradi, to o'limiga qadar ilm olish, ilm tarqatish, ilmga amal qilishdan to'xtamaydi. Uning qalbida ilm va ilmga muhabbat olovdek yonib turadi.

Ilm olishning bir qancha shartlari bor. Xususan, avvalo, niyatning pok va to'g'ri bo'lmog'i shart. Ilm olishdan murod Allohning rizoligini topish bo'lsin. Allohdan duo qilib, to'g'ri yo'l va xayr so'ramoq darkor. Bu niyat buzilsa, Allohning yordami va barakasi kesiladi.

Ikkinchidan, ilmga ehtirom va ixlos ko'rsatmoq shart. Ilm yo'lida har ishni yuksak e'tibor va muhabbat ila ado etmoq, ilm muqobalasida oromdan, ko'ngilxushliklardan voz kechiladi.

Uchinchidan, ishonchli ustozning, albatta, sabog'ini olish shart. Ustozning yordami, nazorati va qo'llovisiz olingan ilm mukammallikdan yiroq, jaholatga yaqindir.

To'rtinchidan, ilm olarkan, uning manfaatli ekanligi hisobga olinmog'i shart. Foyda keltirmaydigan ilm umrning, zehnning ofatidir.

Beshinchidan, ilm davomiylikni, takrorni taqozo etadi. Busiz ilm hosil bo'lmaydi.

Oltinchidan, ilm olish jarayonida keraksiz bahsdan, hukm chiqarishdan, olimlarni behurmat qilishdan, vaqtni zoe ketkazishdan yiroq bo'lmoq shart. Shu shartlarga amal etilsa, qisqa fursatda, Allohning izni ila barakali ilmni qo'lga kiritmoq mumkin. Aks holda, nafaqat to'rt yil, o'n yillik tahsil ham ilm tolibiga sariq chaqalik naf bermaydi. Tartibsiz, tizimsiz o'qish, bahslarda o'zini ko'rsatish, maqtov va olqish uchun ilm olish xorlikka etaklaydi.

Ilm oluvchi g'orga kirib ketgan uzlatnishin yoxud suv ostidagi baliqdek bo'lsin. Toki bu kondan dunyo va oxiratini yorituvchi javohirlarni topsin, toki behuda so'zlardan omon qolib, til ofatlaridan najot topsin.

Shu narsa haqiqatki, ilm baland va hashamdor binolar, shov-shuv va jimjimador farmonlar ichiga yashirilmaganidek, faqirlik yoki mashaqqatlar ila to'sib qo'yilmagan, balki chin samimiyat, chuqur ixlos, go'zal axloq, metin qat'iyat, toza zehn va Allohning marhamati, adolatiga jo bo'lgan. Aks holda, tomi suvoqli uylarda tug'ilgan, loy kechib ulg'aygan bolalar ulkan olim bo'la olmasdi.

Ilm egalarini ulug'lagan xalq yuksalgani kabi ilm egalarini izzat etmagan yurt qullikka, dahshatli zulmatga va bitmas-tuganmas muammolarga, qashshoqlikka mubtalo bo'ladi.

Allohim, bizga manfaatli ilm ber! Chala ilm olib, johillarning ham johili bo'lib qolishdan O'zing saqla!

2020 yil, 27 aprel

* * * 

ENG ShARAFLI ISh
(Beshinchi kun)

Qorin va shu kabi a'zolarning, umuman, tanasining istaklaridan g'olib insonlar umrlari davomida biror sharafli ish qilishni xohlaydilar. Zotan, odamzodni sharafli ishlar, buyuk amaliyotlash sharaflantiradi, buyuklashtiradi.

Kimdir bu yuksaklikni boylikdan, saltanatdan, hukmronlikdan yoxud san'atu adabiyotdan izlagani singari bir toifa kishilar chinakam sharafni Ilohiy amrlar adosida ekanligini aniq va ravshan biladilar. Shubhasiz, har bir inson uchun iymon va islomda bo'lmoq qanchalar ulug' daraja bo'lsa, har bir mo'min, musulmon uchun dinga – iymonu islomga xizmat qilmoq shunchalar oliy maqom mavqe hisoblanadi.

Shunchalar oliy maqomki, unga hamma ham erisha olmaydi, nainki erisha olmaydi, munosib bo'lmoq ham mashaqqatdir. Dinga, diyonatga xizmat qilish – dunyo hayotida, Er yuzida inson bolasini mangu sharaflantira oladigan yagona yo'l, yagona maslak. Allohning diniga xizmat etish odamni tiriklik va o'lim sarhadlaridan muzaffariyatga etaklaydi. Sharaflarning hammasi, ulug'lik va izzatning bulog'i, muhabbat va halovatning tuganmas xazinasi, donishmandlik va ilmning, hikmat va haqiqatning, bani bashar ma'naviyatidagi barcha yutuq va topilmalarning yakkayu yagona manbai Allohning dinidir.

Dinga xizmatga qilishning darajalari, turlari va ko'rinishlari bir necha qism va bosqichlardan iborat.

Dinga xizmat qiluvchilarning eng yaxshilari – Iymon va islom ilmlarini o'rganib, boshqalarni shunga da'vat etuvchi insonlardir. Bu dinga xizmat qilishning eng oliy darajasidir. Din ilmini o'rganish, unga amal qilish, qalbidagi dunyo orzularini mahv qilib, din ma'rifatini ruhoniyatiga butkul singdirgan, butun vujudi va turmushini, har bir kun, soat va daqiqalarini dinga aylantirgan olimlar – faqihlar, mufassirlar, muhaddislar, Qur'on hofizlari, imomlar va ular kabi shaxslar odamlarning eng sharaflilaridir. Ularning maqomi qanchalar yuqori bo'lsa, elkalaridagi yuk, qiladigan ishlari, bajaradigan vazifalari shunchalar og'irdir. Ular Allohning rahmatiga, jannatiga va azizlikka qanchalar yaqin bo'lsalar, Allohning la'natiga, jahannam azobiga va xorlikka ham shunchalar yaqindirlar.

Ular Allohning dini yo'lida hayot va jonlarini tikib xizmat etarkanlar, shayton va shaytonning lashkarlari, malaylari butun quvvati ila ularga qarshi kurashadilar. Shuning uchun ular jannat va jahannam, rahmat va la'nat orasidadirlar. Toqati etmagan kimsalar ular ko'targanni ko'tara olmaydi, ular ko'rganni ko'rishga qodir bo'lmaydi.

Shuning uchun ham, bunday zabardast insonlarga uchrashmoq, ular ila bir zamon va makonda nafas olmoq behad dushvordir.

Dinga xizmat qilishning har kim uddalaydigan bir shakli bor. U eng to'g'ri, eng xavfsiz bir shakldir.

Bu yo'lni tanlagan inson men dinga xizmat qilyapman deb ko'ksiga urmaydi. Fiy sabilillah jihod qilaman deb fitna changalida o'zini qurbon etmaydi. Zamondan nolib, insondan ayb axtarmaydi. Ammo u eng sharafli ishni amalga oshira oladi. Bu – Allohning dinini shaxsiy hayotiga butkul joriy qilmoq, soddaroq aytsak, Allohning qadari qoshida haddini bilib, din ahkomlariga itoat etmoqdir.

Bunday mo'minning qo'li va tili birovni ozorlamaydi; ota-onasi undan norizo bo'lmaydi; ayoli nafratlanmaydi; farzandlari undan bezimaydi; qo'shnilar yomonlik ko'rmaydi; aka-ukalari, qavmu qarindoshi uning g'amxo'rligidan hech qachon chetda qolmaydi; ibodatlari qazo bo'lmaydi;

gunohga qadam qo'ymaydi; haqqini birovga oldirmaydi; sha'nini erga urdirmaydi; mo'min birodari och qolsa, to'q bo'lmaydi, kasal bo'lsa, sog' yurolmaydi; g'iybatu ig'vodan, yolg'onu tuhmatdan hazar qiladi; ro'za tutadi – o'zgalar sezmaydi; o'ng qo'li ehson kiladi, chap qo'li bexabar qoladi; haqiqatni bukmay gapiradi; pastkashning qoshida boshini egmaydi; orsizni gapirtirib qo'ymaydi; tahajjudi Alloh va uning o'rtasida bir sir bo'ladi; Qur'on tilovati – Alloh bilan suhbatiga aylanadi; joni va molidan tashvish chekmaydi; dunyo g'amida yugurmaydi – bu ishlarning hammasini dini Islom uchun, Allohning rizosi uchun bajaradi.

Bir mo'minning, bir musulmonning bugun dinga qilajak buyuk xizmati shudir. O'z hunaru kasbining mohiri bo'lmoq dinga xizmatning bir turidir.

Oilasidan bir din ulamosini tarbiya qilib bergan inson esa asrga tatigulik, zamonlarga etgulik ishni qilibdi, shubhasiz.

Allohim, bizni Iymon va Islom xizmatkori et! Sharafli bu yo'lning sharafsiz yo'lchilarimiz – gunohlarimizni kechir, hidoyatingda sobit ayla!

2020 yil, 28 aprel

* * * 

JISMIMIZ SULTONI
(Oltinchi kun)

Quyoshning baland va yuksakda porlashi ko'klamu yozdan xabar berganidek uning quyi enishi kuz va qishdan darakdir. Podshohning o'z saroyidan chiqmay adolat ko'rsatishi saltanatning eng chekasiyu pana-pastqam kulbalarida ham adolat qaror topishini shubhasiz ta'minlaganidek jismdagi bir parcha go'shtning salomatligi butun vujud sihhatini kafolatlaydi. Bu bir parcha go'shtni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ogoh bo'ling, u qalbdir!” – degan edilar.

Ko'plab orif zotlar qalbni inson jismining sultoni ekanligini ta'kidlaganlar. Qalb ham ruh kabi Allohning sirlaridan bir sir bo'lib, u haqda chuqur ketish mumkin emas.

Ammo qalbimiz holatini idrok etish, qalbimizni tanish har birimiz uchun eng dolzarb vazifa. Qalb arabiy so'z, ma'nosi “aylanib, o'zgarib turuvchi”dir. O'zbek tilida qalbni ko'ngil deb ataymiz. Ko'ngilning makoni ko'ksimizning chap tomonidagi yurakda joylashgan. Ko'ngil murakkab xilqat, anglab bo'lmas jumboqdir. Mumtoz adabiyotimizda, xususan, Alisher Navoiy rahimahullohning asarlarida ko'ngilni idishga – ko'zaga, jom, qadahga qiyoslanadi. Uning ichi turfa tuyg'ular ila to'lib toshgan.

Ko'ngil o'z holatini insonga sezdirmay o'zgartiradi. Zerikish, quvonish, qayg'urish, sevish, nafratlanish, qo'rqish, kibrlanish, faxrlanish, ajablanish, hayratlanish, jo'shish, muzlash, hapqirish kabi o'nlab, yuzlab holatlar borki, bularning hammasi insonning xatti-harakatlarini boshqaradi.

Achchiq gap eshitsak, haqoratlansak, tahqirlansak, qochganimiz haqiqatga yuzlashsak, yaqinimizdan ayrilsak, kimnidir ko'rishni istasak, kimnidir ko'rishni istamasak – kimdir bizni changalida siqayotgandek tuyuladi. Bu ko'ngilning bir holati, xolos.

Goho boshqalarning yutug'idan g'ashlanamiz, g'azabimiz keladi, hasadimiz qo'zg'aydi, rohatlarimiz manbaini izlaymiz. Ko'ngilning bu qadar beqarorligi insonni toliqtiradi. Xilma-xil hissiyotlarni bosish yoxud jo'shishni istayotgan, ammo uyg'ona olmayotgan tuyg'ularni to'lqinlantirish uchun har xil ishlar qilamiz. Bu ishlarimiz jismimiz uchun xavf tug'dirsa-da, undan qaytmaymiz.

Aslida, bu jilovlanmagan ko'ngilning qaynashidir.

Inson o'z ko'nglida mavjud o'zgarishlarning, aylanishlarning sanoq va chegaralarini bilishi juda foydalidir. Bu nafs va ko'ngil orasidagi farqni ajratish ilmidir.

Ko'ngil faqat o'z Robbisini Uni ism va sifatlari bilan mukammal taniganda taskin topadi. Bu iymondir.

Qur'onda Alloh taolo “Yaa ulul albaab!” deb xitob etadi. Biz buni “Ey aql egalari!” – deb ifodaladik. “Albaab”ning birligi bo'lmish “lub” ko'ngilning ichidagi bir narsadir. U miyani makon qilgan, asosiy ishi fikrdan iborat aql emas. Robbisiga bo'lgan ehtiyojni, Robbisiga bog'lanishni, Robbisi qoshida taslim bo'lishni, Robbisini sevib, Uning sevgisi ila sharaflanishni, taskin topishni istaydigan narsa aynan “Lub”dir.

Uni kashf etish, uni Robbisiga bog'lanishi uchun mo'min inson nafsini sindirishi, ongini bu yo'lda safarbar etishi lozim.

Shu oxirgi chiziq. Shu erda to'xtaymiz. Bundan ortig'i chalkashlikka etaklaydi.

Alloh amr etgan ish – ibodat-la mashg'ul bo'larkanmiz, ko'nglimizni butkul Unga qaratamiz. Bu masalada ilm olish sharti yuzaga keladi.

Agar ko'ngil ichidagi kibr, hasad, maqtanish, g'azab, qahr, faxr tuyg'ulari qo'zg'alar ekan, Allohning zikri va so'zi ila ularni engishni o'rganmoq kerak. Bu ulkan bir malaka hisoblanadi.

Allohim, qalbimizni diningda sobit, toatingda tasarruf et! Ko'nglimizni har qanday gunohkor xayolu vasvasadan, shirk ofatidan omon saqla!

2020 yil, 29 aprel

* * * 

UNING HURRIYaTI XORLIKKA ETAKLAYDI
(Ettinchi kun)

Erk, ozodlik, hurriyat, istiqlol inson bolasi uchun ne qadar baxtu saodat darvozasi bo'lsa, xorlik uchun ham shu qadar bir eshikdir. Gohida iloh darajasida ulug'lanadigan hurlikdan ko'ra doimo qoralanadigan qullik xayrning bir ko'rinishidir. Zotan, hurriyat nomunosiblar uchun baxtiqarolik zulmati bo'lsa, munosiblar uchun qullik quvonchu sevinchning nurafshon manzilidir. Alloh taolo o'z hikmati va adolati ila erkni ham, tutqunlikni ham o'zining asl egalariga buyuradi. Erkning bir ildizi – shijoat, tutqunlik zanjirining bir halqasi – tanballikdir.

Biz bugun hurriyati xorlikka etaklaydigan bir yaratiqni muhokama qilamiz. Bu – nafsdir.

Ko'ngil va nafs orasida nafis chegara, nozik bir farq bor. Nafs istaklari g'olib bo'la boshlanganda, ko'ngil barcha xislatlaridan ayrilib, o'ladi.

Istaklarning mohiyati nafsni tanishtiradi. Nafsning istagi mohiyatida xudolik da'vosi bor. Ko'ngilning istagi zamirida Haqqa taslimiyat namoyon.

Nafs tabiatan haqiqatlarga va Allohning amriga isyon qiladi.

Ko'ngil Allohning zikriga talpinadi, nafs bu zikrni to'sishga intiladi.

Shuning uchun o'tmishda salafi solihlar, orif zotlar o'z nafslarining kufridan shikoyat etishgan.

Nafsni itga qiyoslab, uni jilovlash, bo'ysundirish, uning istaklarini sindirish borasida turli muolajalar ishlab chiqilgan. Xususan, og'ir mehnat, ro'za va shu kabi choralar bilan nafsni tarbiyalash usullari mavjud.

Nafsning istaklari shartli ravishda jismoniy va ma'naviy turlarga bo'linadi.

Mazali va ko'p taom eyishga tiyiqsiz intilish, serhasham va qulay hayot hirsi, jinsiy shahvatning jilovsizligi, cheksiz va bezavol boylikka egalik qilish vasvasasi nafs istaklarining jismoniy turidir.
O'zini ulug'lash, boshqalarni itoat ettirish, maqtov va olqishga intilish, doimo e'tirozsiz qabul qilishlariga, xatolardan xoli bo'lishga, insonlarning mehr va muhabbatiga o'chlik, hurmat va izzat talabi, had-hududsiz hokimiyat hohishi nafsning ma'naviy istaklari turiga oiddir.

Bu narsalarning hammasi nafsning yomonligi degan sodda ta'rif ostida jam bo'ladi. Nafs masalasida mo'min inson bir necha bosqich ko'nikmalarga erishishi mumkin:

Birinchidan, nafsning yomonligini bilish yoki nafsni tanish, nafs bilan tanishish bosqichidir. Bunda inson nafsning yomonligiga mutlaqo iqror bo'ladi va bu yomonlikdan xalos istagi uyg'onadi.

Ikkinchidan, nafs bilan kurash boshlanadi. Bu muttasil jarayon bo'lib, umr bo'yi davom etadi. Goh taqvo kuchi, goh nafs hiylasi ustun kelishi bu jarayonga xosdir.

Uchinchidan, nafsdan butunlay g'olib bo'lishga erishiladi. G'oliblikni qiyomat kuni Alloh taolo belgilaydi: “Ey xotirjam nafs! Rozi bo'lgan va rozi bo'lingan holda Robbingga qaytgin! Bas, bandalarimga qo'shilgin va jannatimga kirgin!” (Fajr, 27-30)

Banda Allohning yordamisiz hech qachon nafsdan g'olib bo'la olmaydi. Doimiy ravishda Allohdan yordam so'rash, farz va sunnatlarni ixlos ila ado etish nafs bilan kurashning bosh shartidir.

Allohim, bizni hidoyatga yo'lla! Nafsimizning yomonligidan bizni emin saqla!

2020 yil, 30 aprel

* * * 

GUNOHLARNING KELAJAKDAGI QARORGOHLARI
(Sakkizinchi kun)

Inson tabiatidagi g'ofillik Allohning tarbiyasi bilangina bartaraf bo'ladi. Ilohiy muolajadan bo'lak biror narsa Odam bolasining nafs kasalliklariga shifo emas. Allohning tarbiyasiga musharraf bo'lish insonni behad yuksak maqomlarga olib chiqadi, ilohiy muolaja ila davolangan xastalik hikmat va taqvoga aylanadi. Ammo bandaning toqati bu Tarbiya va Muolaja qarshisida behad zaifdir. Chunki bu Tarbiyaning yuki og'ir, bu Muolajaning kechishi behad og'riqlidir.

Alloh taolo gunohkorlarni suymaydi (Baqara, 276), ammo tavba qiluvchi va poklanuvchilarni sevadi (Baqara, 222).

Gunoh qilish har bir insonga xos, poklanish va tavba esa Alloh rahm qilgan bandalargagina nasib etadi. Gunoh mohiyatan poklanishga, tavbaga bir qadamdir, ya'ni Allohning sevgisiga yaqinlashmoqdir. Bu gunoh qilishga eshik ochish emas, balki poklanish va tavbaga da'vatdir. Zotan, gunohning katta va kichigida davom etish Allohdan qo'rqmaydigan va qalbida nifoq borlarning odati.

Mo'min gunoh qilarkan, u buning ortidan, albatta, bir jazoga uchraydi.

Iymonli qalb jazoning og'irligini emas, balki unda, Allohning ogohlantirishini ko'radi. Iymon egasi jazo tug'dirgan og'riqdan emas, Allohning qahridan dahshatga tushadi va darhol tavba etadi.

Kofir, munofiq uchun jazo kechiktiriladi. U gunohlardan to'xtamaydi, jazo esa uning ko'zlaridan berkinadi. Bu hol gumrohni botayotgan botqog'iga chuqurroq botiradi.

Mo'min iymon va islomda qanchalik sobit tursa, uch tur dushman – shayton, shayton malaylari va nafsning yomonligi shu qadar kuchayadi. Basharti, mo'min biror safar bu dushman qarshisida zaiflik qilib, biror gunohga yo'l qo'ysa Allohning marhamati, tarbiyasi va muolajasi o'laroq biror jazoga tezda duchor bo'ladi.

Natijada, gunohlar mo'min uchun uni kutib turgan jazo qarorgohiga aylanadi. Iymonli qalb gunohkorlik badalini o'z kelajagida aniq va ravshan idrok eta boshlaydi. Shu uni tavbaga boshlaydi, og'ir gunohlardan to'sadi.

Gunoh nafs uchun ziynatli, shirin va yoqimlidir, kofir va munofiq buni ko'rmaydi, mo'min esa uni juda yaxshi taniydi.

Gunohlarga olinadigan jazo umr bilan, azoblar bilan o'taladi, jismning qiynalishi, qonli yoshlar, chorasizlik changali, achchiq faryodlar, pastkashlarning haqorati shu jazoning juda kichik ko'rinishidir. Ammo u bir inson uchun o'ta bahaybat va qo'rqinchli ekanligi shubhasizdir.

Shu Allohning tarbiyasi, ilohiy muolajasidir. Inson Allohning qudrati va qadari oldida qancha tez taslim bo'lsa, og'riq kamayadi va olinajak saboq, hikmat qiymati oshadi.

Biz gunohning bu dunyodagi jazosi haqida muxtasar to'xtaldik. Jahannam azobi esa ta'rifga sig'mas darajada iztiroblidir.

Allohim, bizni gunohdan, gunohkorlikdan asra! O'zing bizga rahm qil!

2020 yil, 1 may

* * * 

TO'ZONDA SUT KO'TARGAN ODAM
(To'qqizinchi kun)

Bir kishining go'zallikda tengsiz, aqlu farosatda, taqvoyu istiqomatda yuksak rafiqasi qattiq og'ridi. Zavjasini behad sevgani uchun uni xavotir chulg'adi. Bir necha kunlik muolajadan naf bo'lmadi. Tabib birgina dori borligini aytdi.

Kishi: “Nima u? Er ostidan bo'lsa ham topib keltiraman. Ayolim shifo topsa, bas!” – dedi. Keksa tabib: “Tog'da yashaydigan ona ohuning yangi sog'ilgan sutini keltir. Sut issiqqina va changu g'ubordan xoli bo'lishi shart. Rafiqangning xastaligiga shu sut shifo bo'lishi mumkin, xolos”, – dedi.

Qahramonimiz bir og'iz so'z demay darhol toqqa yo'l oldi. U shu topda ayolining tuzalishi uchun ohular uyurini haydab kelishga tayyor edi.

Tog'da uzoq kezdi. Biror ona ohu sutimni sog'ib ol, marhamat, deb kutib turmaganligi uchun ko'p harakatlari zoe ketdi. Uch kun ohu, kiyiklar ortidan yugurdi. U istalgan jayronni kamoni bilan otishda ikkilanmagan bo'lardi, ammo bir jonning zavoli o'zining sevikli ayolining o'limiga sabab bo'ladigandek tuyuldi. Qo'rqdi. Biror hayvonga qasd etmadi. To'rtinchi kun tongda yig'lab Allohga munojat qildi: “Ey butun olamni yaratgan va butun olamning yakkayu yagona egasi bo'lgan Zot! Uch kunki, tog'u tosh orasida sarsonman. Na uyqu, na orom, na suv, na taomni o'ylamadim. Maqsadim Senga ma'lum. Oyoqlarimdan mador qochdi, qo'llarimda majol qolmadi.
Kunduzi qo'yoshning tig'i kuydirdi, tunda tun sovug'i qaqshatdi. Lekin biror ohuning yaqiniga bora olmadim. Allohim! Agar o'z vaqtida maqsadim hosil bo'lmasa, shuncha mashaqqatimdan bir samar topmasam, quruq qo'l ila uyimga qaytsam, bu bir bandang toqati uchun qanday ham og'ir yukdir! Ustiga ustak, dorisini topolmaganim sababli sevikli rafiqam jon bersa, bu ayriliq ila bir g'amim ikki bo'lib, azobda qolmaymanmi? Senga sig'ingan va chorasiz qolgan qulingni yordamingsiz qo'yma! Menga nusrat qo'lini cho'z!..”

Duoni tugatgach, shundoqqina qo'l etgudek joyda elinlari sutga to'la bir ona ohu xotirjam turganini ko'rdi. Kishi Allohga tilida hamd, dilida shukur va ko'zlarida yosh ila ona ohudan kichik ko'zasiga sut sog'ib oldi.

Ko'zani ehtiyotlab og'zini yopdi, paxtali matoga o'radi va uyiga qarab yugurdi. Yarim yo'lga etgan osmonda bir quyun paydo bo'ldi. U pastlab keldi va qahramonimiz yurayotgan yo'lni butkul qopladi, yo'ldagi tuproqlarni ko'tarib samoga sochdi, chor-atrof to'zon bo'ldi, changu g'ubor ko'zni ochirmas, kishi esa ko'zasini quchoqlab kelgan joyida qotib qoldi. Bir qadam bossa, ko'za ichiga tuproq to'ladigandek edi. Tabibning sutga zarra gard tushirma degan so'zi qulog'i ostida jaranglardi.

To'zon esa kuchaygandan kuchayar, havodagi g'ubor esa quyuqdan quyuq edi…

Hikoyaning oxiri yo'q. Oxiri nima bo'lganligini bilish imkonsiz. Chunki har birimiz tog'u toshda, cho'lu dashtda, yo'lu so'qmoqdagi bir yo'lovchimiz.

Xayr amallarimiz esa bir ohuning ko'zaga solingan suti kabidir.

Ne ajabki, ohuning sutini sog'ib olish ne qadar mushkul bo'lsa, bir xayr ishga musharraf bo'lmoq, bir xayr ishni ado etmoq, aslida, shu qadar mushkuldir. Bir gunoh amallar kitobiga yozilgani kabi bir xayr ham tezda bitiladi. Gunohlarni xolis tavba qanday o'chirsa, xayr amallarni ham maqtanish, g'urur, minnat va ichki faxr yo'q qilib yuboradi. Xayr amal Allohning rizoligi, Allohning sevgisi uchun ado etilmaguncha xayr amal maqomiga chiqmaydi. Xayr amal sifatida qayd etilmaydi. U xayr amal deb hisobga olingach, bu amalning xayri ila Allohning huzuriga borguncha uzoq bir yo'l bor.

Xayr amallarni halok etuvchi bir necha ofatlar bor. Xususan, ular ushbulardir:

Birinchi – niyatning to'g'ri bo'lmasligi xush amalning qiymatini batamom o'ldiradi. “Qilajak ishimdan Allohim rozi bo'lsin”, – degan niyatdan bo'lak har qanday qasd bizga savob keltirmaydi.

Ikkinchi – odamlardan maqtov eshitish uchun xayrli ishni ommaga e'lon qilish bilan biz Alloh nazdida rizolik ham, sevgi ham topa olmaymiz. Chunki maqsadimiz Allohning emas, odamlarning, jamiyatning e'tiborini qozonish ekani ma'lum bo'ldi.

Uchinchi – “Men shunday ishni ado etdim, odamlar mendan minnatdor bo'lsinlar!” – degan oshkora minnat yoxud shu ma'noga ishora beruvchi har qanday kalima xayr amalimizni tosh chinnini parchalagandek parchalab tashlaydi.

To'rtinchi – garchi, ochiq shaklda minnat qilmasak-da, yaxshi bir ishimiz uchun ichimizda kimdandir maqtov, olqish kutish, o'z amalimiz ila qalbimizda g'urur tuyish, boshqalar maqtaganda bundan xursand bo'lish ham Alloh oldida darajamizni tushiradi, bizni adashtiradi.

Xayr amalning Alloh tomonidan qabul etilishi uning ko'lami yoki qiymatiga bog'liq emas, bu ishimizning ne qadar samimiy va xolis ekanligi bilan aloqadordir.

Xayr amalga qodir bo'lish, uni bajarish – Alloh taoloning inoyatidir. Agar Robbimiz inoyat etmasa, zarra qadar ham bir yaxshi ishga qodir ham bo'lmasdik, uni bajarolmasdik ham.

Alloh musharraf etgan xayr amalni Unga bo'lgan itoatimiz va sevgimiz ramzi o'laroq taqdim etish o'rniga undan o'zimizni ulug'lash maqsadida foydalanishimiz mohiyatan naqadar uyatli, naqadar sharmandali bir behayolikdir.

To'zon ichidagi odamdan farqimiz yo'q. U gard tushmasin deb ko'zadagi ohu sutini qanday berkitsa, biz ham xayr amallarimizni odamlar ko'zidan berkitishimiz lozim. Alloh shu ishning barokati va xayri ila atrofdagilarning ham qalbini xayrga, shukurga moyil qilib qo'ysa, ne ajab. Boshqalarni da'vat etish uchun na ehsonimizni, na xayr ishimizni olamga jar solishga hojat yo'qdir. Alloh O'ziga taslim qulining sharofati ila boshqalarni-da fayzlantirishga qodir Zotdir.

Bir mo'minda qanchalik xayr ishlar ko'paymasin, u aslo bu ishlariga suyanmasin. Zotan, uni ham, uning xayr amallarini ham xavfsiz saqlaydigan Allohdir. Mo'min faqat Allohning rahmati, marhamati, mag'firatiga suyandi, umid qiladi.

Kofir va munofiqlar esa shu ishlarning tersini bajaradi, olamda nom qozonib, insonlar olqishi uchungina intiladi.

Allohim, na xayr niyatimiz, na xayr amalimiz bor! Sening ehsoningga muhtojmiz. Bizni xayr ishlarga buyur va bizga rizoyingni, muhabbatingni nasib et!

2020 yil, 2 may.

* * * 

“DINDA SAVOLIM BOR”
(O'ninchi kun)

Muso alayhissalomning qavmi behuda savollarni ko'p bergan. Bir qotilni aniqlash uchun Alloh sigir so'yishni amr etganda ahmoqona savollari bilan noqis fe'llarini oshkor qilishgan. Alloh Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatini Muso alayhissalomning qavmi kabi sersavol bo'lmaslikka buyurgan. Albatta, Allohning amrida buyuk hikmat bor.

Bu amr har xil odamlarning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga behuda, foydasiz savollar bilan ko'p murojaat etishgani sababli nozil bo'lgan. Zotan, savol o'z egasining tavsifnomasidir.

Bugun din masalasida savol so'rovchi va javob beruvchilar ko'payib ketgani sir emas. Savol berayotganlar Muso alayhissalom qavmiga o'xshab qolishdan, javob berayotganlar fatvo jur'atliroq inson jahannamga jur'atliroq ekanligidan qo'rqmayaptilar, afsus.

Modomiki, dinda savoli bor ekan, so'rovchi bir necha jihatlarni yodda tutmog'i lozim:

Birinchi – savolning javobi uning uchun naqadar muhim? Bu javob uning iymonini mustahkam qiladimi?

Islomga to'liq amal qilmog'i uchun yordam beradimi? Agar bu masalada ha deya olsa, savolni berish kerak.

Ikkinchi – savol fitna uyg'otish yoki javob beruvchining ilmini sinash, uni sharmanda qilish, ixtilof chiqarish uchun berilmaydi.

O'zini bilimdon ko'rsatish yoxud boshqalarni mot qilish maqsadida dindan savol bergan inson, shubhasiz, Allohning dinini masxara qilibdi, Allohning dinini o'yin bilibdi. Allohning dinini masxara qilgan va uni o'yin bilgan odamga to tavba etmaguncha Allohning la'nati yog'ilsin!

Diniy savollarga javob berish – din olimining ishidir. Dinda olim maqomiga etmagan, boshqa olimlar e'tirof etmagan, din ustozidan, din ilmgohidan da'vat uchun ruxsat yoki hujjat olmagan inson din olimi hisoblanmaydi va uning islomiy masalalarda na aqiydaviy, na fiqhiy savollarga javob berishga haq va huquqi yo'qdir.

Din – yashamoq dasturi, tiriklik yo'lidir. U haqda gapirarkan, voiz din asosida o'zi qanchalik yashayotganiga nazar solsin. Inson turli yoshlarda dinning turli qirralarini kashf etadi: o'n yoshida din uning uchun taqlid, xolos; yigirma yoshida jo'shqinlik manbai; o'ttiz yoshida kuch-qudrat; qirq yoshida betimsol kashf; ellik yoshida Mutlaq Haqiqat ekanligini butkul anglaydi. Bu diniy taqliddan, diniy ergashuvchidan chinakam kashf sari, mohiyat, taslimiyat sari borayotgan orifning kamolat bosqichlaridir.

Dinning mohiyatini anglamaslik natijasida taqlidiy musulmonlarda ko'p xatolar sodir bo'ladi.

Taqlid – o'rgatilganidek o'rganish va amal qilishdir. Bu holda din musulmon uchun u ko'rib turgan hudud va u olgan ma'lumotlardan iborat bo'ladi.

Jo'shqinlik – din insonning ruhiga kiradi, gunoh va savob orasidagi farqlarni aniq ko'rayotgan inson gunohga qarshi sobit turishga intiladi, hammaga dinni etkazishni istaydi, hayajoni o'ziga sig'maydi.

Kuch-qudrat – dinning zamiridagi engib bo'lmas kuch-qudrat musulmonni lol etadi. U shu kuch-qudratga daxldorligini his etib, o'zida engib bo'lmas quvvat his qiladi.

Mutlaq Haqiqatni butkul anglash degani dinning haqiqatini butkul tushunishdir. Uning hamma jihatlari kashf etiladi. Din – bu odamlarni tinchlantiruvchi, boshqaruvchi vosita emas, balki u Olamlar Robbisiga etishmoq yo'li, insonning cheksizlikning bir qismi, poklik, yuksaklik va hududsiz ma'rifat ekanligiga aqli, ruhi va qalbi ila iqror bo'lishidir.

Allohim, bizni diningda olim et! Kashfiy iymon sohibi ayla!

2020 yil, 3 may

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube