O’zbekiston Xalq Harakati

Sharl Bodlerdan ikkinchi tarjima: TUShKUNLIK VA IDEAL

Sharl Bodlerdan ikkinchi tarjima: TUShKUNLIK VA IDEAL
26 Mayıs 2020 - 11:37 'da yuklandi va 546 marta o'qildi.

“Yovuzlik gullari” kitobidan
Tarjima, sharh va asliyat


Birinchi bo'lim: TUShKUNLIK VA IDEAL

I. ShUKRONA
Qachonki nizomi ila Tangrining
Kelganda shoir bu fayzsiz dunyoga
Shakkok so'zlar bilan onasi uning
Mushtumin tugib arz qildi Xudoga.
– Oh, bu kasofatni boqqandan ko'ra,
Tug'sam bo'lmasmidi zaharli ilon!
La'nat o'sha tungi oniy lazzatga
Siylagan meni shu homila bilan!
Ayollar ichidan tanlading meni,
Noshod eri undan jirkansin, debon,
Itqita bilmasman bu zumrashani
Ishqiy maktub kabi o'tga beomon.
Meni bandi etgan nafrating yo'llay
Qahringning la'nati asbobi uzra
Ya'ni, bu niholni shunday ezg'ilay
Chiqara bilmasin kurtak ham sira!”
Anglamay qismatga ne bitmish Qadar
Nafrati ko'pigin yutar u purg'am –
Jinoyatkor ona uchun hozirlar
Jahannam tubida abadiy gulxan.
O'ksitilgan go'dak rizqini albat
Quyosh berar, boshin silar malaklar.
Ne ichsa, tuyular unga bol, sharbat,
Ne esa, jannatiy lazzat u topar.
Shamol-la o'ynar u, bulut – suhbatdosh,
Mast bo'lar kuylab Xoch yo'liga kirib,
Ziyoratda unga Ruhulloh yo'ldosh –
Yig'lar U qushday hur, sho'xligin ko'rib.
U sevgan el unga hadik-la boqar,
Lek uni ko'rishsa beozor, sokin,
Izlarlar, qani, kim unga tosh otar,
Sinaydilar unda vahshiyliklarin.
Tupurib, bulg'arlar ular sepib kul –
Og'zidagi rizqi – nonu sharobga,
U ne tutsa – toptar munofiq bu el,
Kim unga ergashsa, solar azobga.
Olamga jar solar uning xotini:
“Bo'lsin deb u husnim asiri mudom
Ko'hna ma'budlarning tutay kasbini,
Ulardek o'zimga beray zeb, oro;
Mushku anbar, etu sharob etib no'sh,
Uni tiz cho'ktirib aylasam tutqun,
Qalbini ilohiy ishqdan etib bo'sh,
Oshiq bu yurakni zabt etsam butkul.
Zeriksam kufrona bu ermaklardan
Nozik qo'llarimni egniga qo'yib,
Harpiyanikidek tirnoqlarim-la
Qalbigacha kira bilurman o'yib.
Qushchaday ko'ksida potirlab turgan
Qip-qizil yuragin olurman yorib
Va nafsim itini etishchun xursand
Oldiga oturman tuproqqa qorib!”
Muhtasham Taxt ko'kda ko'rib ko'zlari,
Shoir qo'llarin ham cho'zar ko'k tomon,
Yovuz el yuzida g'azab izlarin
Sof aqli yog'dusi etadi nihon:
– “O Tangrim, azobing uchun senga hamd,
Nopok qalbimizchun ilohiy malham,
U asli eng afzal, eng toza ne'mat,
Mardlarga valoyat etguvchi in'om!
Bilurman, Shoirga joy etding tayin –
Valiylar safidan o'rin olgay u,
Farishtalar xayli silsilasining
Ilohiy bazmida mangu qolgay u.
Bilurman, azobing – oliy bir maqom,
Unda na yiqilish, do'zax xavfi bor.
Tikanli gulchambar – tojim u bilan
Bezay – to boshda toj bo'lsin barqaror”.
Ko'hna Palmiraning bor ganji biroq,
Yoqutu zabarjad, duru gavhari
Azob-la bezalgan bu tojga – porloq –
Tenglasha olurmu ularning bari.
Zero u yasalgan azaliy nurning
Muqaddas o'chog'i yog'dularidan,
Ki bashar ko'zlari xira va nursiz
Bir oyna kabidir uning oldida.

ShARH
Mazkur she'r tahliliga o'tishdan oldin “Tushkunlik va ideal” bo'limi haqida to'xtalmoqchiman. “Yovuzlik gullari” kitobi o'ziga xos qurilishga ega, Bodler uchun raqamlar ham mistik ahamiyatga ega bo'lgan, shu bois har bir she'r rim raqamlari bilan raqamlab chiqilgan, 1857 yilgi ilk nashrda kitobga shoir (muqaddimadan tashqari) roppa-rosa 100 ta she'r kiritgan (100 – bu shoir nazdida tugallik ramzi). “Yovuzlik gullari”ni shunchaki she'rlar to'plami emas, shoir ilgari surgan yagona g'oya turli qirralarini ochib beruvchi she'rlardan iborat yaxlit asar, desak to'g'riroq bo'ladi. Kitob muqaddima, olti bo'limdan iborat, birinchi bo'lim: “Spleen et idéal”, ya'ni “Tushkunlik va ideal” deb nomlanadi.

Avvalo “spleen” haqida: bu so'z aslida frantsuzcha emas, inglizcha bo'lib, birinchi ma'nosi – “qora o't” yoki “taloq”; ikkinchi ma'nosi – “chuqur ruhiy tushkunlik”, “melanxoliya”. Chuqurroq tadqiq etilsa, bu so'z aslida inglizcha ham emas, yunoncha ekanligi va eramizdan oldin yashab o'tgan tibbiyot otasi Hippokrat uni qo'llagani ayon bo'ladi. Hippokratga ko'ra, oshqozon ostida joylashgan bu a'zo o'zidan qora o't, ya'ni qora suyuqlik (savdo – to'rt xiltdan biri) ishlab chiqaradi. Agar taloq haddan tashqari ko'p suyuqlik chiqarsa, bu kishi kayfiyatiga ta'sir qiladi va chuqur ruhiy tushkunlik, melanxoliyaga sabab bo'ladi (Hozirgi meditsina qora o't va tushkunlik o'rtasidagi bog'liqlikni rad etadi). Hippokrat asarlarini tarjima qilish orqali bu tushuncha Sharqqa ham o'tgan. Ibn Sino va boshqa allomalar bu a'zo va suyuqlikni arabcha so'z bilan “savdo” deb atashgan. Arabcha “savdo” (muzakkar “asvad”) so'zi – “qora” degan ma'no bildirib, qora o't va undan ajraladigan suyuqlik ham “savdo” (سَوْدَاءُ) deyilgan.

Shuningdek, Hippokratning inson kayfiyati haqidagi nazariyasiga ko'ra, “tushkunlik”, “melanxoliya” ham o'tmishda “savdo” deyilgan. “Savdo” – “suvaydo” (سُوَيْداءُ) shaklida ham ishlatilgan va “suvaydo” ham lug'atda “qora o't”, “melanxoliya” ma'nolarini bildiradi (Ammo bu so'zning “sotuv” ma'nosidagi forscha “savdo”ga aloqasi yo'q, ular shakldosh xolos). Mashrab yozadi:
“Tushdi savdoyi muhabbat boshima,
Or etar mardum kelurg'a qoshima”.
Juda qattiq tushkunlik, depressiyaga tushgan kishiga nisbatan “savdoyi”, deyiladi. Xullas, bodlerona “spleen” va tilimizdagi “savdo” aslida bir o'zakdan o'sib chiqqan va bir ma'noga ega so'zlardir. Shu bois “spleen” ni o'zbekchaga “savdo” deb o'girsa, asliyatga aynan mos bo'lar edi. Biroq “savdo” biroz arxaiklashgani bois, bugungi o'quvchiga tushunarliroq bo'lishi uchun, biz “spleen” o'rnida sof o'zbekcha “tushkunlik” so'zini qo'llaymiz.

“Ideal” (“idéal”) so'zi, ma'lumki, “ideya” (ya'ni “g'oya”) o'zagidan yasalgan. Qadimgi yunon faylasufi Aflotunga ko'ra, bu dunyo haqiqiy dunyo bo'lmish – “g'oyalar olami”ning aksi, tajalliysidir. Aslida, tasavvufdagi vahdatul-vujud ta'limoti zamirida ham, mutaxassislarga ko'ra, neoplatonizm g'oyalari yotadi. Ko'pgina qadimgi botiniy (ezoterik) ta'limotlarga ko'ra, avval “g'oya” (“logos”) mavjud edi. Tasavvufda ham Qur'oni Karimning “Yo Sin” surasi 82-oyatiga asosan Alloh nimaniki yaratishni iroda etsa, “bo'l” deb aytishi va uning yaralishi (“kun fa yakun” – “كُن فَيَكُونُ”), avval “amr olami” mavjudligi aytiladi. Shunga ko'ra, Bodler mistikasini tasavvuf bilan ham solishtirib ko'rish mumkin. Ya'ni, Bodlerdagi “spleen” – “savdo”, “savdoyilik”, “chuqur tushkunlik” tasavvufdagi “junun”ga yaqin, “idéal” – “haqiqat”. Bodlerda ham “ideal”ga eltuvchi vosita – ishq va hokazo.

Asarda “Tushkunlik va ideal” bo'limi muhim ahamiyatga ega, u kitobning hajman uchdan ikki qismini tashkil etadi. Bu boradagi mulohazalarimizni keyingi sharhlarda ham davom ettiramiz. Endi esa mazkur bo'limdagi birinchi raqamli she'r – “Shukrona” (“Bénédiction”) tahliliga o'tamiz (Undan oldingi “O'quvchiga” (“Au lecteur”) she'ri muqaddima o'rnida bo'lib, raqamlanmagan).
She'rning qofiyalanishi: ABAB, VGVG va hk. (“O'quvchiga” she'ri qofiyalanishi: ABBA, VGGV …). To'g'ri, keyingi davrlarda frantsuz she'riyati qofiyadan voz kechgan, ammo Bodlergacha she'riyatda qofiya, hijo, badiiylik san'atlariga rioya qilingan.

“Qachonki nizomi ila Tangrining
Kelganda shoir bu fayzsiz dunyoga
Shakkok so'zlar bilan onasi uning
Mushtumin tugib arz qildi Xudoga”.

She'r qahramoni – Shoir. Birinchi satrdayoq uning bu dunyoga Yaratganning nizomi bilan (“par un décret des puissances suprêmes”) kelganligi ta'kidlanyapti. Ya'ni, uning tug'ilishi ota yoki onasining emas, Yaratganning irodasi, rejasi. Biroq ona ana shu qazoyi ilohiyga shak keltiryapti. Bodler onaning Xudoga qarata aytgan so'zlarini – “shakkok so'zlar” (“blasphèmes”) deb ataydi.

– “Oh, bu kasofatni boqqandan ko'ra,
Tug'sam bo'lmasmidi zaharli ilon!
La'nat o'sha tungi oniy lazzatga
Siylagan meni shu homila bilan!
Ayollar ichidan tanlading meni,
Noshod eri undan jirkansin, debon,
Itqita bilmasman bu zumrashani
Ishqiy maktub kabi o'tga beomon.
Meni bandi etgan nafrating yo'llay

Qahringning la'nati asbobi uzra
Ya'ni, bu niholni shunday ezg'ilay
Chiqara bilmasin kurtak ham sira!”

Ona o'z farzandini “Yaratgan irodasi” emas, “tungi oniy lazzat” uchun berilgan jazo sifatida qabul qiladi (“Maudite soit la nuit aux plaisirs éphémères Où mon ventre a conçu mon expiation”). Onaning so'zlaridan farzand tug'ilishidan uning eri, ya'ni ota ham xursand emasday. Farzandni ishqiy maktub (“un billet d’amour”) kabi o'tga tashlashga ham jur'at etolmaydi. Ayni paytda, ona bu holati uchun Yaratgan nafratini ham sezib turibdi, biroq uni erining undan jirkanishi ko'proq tashvishga soladi (“Pour être le dégoût de mon triste mari”). Agar farzand – unga berilgan jazo, Yaratganning qahri bo'lsa, Yaratganning nafratini ona Uning qahri ustiga yo'llamoqchi, ya'ni boladan voz kechmoqchi, uni bir niholday ezg'ilab, kurtak chiqarishiga ham mone'lik qilmoqchi (“Qu’il ne pourra pousser ses boutons empestés!”).

Yuqorida biz “Yovuzlik gullari” yaxlit bir asar ekanligini aytdik, shunga ko'ra, muqaddima bo'lmish “O'quvchiga” she'rida Bodler illatlar, zerikish, bu dunyoning munofiqligi haqida so'zlasa, birinchi raqamli she'r – “Shukrona” shoirning tug'ilishi bilan boshlanadi, ya'ni shoir shunday illatlarga ko'milgan dunyoga keldi.
She'rdagi ona obrazining yaratilishida Bodlerning o'z onasi bilan munosabati ham qisman turtki bo'lgan bo'lishi mumkin. Ko'proq muhtojlik sabab shoirning yosh onasi ilk bor turmushga chiqqanida uning otasi 60 yoshdan oshgan edi. Shoir 6 yoshga kirganda otasi vafot etdi. Bir yildan keyin ona general O'pik (Aupick) ka ikkinchi turmushga chiqdi va haqiqiy muhabbatini ikkinchi turmushidan topdi, ungacha otadan etim qolgan o'g'ilni boqish yolg'iz ona zimmasida edi. Ehtimol, shu og'ir pallada go'dakning o'ksik qalbini ranjitgan hodisalar bo'lgan bo'lishi mumkin. Har holda, tabiatan ta'sirchan shoirning go'dak qalbi kichik narsalarni ham o'shanda mubolag'a bilan qabul qilgan bo'lishi tabiiy. She'rning davomini o'qiymiz:
“Anglamay qismatga ne bitmish Qadar
Nafrati ko'pigin yutar u purg'am –

Jinoyatkor ona uchun hozirlar
Jahannam tubida abadiy gulxan”.
Mazkur bandda mistik ohang yanada kuchayadi, ona obrazi she'rda “qazoyi Qadarda bitilgan yozuvni tushunmaydigan” (“ne comprenant pas les desseins éternels”), xudbinlik, nafs botqog'iga botib, qalbi nafratga to'lgan shaxs ramzi. U bu bilan jinoyatkor ona, ya'ni o'zi uchun Jahannam tubida (“au fond de la Géhenne”) abadiy gulxan hozirlamoqda, deb hukm chiqaradi shoir.

Lekin ona baribir Yaratgan hukmini o'zgartirolmaydi, ya'ni “niholni ezg'ilab” tashlolmaydi:
“O'ksitilgan go'dak rizqini albat
Quyosh berar, boshin silar malaklar.
Ne ichsa, tuyular unga bol, sharbat,
Ne esa, jannatiy lazzat u topar”.
Go'dakka “ko'rinmas bir farishta g'amxo'rlik qiladi” (“sous la tutelle invisible d’un Ange”), u Quyoshdan oziqlanadi. Keyingi ikki misrada, asliyatda: “u nimaiki ichsa yoki nimaiki esa Olimp o'lmas xudolari emak va ichimliklari bo'lmish – ambroziya va nektar mazasini topadi”, deyilgan (Et dans tout ce qu’il boit et dans tout ce qu’il mange Retrouve l’ambroisie et le nectar vermeil).
“Shamol-la o'ynar u, bulut – suhbatdosh,
Mast bo'lar kuylab Xoch yo'liga kirib,
Ziyoratda unga Ruhulloh yo'ldosh –
Yig'lar U qushday hur, sho'xligin ko'rib”.
Ushbu band asliyatida: “xoch yo'li” (“chemin de la croix”), “Ruh” (“l’Esprit”), “ziyorat”, ya'ni “katolik nasroniylarining haj safari” (“pélerinage”) kabi diniy iboralar ishlatilgan va mazkur bandni anglash uchun ularni tushunish muhim. Katolik nasroniylari aqidasiga ko'ra, “xoch yo'li” (“chemin de la croix”) deganda Iso alayhissalomning o'limi oldidan o'zi chormix etiladigan xochni o'z elkasida qatl maydonigacha ko'tarib o'tgan yo'l, masofa ko'zda tutiladi. Uning boshiga tikanli gulchambar taqib qo'yiladi, yo'l yo'lakay u uch marta yiqiladi, bu haqda quyida yana to'xtalamiz. Islom olamida Iso a.s.ni “masih”, “ruhulloh” ham deyishadi.

Nasroniylar uchun Iso a.s.ning o'limi oldidan bir hafta, etti kun davomida cheksiz azoblarga duchor etilishi – “Iso musibatlari” (“Passion du Christ”, ruscha: “Strasti Xristovy”) deb nomlanib, nasroniylar o'zlarining haj safarlarida Quddusdagi mazkur voqealar sodir etilgan joylarni ziyorat qilishadi. She'rda ham ana shu voqealarga ishora etilyapdi. Mazkur bandni mutlaqo ramziy ma'noda tushunish kerak. Ya'ni, go'dakning bu nopok dunyo bilan mutlaqo aloqasi yo'q, u shamol bilan o'ynaydi, bulutlar bilan so'zlashadi. “Xoch yo'li” – bu mislsiz musibat timsoli. Ya'ni, u mislsiz musibatdan sarxush bir ruhiy holatga tushib, go'yoki uning ruhi kuylaydi. “Ziyorat” ham ramziy ma'noda, ya'ni Iso alayhissalom azoblangan qadamjoylarni ziyorat etish emas, balki o'sha azoblarning o'zini qayta boshdan kechirish, bevosita Iso musibatlarini ziyorat etish. Bu ziyoratda uni Ruhulloh ((“l’Esprit”), nasroniylar nazdida Xudo – Iso alayhissalomning o'zi kuzatib turadi, go'dak (bu azoblarga, dunyodan, jamiyatdan, odamlardan unga etkazilayotgan bu ozorlarga qaramasdan) o'rmon qushiday (“comme un oiseau des bois”) hur, xursandligini ko'rib Ruhulloh hatto ko'ziga yosh oladi (“pleure de le voir gai”).

Navbatdagi band:
“U sevgan el unga hadik-la boqar,
Lek uni ko'rishsa beozor, sokin,
Izlarlar, qani, kim unga tosh otar,
Sinaydilar unda vahshiyliklarin”.

U hammani sevishga tayyor, ammo odamlar unga hadik, qo'rquv bilan qarashadi, uni beozor, sokin ko'rishsa, unga tuhmat qiluvchi odam qidirishadi, vahshiyliklarini unda sinab ko'rishadi. Bu manzara Iso a.s.ning yahudiylar tomonidan hurlanishi tamsilidir.

“Tupurib, bulg'arlar ular sepib kul –
Og'zidagi rizqi – nonu sharobga,
U ne tutsa – toptar munofiq bu el,
Kim unga ergashsa, solar azobga”.
Non va sharob (“le pain et le vin”), nasroniylarga ko'ra, Iso alayhissalom chormix qilinishidan oldin iste'mol qilgan oxirgi emak (Shu bois nasroniylarning diniy marosimlarida non va sharob iste'mol qilinadi). Ko'rinib turibdiki, Bodler o'z lirik qahramoni – Shoirni Iso alayhissalom timsoli vositasida chizar ekan, bu orqali universal ramz yaratishga harakat qiladiki, bu ramz bizga jamiyat va insonni turli qirralardan tadqiq etish imkonini beradi. Adabiyotda Iso timsoli orqali obraz yaratish holatini yana F.Dostoevskiyning “Telba” romanidagi knyaz' Mishkin siymosida ham qo'rish mumkin yoki Chingiz Aytmatov “Qiyomat” romanida payg'ambar Abdiya timsolida Avdiy Kallistratov siymosini yaratadi. Bu an'anani ham adabiyotda Bodler boshlab bergan deyish mumkin.
Keyingi bandda yana bir salbiy obraz kirib keladi: bu – shoirning ayoli. Shoir tug'ilishdan tana-dashnomga uchradi, bolaligi azob bilan o'tdi, umri davomida odamlar unga malomat toshlari otib keldi, lekin u g'azabnok bu elni sevdi, bularning bari aslida Iso alayhissalom bosib o'tgan yo'l, go'yoki ular lirik qahramon – Shoir taqdirida qaytarilyapti. Shoirning xotini obrazi – ko'proq uning ilohiyotga burkangan qalbini ishg'ol etishga chog'langan badnafs, o'ziga zeb bergan dunyo ramzi, desak to'g'ri bo'ladi:

“Olamga jar solar uning xotini:
“Bo'lsin deb u husnim asiri mudom
Ko'hna ma'budlarning tutay kasbini,
Ulardek o'zimga beray zeb, oro;”

Bu satrlar bizga sufiyona timsollarni ham eslatadi. Birinchi galda, bu kechinmalar albatta Bodlerning o'zi boshdan kechirgan voqealari asosida anglagan hikmatlari, ikkinchidan, o'sha paytlarda Evropada urf bo'lgan hermetizm kabi botiniy ta'limotlar, nasroniylar mistitsizmi ta'siri ham bor. Shuningdek, ayol “ko'hna ma'budlar kasbini tutib, o'zimga oro beray” (“Je ferai le métier des idoles antiques…”), deydi. “Ko'hna ma'budlar” deganda yakkaxudolikdan oldingi ko'pxudolilik davri ham ko'zda tutilyapti. Tasavvufda bo'lgani kabi nasroniylarning mistitsizmida ham dunyoga ruhiy kamolot yo'lidagi bir to'siq deb qarash, tarkidunyochilik kabilar mavjud. (Bu obrazni yaratishda Bodlerning birinchi ayoli – qoramag'iz haitilik Janna Duval (Jeanne Duval) ning ta'siri bo'lganmi-yo'qmi, bu bizga qorong'u, chunki she'r 1840 yili yozilgan bo'lishi mumkin, Bodlerning Janna Duval bilan munosabatlari 1842 yildan boshlangan.)

“Mushku anbar, etu sharob etib no'sh,
Uni tiz cho'ktirib aylasam tutqun,
Qalbini ilohiy ishqdan etib bo'sh,
Oshiq bu yurakni zabt etsam butkul.
Zeriksam kufrona bu ermaklardan
Nozik qo'llarimni egniga qo'yib,
Harpiyanikidek tirnoqlarim-la
Qalbigacha kira bilurman o'yib”.

Harpiya (“harpie”) – qadimgi yunon mifologiyasidagi yarim ayol, yarim qush qiyofasidagi, yashin tezligida paydo bo'lib, bolalarni va odamlarning jonini o'g'irlovchi dahshatli maxluq. O'rta asrlarda badnafslik, ziqnalik, nopoklik ramzi. Ayol o'ziga zeb berib, shoirning yuragini rom etishni “kufrona ermaklar” (“farces impies,”) deb ataydi. “Bu ermaklardan zeriksam, nozik va kuchli qo'llarimni uning egniga qo'yib, Harpiyanikidek o'tkir tirnoqlarim bilan qushchaday potirlab turgan yuragini sug'urib olaman va nafsimning itiga tashlayman”, deydi ayol:

Qushchaday ko'ksida potirlab turgan
Qip-qizil yuragin olurman yorib
Va nafsim itini etishchun xursand
Oldiga oturman tuproqqa qorib!”

Kitob muqaddimasi – “O'quvchiga” she'rida Bodler illatlarga to'la bu dunyoni zerikishdan iborat etib tasvirlaydi. Unda biron bir yorug'lik haqida gap yo'q. Ammo “Shukrona”da bir nur bor: bu qalbi ilohiy ishqqa to'la muztarib Shoir siymosi. Dunyo uning oyog'idan qanchalik tortishga o'rinmasin, uning qalbi ishq bilan to'la, ko'zlari ko'kdan unga ko'rinayotgan muhtasham taxtga tikilgan, beixtiyor qo'llari ham ko'k tomon chuziladi va uning tiniq idroki porloq yog'dusi darg'azab elning barcha kirdikorlarini undan yashiradi:

“Muhtasham Taxt ko'kda ko'rib ko'zlari,
Shoir qo'llarin ham cho'zar ko'k tomon,
Yovuz el yuzida g'azab izlarin
Sof aqli yog'dusi etadi nihon:”

Keyingi bandlarni she'rning avji deyish mumkin. Shoirning Yaratganga munojoti. U Tangriga bergan azobi uchun shukrona aytadi. Iztirob bu kirlangan qalbni sog'lomlashtiruvchi malham, kuchli qalb sohiblarini valiylikka tayyorlovchi eng afzal va toza vosita (“prépare les forts aux saintes voluptés”):

– “O Tangrim, azobing uchun senga hamd,
Nopok qalbimizchun ilohiy malham,
U asli eng afzal, eng toza ne'mat,
Mardlarga valoyat etguvchi in'om!
Bilurman, Shoirga joy etding tayin –
Valiylar safidan o'rin olgay u,
Farishtalar xayli silsilasining
Ilohiy bazmida mangu qolgay u”.

Quyidagi bandda esa Bodler yana Iso alayhissalomning xoch yo'liga ishora qiladi. Yuqorida aytib o'tganimizdek, Iso xochni elkasida ko'tarib borarkan, qatlgohga etguncha uch marta yiqiladi, uning boshiga esa tikanli gulchambar kiydirishadi:

“Bilurman, azobing – oliy bir maqom,
Unda na yiqilish, do'zax xavfi bor.
Tikanli gulchambar – tojim u bilan
Bezay – to boshda toj bo'lsin barqaror”.

Demak, Tangridan kelgan azobni Isoning tikanli gulchambari kabi boshda toj o'rnida ko'rish kerak, bu tojni yana azob, riyozat bilan bezash lozim. Bu shunday tojki, agar ko'hna Palmira shahrining barcha qimmatbaho toshlarini yig'sa ham, tiniqlikda va porloqlikda azobdan to'qilgan bu gulchambarga teng kela olmaydi:

“Ko'hna Palmiraning bor ganji biroq,
Yoqutu zabarjad, duru gavhari
Azob-la bezalgan bu tojga – porloq –
Tenglasha olurmu ularning bari”.

Chunki u azaliy ilohiy nurning muqaddas o'chog'idan sizib chiqqan shu'lalardan yasalgan:

Zero u yasalgan azaliy nurning
Muqaddas o'chog'i yog'dularidan,
Ki bashar ko'zlari xira va nursiz
Bir oyna kabidir uning oldida.

O'limga mahkum tirik jon ko'zlari esa, o'zlarining butun muhtashamliklari bilan, bu ilohiy nur oldida xira va nursiz bir oyna kabidir xolos (“Et dont les yeux mortels, dans leur splendeur entière, Ne sont que des miroirs obscurcis et plaintifs!”). Bodler aytmoqchi bo'lgan bu fikrni agar tasavvuf tiliga tabdil etsak, ko'kdagi Muhtasham Taxtni ko'ra oluvchi, xira va nursiz bashar ko'zlaridan farqli bu ko'zni – basirat ko'zi deyish mumkin.

*****

I. BÉNÉDICTION
Lorsque, par un décret des puissances suprêmes,
Le Poète apparaît en ce monde ennuyé,
Sa mère épouvantée et pleine de blasphèmes
Crispe ses poings vers Dieu qui la prend en pitié :
– « Ah ! que n’ai-je mis bas tout un nœud de vipères,
Plutôt que de nourrir cette dérision !
Maudite soit la nuit aux plaisirs éphémères
Où mon ventre a conçu mon expiation !
Puisque tu m’as choisie entre toutes les femmes
Pour être le dégoût de mon triste mari,
Et que je ne puis pas rejeter dans les flammes,
Comme un billet d’amour, ce monstre rabougri,
Je ferai rejaillir ta haine qui m’accable
Sur l’instrument maudit de tes méchancetés,
Et je tordrai si bien cet arbre misérable
Qu’il ne pourra pousser ses boutons empestés ! »
Elle ravale ainsi l’écume de sa haine,
Et, ne comprenant pas les desseins éternels,
Elle-même prépare au fond de la Géhenne
Les bûchers consacrés aux crimes maternels.
Pourtant, sous la tutelle invisible d’un Ange,
L’Enfant déshérité s’enivre de soleil,
Et dans tout ce qu’il boit et dans tout ce qu’il mange
Retrouve l’ambroisie et le nectar vermeil.
Il joue avec le vent, cause avec le nuage,
Et s’enivre en chantant du chemin de la croix ;
Et l’Esprit qui le suit dans son pélerinage
Pleure de le voir gai comme un oiseau des bois.
Tous ceux qu’il veut aimer l’observent avec crainte,
Ou bien, s’enhardissant de sa tranquillité,
Cherchent à qui saura lui tirer une plainte,
Et font sur lui l’essai de leur férocité.
Dans le pain et le vin destinés à sa bouche
Ils mêlent de la cendre avec d’impurs crachats ;
Avec hypocrisie ils jettent ce qu’il touche,
Et s’accusent d’avoir mis leurs pieds dans ses pas.
Sa femme va criant sur les places publiques :
« Puisqu’il me trouve belle et qu’il veut m’adorer,
Je ferai le métier des idoles antiques,
Et comme elles je veux me faire redorer ;
Et je me soûlerai de nard, d’encens, de myrrhe,
De génuflexions, de viandes et de vins,
Pour savoir si je puis dans un cœur qui m’admire
Usurper en riant les hommages divins !
Et quand je m’ennuierai de ces farces impies,
Je poserai sur lui ma frêle et forte main ;
Et mes ongles, pareils aux ongles des harpies,
Sauront jusqu’à son cœur se frayer un chemin.
Comme un tout jeune oiseau qui tremble et qui palpite,
J’arracherai ce cœur tout rouge de son sein,
Et, pour rassasier ma bête favorite,
Je le lui jeterai par terre avec dédain ! »
Vers le Ciel, où son œil voit un trône splendide,
Le Poète serein lève ses bras pieux,
Et les vastes éclairs de son esprit lucide
Lui dérobent l’aspect des peuples furieux :
— « Soyez béni, mon Dieu, qui donnez la souffrance
Comme un divin remède à nos impuretés,
Et comme la meilleure et la plus pure essence
Qui prépare les forts aux saintes voluptés !
Je sais que vous gardez une place au Poète
Dans les rangs bienheureux des saintes Légions,
Et que vous l’invitez à l’éternelle fête
Des Trônes, des Vertus, des Dominations.
Je sais que la douleur est la noblesse unique
Où ne mordront jamais la terre et les enfers,
Et qu’il faut pour tresser ma couronne mystique
Imposer tous les temps et tous les univers.
Mais les bijoux perdus de l’antique Palmyre,
Les métaux inconnus, les perles de la mer,
Montés par votre main, ne pourraient pas suffire
À ce beau diadème éblouissant et clair ;
Car il ne sera fait que de pure lumière,
Puisée au foyer saint des rayons primitifs,
Et dont les yeux mortels, dans leur splendeur entière,
Ne sont que des miroirs obscurcis et plaintifs ! »

Tarjima va sharh muallifi Abduvohid HAYIT

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube