O’zbekiston Xalq Harakati

SOYaDURMAN-KI BOQMAS…

SOYaDURMAN-KI BOQMAS…
06 Temmuz 2020 - 17:05 'da yuklandi va 561 marta o'qildi.

Bismillahir-rohmanir-roxiym

Zomin tush ko'rdi.Tushida velosiped minib ketayotgan emish. Yo'l qorong'u esa-da chirog'i yorug'. Ketayotsa orqasidan qora kiygan ko'lankanamo bir tund ayol ergashib, velosiped bilan tenglashganida Zominni turtib yuborarmishu, Zomin yo'l chekasiga qulayotib, qo'qqisdan, bu ayol – O'lim ekanligini anglar emish. Shu mudhish xayolda qora terga botib uyg'ondi Zomin…

Endi oqara boshlagan osmon parda oralab mo'ralar, yomg'ir shitirlashini demasa, atrof jimjit. Zomin quloq soldi. Uzoqdan poezd tovushi kela boshladi. Yaqinlashdi, taqa-taq qilib o'tdi. Uzoqlashdi. Xotinining tepa qavatdagi bir narsa g'ichirlagandek bo'ldi. Bundan uyg'ongan mushuk tolor eshigini biroz qitirlatdi-da, ocholmay, aftidan o'z savatiga qaytdi. Zomin o'ng yoniga ag'darildi va bularning barini – derazaga yoqqan yomg'irdek – xotiridan yuvib, yana uyquga ketdi. Bu safar tushsiz, og'ir va qorong'u uyquga.

Tursa – vaqt allaqancha bo'lib qolgan. Durustki, bugun yakshanba, – deb o'yladi u o'zicha, ishga shoshilish kerakmas. Xotin ham o'z yumushlari bilan ovoradir, xayriyatki Zominni uyg'otmabdi. Past qavatdagi yotoqxonasini ochib, Zomin uydagi tovushlarga quloq osdi. Tepadan yig'iga o'xshagan ovozlar keldi. Eshik tagida ham bir qancha oyoq kiyim. Xotinining dugonalari yig'ilishib, erlaridan arzi dod qilishayotgandir-da, – deb o'yladi o'zicha Zomin va pastki hojatxonada yuz-betini yuvib, xotinlar huzuriga emas, hovliga chiqib bordi.
Havoning avzoi buzuq esa-da, tungi yomg'ir tingan, o'tlaru barglar namiqib, xomush bo'y taratardi. Zomin biroz mashqlandi, cho'zildi, yozildi. Keyin ko'zi hovlidagi archa tagida biqinib o'tirgan mushugiga tushdi. “Mosh!”, – deb chaqirdi. Odatda bunday deganida u tomon chopib, oyog'iga ishqalanadigan mushuk qimir etmadi. Zomin yana pish-pishladi. Mushuk – siljish u yoqda tursin, qulog'ini ham uchirmadi. “Tom bosibdimi?!” – deb ijirg'andi o'zicha Zomin va bir-ikkita o'simlikdan sarg'aygan barglarni uzib, hovuch qildi-da, qayta ichkarida dahliz kechib, uydan tashqariga chiqdi. O'tib borar ekan, qulog'iga yig'i emas, tilovat eshitilgandek bo'ldi. “Ha, insof beribdi-ku bularga ham!” – degan xayolda tashqarida axlat qutiga xazonni tashladi-da, ichkari qaytish o'rniga – xotin-xalaj o'z gapini qilaversin, bular tarqalgunicha bir aylanib kelay deb, nariroqdagi bog' tomon yo'l oldi.

Yakshanba choshgohi. Har kim o'zi bilan ovora. Kimi itini sayrga olib chiqqan, kimi – bola-chaqasini. Shukurki, boshqa paytdagidek na itnining, na bola-chaqanining Zomin bilan ishi yo'q: unisi qopmaydi, bunisi soqolidan qo'rqib, chinqirib qochmaydi. Quyosh ham bir zumga chiqqandek bo'ldi. Xarrakda unga yuzini tutib bir pas o'tirib tiniqdi Zomin.

Bu boqqa burunlari qiziyu o'g'lini olib kelishlarini esladi. Endi ikkisi ham ulg'ayib, biri turmushga, boshqasi o'qishga boshqa shaharlarga ko'chib ketishgan. Xotin bilan uyda yolg'iz qolgan Zomin. Musofirchilikdagi hayot shu ekan. Bolalaridan xabar olay desa – ular uzoq, telefonda ulanay desa – telefoni ham uyda qolib ketibdi, lekin bo'lganida ham na unisi, na bunisi qo'ng'irog'iga javob bera qolarmidi…

Yana bog' aylandi Zomin va erta shom tusha boshlaganida uyiga qaytdi. G'olibo, xotinlar tarqab bo'lgandir. Pastdan quloq tutsa, tepada hanuz ozroq esa-da g'ala-g'ovur. O'z xonasiga qamalib, kitob o'qigandek bo'ldi u, biroq misliki ko'zlari sahifalar bo'ylab yuguradi-yu, biror harf yo satrga qoqilmay, qanday bo'sh kirgan bo'lsa, shunday puch chiqadi.

Kun qorayib tun shumshayganida, bular ketishdi. Eshik tagida ham biroz yig'i-sig'i qilishgandek bo'lishdi. Bularning ovozlariga o'z xonasidan quloq solar ekan Zomin, ora-chura qiziyu o'g'linining ovozi ham chalingandek bo'ldi. “Ular ham shu erda ekanmi?” – deb hayron bo'ldi u. Hozir chiqib borsa, tayinki, xotini unga qahrini sochadi: «Kun bo'yi barimiz mehmon kutdik, siz qaerga gumdon bo'ldingiz?!» – deb. Mayli, mehmonlar ketib bo'lishsin-chi…

Uy tinchiganida Zomin asta tepaga, tolorga chiqib bordi. Ha, chindan ham qizi va o'g'li kelishibdi. Onasi bilan bir narsalarni muhokama qilib o'tirishibdi. Zomin ularga salom beray dedi-yu, negadir aksi tutib: «Buqa buzog'iga bo'yin egadimi?!» – deya, indamay, ulardan salom kutgandek, kirgan erida turaverdi. Qani endi birontasi u tomon qayrilib boqsa. Hech narsa bo'lmagandek, gaplarini davom ettirishyapti. Yomon jahli chiqdi Zominning shu on. Ichida: «Senlarni shu yoshga etkazib katta qilgan otangga saloming tugul qiyo boqishingni ham ayadingmi, tuf baringga!» – deya, orqasiga o'girildi-da, pastga, o'z xonasiga tushib ketdi. Zinadan tushib borar ekan, odatda oyog'i tagida qolib chiyilaydigan mushugi ham – anavilar bilan til biriktirgandek, Zominning oyog'i unga qoqilganida dumini ham qimirlatganicha yo'q.

Yotoqxonasini ichidan qulflab, anchagacha azbaroyi achchig'likda uxlolmay yotdi Zomin, biroq yana yomg'ir shitirlashi bilan ko'zlari ilina boshladi-da, qop-qorong'u uyquga ketdi.

Ertalab kallai saharda pastda yuvinib-taranib, na tepadagi oshxonaga chiqdi, na xotinu bola-chaqasini uyg'otdi-da, ishiga yo'l oldi Zomin. Zardasi qaynagan emasmi, ishxonada ham birontasi bilan na salom-alik qildi, na chekish bahona – tashqari chiqdi. Boshini ko'tarmay kunuzun kompyuteru qog'ozlari ustida o'tirdi. Tushlikka ham chiqqani yo'q. O'ylab ko'rsa, ovqat emaganiga ham biror kun bo'lib qolibdi, lekin qorni hecham ochmagan. To'kin-sochin kunlarda ham sullohlikdan yiroq bo'lgan Zomin, uyidan minnatga qolgan kunlari ochiqarmidi endi?!

Ish bitib, u tashqari chiqib borar ekan, bexosdan ishda anchadan beri ko'rinmagan inson sharpasini ko'rgandek bo'lganini esladi. Eskidan uning do'sti bo'lgan ingliz Greyvning ham qorasini ko'rgandek bo'ldimi?! To'xta, to'xta! Uni allaqachon o'lib ketgan deyishuvdi-ku! Nahotki u bo'lsa? Yo ko'ziga Greyvga o'xshagan biron kimsa chalindimi? Greyv bo'lganida, Zominni ko'ra solib, quchog'iga otilmasmidi?! Demakki, boshqasi bo'lsa kerak…

Negadir uyiga shu top borgisi kelmadi. Butun umri-bisotini oilaga baxsh etibdiki, ularning kechagi bepisandligini ko'rmaysanmi! Xonaga kirganida salom berish u yoqda tursin, boshlarini qayirgani ham yo'q! Yana achchig'i chiqdi Zominning. Endi borib ulardan qarzini undiradimi?! E, sadqai balo ketsin! Bu taxir o'ylarda yo'lidag kinoga kirmoqchi bo'ldi. O'zim uchun ham shu paytgacha yashamagan ekanman, mana endi qasdiga yashab qolay – deb, bir emas, surunkasiga ikkita filmga chipta oldi. Rost, ko'rgan kinolari esida qolgani yo'q, allaqanday ajinalaru izg'igan ruh lar haqida edimi, ikkala film davomida o'z o'ylariga ko'milib o'tirdi Zomin.

Kinolar yarim tunda bitdi. Hali ham g'imir-g'imir, ko'proq mastona shahar kesib, Zomin uyiga etib bordi. Chiroqlar o'chgan. Demak, yotib bo'lishibdi. Zomin asta pastdagi o'z xonasiga kirib bordi. Xonasining eshigi ochiq, chirog'i ham yoqig' qolgan. Qarasa, xotini yotoqdagi choyshabu yopinchiqlarning barini almashtirgan, o'rtada esa pishillab, mushuk g'ujanak yotibdi. Zomin ham apil-tapil yuvindi-da, echinib, mushukni ko'rpadan haydamoqchi bo'ldi, biroq «bepisand oilaning mushugi pisandli bo'larmidi» – deya, ko'rpani ochib, mushugini siljitmay, avaylanib yotdi. Mushuk miq etmadi. Bu kecha ham Zominning tushiga hech narsa kirmadi.

Ertalab Zomin tepadagi dag'al ovozlardan uyg'ondi. Bu ovozlardan odatda mushuk uyg'onib, tolor eshigini tashqarisidan timdalay boshlardi, hozir esa mushuk tunda qanday yotgan esa, shundayligicha yotibdi. Avvallari Zominning sal qo'zg'alishiga yotoqdan «lop» etib sakrab ketadigan bu mahluq egalaridan beparvolikni yuqtiribdimi, qimir etib boqsa-chi! Zomin hojatxonaga kirdi, yozildi, yuz-qo'lini yuvdi, ko'zguga qaray desa, toshoynani bug' bosibdi, artishga erindi. Dahlizga chiqib, tepadagi ovozlarga quloq soldi. «Chiqib orani ochiq qilsammi?! Mana sizlarga beparvolik! Mana sizlarga hurmatsizlik!» – deb adablarini bersammi, – deya chamalab tursa, tolordan oshxonaga chiqayotgan o'g'lining: «Otam o'ldi deb, o'qishimni tashlaymi endi?!» – degan iddaosi yaqqol yangradi. Zomin turgan erida qotib qoldi. Nima deyapti o'zi, bu ko'rnamak?!

Shu payt ketidan qizi ham chiqib, ukasiga: «O'qishingni tashla deyotganimiz yo'q, aza payti onamizning yonida bo'lib tur deyapmiz xolos!» – desa bo'ladimi… Bular nima haqda valjirashyapti o'zi? Jon holatda Zomin tepaga chiqib bordi, oshxonaga kirdi. Qizi ukasini quchog'laganicha, ko'z yoshi oqizib turardi. «Men manaman!» – deb mijg'ovroq tarzda o'zini bildirdi Zomin. Biroq bularning birontasi u tomon boqqanicha yo'q. Bu payt oshxonaga xotini ham kirib keldi-da, u tomon ko'z qirini ham tashlamasdan, to'g'ri bolalari yoniga yurdi va ikkisin quchog'iga oldi. Birgalashib yig'lashdi. Zominning og'zi ochilib qoldi. «Jinnimi bular?!» – deb oshxonadan chiqdi va tolorga kirdi.

Ko'ziga darhol tashlangani – stol ustidagi chorcho'basiga qora tasma tortilgan o'zining rasmi. Shunda aljiroq tushidan uyg'onmoqchi bo'ldi Zomin. Zo'r berdi, ich-ichidan kuchandi, seskandi, silkindi, qani endi bu tushini egni-boshidan tashlay olsa! O'ngi desa – hech narsani tushunmaydi. Mana, turibdi-ku u o'z uyida.

Yoshligida bir-ikki shunday holatga tushgan edi Zomin. Qish kuni o'z shahrining bir bekatida kelavermagan avtobusini yolg'izlikda kutib tursa, go'yoki ichidagi Zomin o'z-o'ziga sig'magandek, tashqari chiqdi-da, sovuqda shumshayib turgan yigitchaga qaradi va o'zicha atrofda boshqa ish topmay, yana bu kalta paltoyu kichik jussa ichiga kirib ketdi. «Aqlimdan ozyapman!» – deb o'ylagan edi o'shanda Zomin, biroq o'sha chog' avtobusi etishib, yana kundalik odatiy hayotu o'ylarga chalg'ib ketgan edi o'shanda.

Endigisi undan jiddiyrog'u, bir zum emas, mana ikki kundirki davom etayotgan bo'lsa. Yo yana, avvalgidek, bu jin urishni kundalik hayot g'imir-g'imiri bilan engsami? Zomin bularga hech narsa demay pastga tushdi-da, bir dasta qog'ozlarini olib, ishiga borishga qaror qildi. Uyidan chiqishi bilanoq har bir mayda-chuyda narsaga e'tibor bera boshladi. Odatda, ko'rishmasa-da, bosh irg'ab qo'yadigan hindu qo'shnisi o'z bog'chasida orqasini o'girib, ko'chat o'tqazish bilan ovora. O'tgan-ketganlarning yurish-turishidan xabardor bo'lish bahonasida eshik tagidagi old bog'chasini azbaroyi parvarishlaydigan bu janobning endi Zomin bilan ishi bo'lmay qolgandek. Hap, senimi! – deb Zomin ham alamiga salom bermay o'tib ketaverdi.

Avtobus ham kundagidan gavjumroq tuyuldi. Ba'zi joylar bo'sh esa-da, o'rta er odamga tiqilinch. Bu soatda nuqul qariyalar ham bir joyda kutilgandek, eshik yonlariga tizilib olishibdi, biroq pattachi bularning birontasiga qaramay, saylanma odamlarning chiptalarini tekshirib yuribdi. Bularning orasida turgan anavi novcha – mahalladagi sartarosh, turk Qismet emasmi?! Birisi yili bedarak yo'qolib ketgan emasmidi u? Qayta topilibdimi yo? Shu payt pattachi Zomin yoniga keldi-da, Zomin shoshilinchda ko'ks cho'ntagidan chiqargan chiptaga qaramay, haydovchi tomon o'tib ketdi. Nima balo bo'ldi bularga? – deb o'ylardi Zomin.

Ishxonasida u albatta Greyvni topishga qaror qildi. Uni qidirib yursa, ko'ziga o'nlab sobiq hamkasblari yo'liqdi. Kimini – o'lib ketgan, kimini – qariyalar uyida churib yotibdi deb o'ylab yurar ekan Zomin, bularning bari esa – o'z ish joyida. Nihoyat, bir ko'rimsizroq erda Greyv ham o'tirganini ko'rib qoldi u. Greyv oldida ham ikki yosh-yalang yigit bachkana gaplarini qilib, hoholashib turishardi, xuddi Greyv yo'g'-u, panada og'zingga kelganini aytaverish mumkin. Qanday qilib bularning betamizligi oldida Zomin Greyv yoniga boradi-yu, o'z shubha-gumonlarini u bilan bo'lishadi? Manavi do'nonlarning qahqahasi tugashini kutsamikan?

Biroq Zominni me'dasiga tekkan vaqvaqa Greyvning ham jig'iga tegdi chamasi, u qoshini chimirib turdi-da, ikki yoshga xunuk qarash tashlab, shoshilinchcha tashqari chiqib ketdi.

Ketidan yugursami Zomin? Mayli, uni qiynay boshlagan jiddiy masala emas, mana shu behayo yoshlar haqida sirlashsami? Ikki kundan beri bironta tirik jon bilan gaplashgani yo'q. Bilsa, siqilib ketar ekan inson! Ol¬-a! – deya Zomin hali ham sharmanda gaplaridan toymagan ikki yigitga yaqinlashdi-yu, ularga: «Do'stim gaplaringizga chidolmay, sapchib ketdi, bas qilinglar-da endi!» – deya xitob qildi. Ammo yoshlar uni masxara qilgandek, latifalarining badtarini aytishdi va bahorgi baqalardeq gulduros qahqahlashdi. U yana bir narsa demoqchi bo'ldi, lekin ko'rdiki, bular uni umuman inobatga olishmayapti… «Uydagilarning e'tiboridan qolgan bo'lsang, bular seni kim deb bilardi?! – degan xayolga bordi Zomin, va yana bir shubhasini tekshirmoqchi bo'ldi.

O'z ishlariga ko'milib o'tirgan «sobiq»lardan birining oldiga bordi-da, unga salom berdi. Qartang javob bermadi. Qulog'iga og'irroqdir, – deya, yoshroq «sobiq»lardan birini topdi. Bunisi rivoyatlarga ko'ra o'zog' yili dengizda cho'kib ketgan edi.

Dastlab unga shishada suv taklif qilmoqchi bo'ldi, keyin esiga rivoyat tushib, yaxshisi chekishga taklif qila qolay deb, unga murojat qildi: «Ko'chaga chiqib havoni bulg'ab kelmaymizmi?» Ammo cho'kindidan javob bo'lmadi. Ko'zlarini ekranga qadaganicha, u kompyuter tublarigi g'arq bo'lardi. Zomin bir narsani anglagandek bo'ldi. Mug'raq yonidagi pardalangan derazaga qaragan edi, osmon ochilib, quyosh chiqayotganini ko'rdi-da, qo'lidagi dasta qog'ozlarini shu erda tashlaganicha tashqari shoshildi.

Ulug' bir kashfiyot tomon intilgandek, entikib, sarosimalanib tashqari chiqib bordi. Quyosh uning yuziga urdi. Ko'zlari nurdan qamashdi.

Zo'r ishtiyoqda u ortiga o'girildi:
Zominning soyasi yo'q edi.

Abdulhamid Ismoil

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube