O’zbekiston Xalq Harakati

ODAM O'LDIRISh IDORASINING YoZMALARI

ODAM O'LDIRISh IDORASINING YoZMALARI
20 Temmuz 2020 - 14:50 'da yuklandi va 1152 marta o'qildi.

(Nabijon Boqiyning “Qatlnoma”si haqida)

Aslida bu asar 1991 yilgi “Sharq yulduzi” jurnalining 5-6 sonlarida, bir yildan keyin G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida chop etilgan edi. Ammo keyinchalik, ma'naviy hayotimizning bu kitobga ehtiyoji qanchalik katta bo'lmasin, qayta nashr etilmadi. Nihoyat, keyingi uch yillik ichra yurtimizda ro'y bergan va hozir ham davom etayotgan katta reformatik o'zgarishlarning yorqin dalillaridan biri sifatida, muallifning katta mehnati samarasi bo'lib 2020 yilda yangi faktlar bilan to'latilib o'quvchilarga yangitdan sovg'a qilindi. (N.Boqiy. “Muharrir nashriyoti”, Toshkent, 2020. 396 bet.). Asar, stalinizm istibdodi haqidadir. I.V.Stalinning qattolliklari ilk bora 1956 yilda ko'mfirqaning XX s'ezdida KPSSning yangi boshlig'i N.S.Xrushchyov tomonidan butun jahon xalqlariga bildirilgan edi.

Uning bayonoticha, 1941-45 yillardagi urushlarda 20 million sho'ro xalqlari halok bo'lgan bo'lsa, stalinizmning qorong'i zindonlarida ham 20 million odam o'ldirilgan. Maqtullarning katta qismi O'zbekistonga oiddir. N.Boqiyning “Qatlnoma”si DHQda saqlanayotgan yozmalar asosida o'sha davr manzaralarini beradi. Biz kitobda Vatan muhabbatidan boshqa hech bir gunohi bo'lmagan fardlarimiz qanday nohaqlik bilan sindirilgani va o'ldirilganini ko'ramiz. Muallif Abdulla Qodiriyni kimlar, qay yo'sinda, qaerda, qachon va nima uchun qatl qilganlarini ko'rsatish uchun gapni o'sha “shaxsga sig'inish fosh qilingan” zamondan, ya'ni 1956 yil, 9 yanvarda buyuk yozuvchimizning ikkinchi o'g'li Mas'ud Abdullaev “So'sialistik Sho'ro Jumhuriyatlari Ittifoqining Bosh prokuroriga” yozgan shikoyatidan boshlaydi: “Mening otam O'zbekiston … jinoyat kodeksining 57-moddasi, 66-moddasining 1-bandi bo'yicha… o'n yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi…”, “…otamning asarlari adabiy qusurdan xoli emasdi, ayrim o'rinlarda u xato qilgan, adashgan” deb ehtiyot jumlasini ham qo'shadi.
Bu hujjat bilan tanishgan Nabijon Boqiy yozadi: “… Mas'ud Abdullaevga kimdir aytib turib shikoyat yozdirganga o'xshaydi…” Shikoyat boshida “otam O'zbekiston jumhuriyati Jinoyat Majmuasining 57-moddasi, 66-moddaning 1-bandi bo'yicha Harbiy hay'at hukmi bilan o'n yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi” deyilgan-u, ammo, shikoyat davomida “nega u o'n sakkiz yildan beri dom-daraksiz?” deb so'ramagani qayd etiladi. Aytib turgan kimsa moddaga atigi bir son qo'shsa, ya'ni 57-modda 58-moddaga aylanib, 66-moddaning1-bandi 2-bandiga aylanib baholansa inson OTUVga hukm qilinishini yaxshi bilardi, atayin modda raqamlarini chalkashtirib yozdirgani ma'lum qilinadi.

Mas'ud Abdullaev o'z arizasida akasi Habibulla Qodirov (Habibulla Qodiriy) ham 1945 yil 28 may kuni asossiz qamoqqa olingani haqida og'iz ochmagan edi. Aftidan, bu gapni qo'shadigan bo'lsa, masala chigallashuvi mumkin edi. Habibulla Qodiriy o'zining nohaq qamalganini aytib, Moskvaga oqlanishni talab qilib maktublar yozgandi. “Nihoyat, 1956 yilning yanvar oyi oxirlarida ozodlikka chiqdim”, deydi u. Ammo uyiga kelganda, otasi katta mehr bilan qurdirgan shiyponni isqirt, ko'rimsiz, odam qarashga ham jirkanadigan holda ko'radi. “Bu joylar musodara qilindi, oldin shiyponni bolalar bog'chasi qilishdi. Bog'cha ko'chib ketgach, otxonaga aylantirishdi. Ariq bo'yiga shag'al yotqizib, cho'chqaxona qurildi”,-deydi singlisi Anisa. Mahalla keksalari esa:”Bu otang Julqunboy qanday kasofat odam bo'lgan? Uning kasriga qolib biz cho'chqa shaltog'ini ichib o'tiribmiz” deb to'ng'illashadi (u paytlarda hali vodoprovoz o'tkazilmagan, odamlar ovqatga, ichishga faqat cho'chqa yuvindisi bilan “tabarruk” qilingan ariq suvidan foydalanar, suvga achchiq tosh tashlab, tindirib ichardilar). Habibulla Qodiriy otxonayu cho'chqaxonani yo'qotishga otlanadi. Kommunal xo'jalik bo'limida ham musodara haqidagi gapni takrorlashadi. Habibulla Qodiriy Turkiston o'lka Harbiy Prokuraturasiga “Dadamiz sud qilingach, uy-joyi musodara qilinganmi-yo'qmi, bilib berishingizni va guvohnoma berilishini so'rayman” degan mazmunda ariza beradi. Ikki-uch haftadan so'ng Harbiy Prokuraturadan chaqiruv qog'ozi kelganda, Habibulla Qodiriy TurkVOga boradi, Turkiston o'lka Harbiy Prokurorining katta yordamchisi Bichkov uni qabul qiladi.

-Bizda otangizning ism-familiyasi, stat'yasi yozilgan bir ro'yxatdan boshqa hech qanday hujjat yo'q. Hujjatlar Moskvada, arxivda saqlanadi. Biz Moskvaga otangizning sud delosini talab qilib xat yozishimiz kerak bo'ladi. Hozircha sizga hech qanday javob berolmaymiz,-deydi u.

-Mayli, talab qilinglar, kutamiz,-deydi Habibulla Qodiriy va rahmat aytib chiqib ketayotganda:
-Menga qarang, yigitcha, sizlarga otangizning uy-joyi kerag-u, o'zi kerak emasmi?-deb so'raydi Bichkov.
-Kerak, nega kerak bo'lmasin…
-Unday bo'lsa Harbiy Prokuratura nomiga otangizning jinoiy ishini qayta ko'rib chiqilishini va oqlanishii so'rab ariza yozib keltiring.

Habibulla Qodiriy ariza yozib keladi va prokurorning ko'rsatmalari asosida unga o'zgartishlar kiritib beradi. Oradan etti-sakkiz oy o'tadi. Bu jimlik oylari edi. Nihoyat 1957 yil fevral oxirlarida yana chaqiriq qog'ozi keladi. Bu gal uni podpolkovnik Grishchenko familiyali harbiy prokuror qabul qiladi. Abdulla Qodiriy ishi nazorat tariqasiga qaytadan ko'rish uchun o'ziga topshirilganini aytib, ko'p narsa notanishli-gi, chigal masalalarni echmoq uchun Qodiriy kim, u yashagan davr haqida hamda qanday yozuvchilarni bilishi va hokazolar haqida ko'p savollar beradi. So'ngra Grishchenko deyarli hamma yozuvchilarni birma-bir chaqirib, ulardan qayta guvohlik xatlari ola boshlaydi.

Shu tariqa Nabijon Boqiy Abdulla Qodiriy boshiga tushgan ishlarni birma-bir fosh eta boradi.

Bir ora Grishchenko bir qancha yangi guvohlik xatlarini olgandan so'ng, Habibulla Qodiriyga “Bu deyman, yozuvchilaringiz yoppasiga Siyosiy idoraga a'zo (GPU agentlari) bo'lavergan ekan-da”,- degandi, ishlarni o'rganish jarayonida bu–haq gap ekanligi qalqib chiqadi. O'zi aslida Yozuvchilar uyushmasi davlat tashkiloti emas, jamoat tashkilotidir. Ammo bu yillarda doim davlat idoralari bilan ishbirligi qilib ijodiy bahsu munozaralar o'rniga, yozuvchilarga tuhmat yog'dirish bilan ovora bo'ladi..

1936 yilda Oybek Hamid Olimjon tahriri ostida “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo'li” nomli “g'oyaviy” risolasini chop etadi
va unda “O'tkan kunlar” romanining uslubini “eski adabiyotimizning tamtaroqli, mubolag'ali, tantanali, faqat sun'iy, o'lik uslub” deb ta'riflaydi. “Otabek faqat ishq yo'lida jasorat ko'rsatadi. O'z ijtimoiy qiyofasini ko'rsatishi lozim bo'lgan joylarda, el kulfati oshgan kezlarda u ko'rpaga burkanib oladi…” “Mehrobdan chayon” romanida Anvarning o'rdada mubolag'ali jasorat ko'rsatib “adolat” haqida bong urishi Ra'no uchundir. Agarda xon uning Ra'nosiga ko'z olaytirmaganda bosh munshiy vazifasida davom etib, mustabid xonga xizmat qilib keta berar edi”,- deb yozadi Oybek va Karl Marksning og'zidan tushib qolgan, chaynalgan saqichini takrorlab: “Tarix — sinflarning kurashidan iboratdir“ deb ta'kidlaydi va qo'shimcha qilib yozuvchi “tipik sharoitda tipik xarakterlarni” ko'rsatishi kerak” deb o'tadi, holbuki bu gap ham ovrupolik bir “faylasuf”ning og'zidan to'kilib qolgan saqich edi. Abdulla Qodiriyning ba'zi hajviy va yumoristik asarlari haqida ham Oybek biryoqlama, sub'ektiv fikrlar aytadi: turmushdagi kamchiliklarni do'stlarcha ochish, tanqid qilish o'rniga masxara qilish, undan kulishga tamoyil ko'rsatar emish. Xullas, Oybek bu risolasi bilan Qodiriyning xalq dushmani sifatida ayblanishi uchun bahonalar tayyorlab bergan edi.

G'afur G'ulom 1938 yilda Abdulla Qodiriy haqida dastlabki ko'rgazmasini bergan va bu ko'rgazma (va boshqa ko'rgazmalar) asosida Abdulla Qodiriy qatl etilgan edi. Endi o'sha ko'rgazma asosida prokuror Grishchenko G'afur G'ulomni so'roq qilish uchun o'z huzuriga chaqiradi. Bu paytda hali KPSSning Stalin shaxsiga sig'inish haqidagi s'ezdi bo'lib o'tmagan edi. Ayyor kommunistlar imperiyasining etakchilari, agar Stalin shaxsiga sig'inish masalasi ko'tarilsa, maqtullarning asosiy chaqimchilari o'z ko'rgazmalariga qanday munosabatda bo'lisharkan, degan xavotir bilan ulardan tezlik bilan yangi ko'rgazmalar olib ulgurishga kirishadilar. KPSS ning XX s'ezdi 1956 yil 14-25 fevral kunlari “I.V.Stalin shaxsiga sig'inishning oqibatlari to'g'risida” qaror qabul qiladi. Turkiston Harbiy Okrugi prokurorining yordamchisi, adliya podpolkovnigi Grishchenko 1956 yil 16 yanvarda, ya'ni XX s'ezddan bir oy oldin G'afur G'ulomni guvoh sifatida o'z huzuriga chaqiradi. Yaqin orada siyosatlar o'zgarajagini etti uxlab tushida ham ko'rmagan G'afur G'ulom Grishchenkoga guvoh sifatida qo'rqa-qo'rqa, ikkilana-ikkilana yangi ko'rgazma beradi.

“Abdulla Qodiriy “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kitoblarida Xudoyorxon hukmronlik qilgan davrni yoritgan. Abdulla Qodiriy bu asarlarida o'ris xalqiga qahr-g'azabini to'kib solgan. Temurlang, Umarxon zamonidagi “oltin davr”ni qo'msaydi. Agar o'shalar kabi xonlar bo'lganda bormi, o'rislar ikki dunyoda ham Turkistonni bosib olisholmasdi, deb hisoblardi. Abdulla Qodiriy o'z asarlarida Xudoyorxonni uquvsiz hokim sifatida qoralaydi; o'sha yaramas oxir-oqibatda Turkistonni o'rislarga topshirib qo'ydi, deydi. “Obid kelmon” romanida Qodiriy yakkaxo'jalikni ulug'laydi, jamoa xo'jaligi qurilishini qoralaydi. Bu romanida Qodiriy siflis (tanosil) kabi yuqumli kasalliklar Turkistonga o'rislar tomonidan keltirilgan, deb talqin etadi. Abdulla Qodiriy “Kalvak Maxzum” asarida Kalvak timsolida kalavasining uchini yo'qotib qo'ygan, eskichaga mukkasidan ketgan musulmonni tasvirlaydi; hajviy asar qahramoni qulay fursat tug'ildimi – bas, darrov yangilikni qoralab, eskilikni targ'ib qiladi,” (“Qatlnoma”, 50 b.)

G'afur G'ulom yana “Qodiriy o'z asarlarini uyg'ur tilida ham chop etib, Qoshg'arga yuborishni orzu qilgandi”, “Vadid Mahmud, Cho'lpon, G'ozi Yunusov qalin do'stlari edi” , “1936 yili, Qozon shahrida, agar urush boshlansa, Hitler g'alaba qozonadi, degandi ”,
“Abdulla Qodiriy Nabi Sharipovning uyiga Cho'lpon bilan birga borgan, o'shanda Cho'lponning tog'asi Zohiriddin A'lam zayomga yutuq chiqsa, musulmon odam puldan foydalanish huququqiga ega emas, uni beva-bechoraga hadya etishi lozim, degandi, yana “qushxonadan go'sht xarid qilmaslik kerak” deb gapirganlarini qo'shimcha qiladi.
Shu tariqa G'.G'ulom ko'zini chirt yumib, ikkinchi bora xoinona ko'rgazma beradi. G'afur G'ulomning 1938 yilgi va bu 1956 iilgi
yanvar ko'rgazmasini o'qigan Habibulla Qodiriy to umrining oxirigacha otasining fojiali o'limiga G'afur G'ulom sababchi bo'lgan, deb taxmin qiladi. Shu bois prokurordan, “men yangi yozayotgan xotira kitobimda otamning qamalishiga va otilishiga G'afur G'ulom aybdor, deb yozsam bo'ladimi, deb so'raydi. KGBning mas'ul xodimi: “Agar aniq dalilingiz bo'lsa yozishingiz mumkin, aks holda tuhmatchi sifatida jazolanasiz”, “Biz bunday ma'lumotga ega emasmiz”, deb javob berishadi. Ya'ni umrbod Sovet hokimiyatiga sodiq qolgan chaqimchi shoir himoya qilinadi (“Q.”, 46 bet).

Abdulla Qahhor 1938 yili “Abdulla Qodiriyning burjua millatchilik ruhdagi “O'tkan kunlar” romani haqida va “Obid ketmon” haqida yozilgan xulosalarga N. Oxundiy, H. Qurbonov, S.Husainov, O.Sharafiddinovlar qatorida imzo chekkan.
1956 yil 11 aprelda podpolkovnik Orzumanovning so'roviga javoban Abdulla Qahhor, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining hujjatgohi yo'q va “O'tkan kunlar”,”Mehrobdan chayon”, “O'id ketmon” asarlari kutubxonalardan yig'ib olingan bo'lib u asarlar bilan tanishib ko'rishning iloji yo'qligini bildiradi.

Nabijon Boqiy, Abdulla Qahhor, prokurorning savoliga aniq javob qaytarishdan o'zini chetga tortadi va “nahot, 1956 yili Qodiriy haqida bir shapaloq iliq gap yozib yoki yozdirib, rasmiy qog'ozga imzo chekishdan cho'chigan bo'lsa? Nima, uni mansabidan bo'shatib yuborisharmidi… deputat mansabidan mahrum etisharmidi?” deb yozadi (“Q”, 84 b.)

Grishchenko Anqoboy Xudoyvohidov, G'ozi Yunus (G'ozi Olim Yunusov), Izzat Sulton, Tursun Ibrohimov kabi o'nlab yozuvchilarning arxivdagi yozmalari bilan tanishadi. Qamoqdagi ijodkorlarning ham ko'rsatmalarini o'qiydi. Ularning hammasi Abdulla Qodiriyni xalq dushmani, millatchi deb ta'riflashadi.

Biroz vijdoni, milliy g'ururi uyg'oq o'quvchi, nahotki, hech bir qalamkash: “Yo'q! Unday emas!” deb isyonga kelmagan bo'lsa?!” deya yoqa ushlashi mumkin, albatta. Ammo saltanat sohiblari, ayniqsa, Stalin istibdodining amaldorlari bu borada insonparvarlikdan yiroq edilar. Ular oldindan milliy idoralarning ichlariga o'zlarining fitnachi, makkor ofitserlarini, biror yo'lboshchi kabi yoki yozuvchi o'rnagi kabi o'rnashtirib qo'yardilar. Bular o'z navbatida ish jamoasi orasida markaziy mafkura siyosati olib borardilar. Nabijon Boqiy ularni shartli ravishda G'OYaDOR deb nomlaydi. O'zbekiston yozuvchilar uyushmasida Sheverdin degan shunday g'oyador bor edi. G'OYaDOR kelajakda turkiylarning jigar-bag'ri bo'lgan o'zbeklarni yana milyon-milyon zarralarga bo'lib tashlashni, o'sha zarralarni birlashtiradigan har qanday qudratli kuchni palag'da qilib qo'yishni o'ylagan edi, bu borada besh yilga, etti yilga, etmish yilga mo'ljallangan rejalar tuzgandi. Albatta, hozir qo'limizda G'OYaDOR rejasining asl nusxasi yo'q. Lekin yuzma-yuz turgan hujjatlar bunday ko'rsatmalar, qarorlar bor ekanini isbotlab turibdi”, deb yozadi muallif (“Q.”, 88 b.).

Mixail Ivanovich Sheverdin 1899 yilda Novogeorgievsk shahrida tug'iladi. Petrogradda yo'l injenerligi institutida o'qiydi. Oktyabr inqilobining dastlabki yillarida maxsus topshiriq bilan Samarqand viloyatida va Qoraqumda Sovet hokimiyatini o'rnatish ishiga yuboriladi. O'zbekistonda, Turkmanistonda, Tojikistonda qizil armiya qismlarida siyosiy ishlarni olib boradi. VKP(b) MK O'rta Osiyo Byurosining shunchaki fikr tarqatuvchisi emas, ayni chog'da KO'RSATMA beruvchi va berilgan KO'RSATMAning bajarilishini nazorat qituvchi “Firqa uchun” jaridasining YaLOVBARDORI edi. Uzoq yillar “Pravda” gazetasining O'rta Osiyo bo'yicha muxbiri bo'ladi. KPSS a'zosi. “O'zbeklarning birinchi romani” maqolasida Otabekning ilg'or qarashlari, odamlar orasidagi nutqlari keltiriladi… “xon musulmon edi, beklar musulmon edilar va qozilar musulmon edilar. O'g'rilarning qo'lini kesishardi… Ayollarni esa minoralardan tashlab yuborilardi” degan parchalar keltiriladi. Talqin qilinayotgan voqealar zamon va makondan tashqarida ro'y beradi. Talqin qilinayotgan tarixiy voqealar Otabek, Yusuf hoji va boshqa qahramonlarga ta'sir ko'rsatmaydi… Qahramonlar hayot haqiqatidan uzoq”,- deb yozadi. U Qodiriyning romani G'OYaVIY JIHATDAN BIZGA YoTDIR!” deb e'lon qiladi va vakolatli FIRQA tashkilotining vakili sifatida vaqtli matbuotni “O'tkan kunlar”ni “toshbo'ron” qilishga safarbar etadi.” (“Q.”,110 va 119 betlar). Biz Oybek, G'afur G'ulom, Abdulla Qahhor, Izzat Sulton ko'rgazmalarini Sheverdin maqolasi bilan solishtirib ko'rsak, ularning hamohangligini, shu maqoladan o'rnak olganlarini ko'ramiz.

Jahon afkor ommasining oldiga chiqqanda, kommunistlar, biz millatchi emasmiz, baynalmilalmiz deb bong urardilar. Bir jihatdan qaraganda gaplari rost. O'zbek ziyolilarining tergovchilari Alekseev, Boldiryov, Leonov, Fedotov, Matveev, Grishchenko singari ruslar, Og'abekov, Apresyan kabi armanilar, Trig'ulov, Hasanovdek tatarlar edi va hokazo. Ular yozuvchilarni terib olishda ham mallatiga qaramas, rusmi, ukrainmi, ozarbayjonmi, tatarmi, qozoqmi – hammasini birma-bir o'limga mahkum etaverardilar.Ular bir narsaga qaror qildilarmi, bas, ayblar istagancha topilardi.

Misollar: O'zSSR KGB si Andijon viloyati bo'limining sobiq xodimi L.D.Chaliy guvoh sifatida so'roq qilingan paytda quyidagicha ko'rgazma bergandi: “O'zSSR Ichki ishlar xalq komissarpning sobiq o'rinbosari, d/x mayori Leonid Ishoqovich Leonov-Nemirovskiy zudlik bilan adreslar stolidan chetellik kishilar ro'yxatini bilib berish haqida bo'lim boshlig'i Raim Hasanovga ko'rsatma berdi.Hasanov tegishli ma'lumotni tayyorlab,
Leonovga topshirdi. Va ko'p o'tmasdan latish Kazisni, litvalik Tomasni, nemis Indensni qamoqqa olish to'g'risida bizga buyruq yubordi. O'zSSR NKVDning sabiq xodimi L.V.Fedotov esa keyinchalik shunday mazmunda ko'rgazma bergan edi: 1938 yilning fevral oyida telefon orqali ma'lum qilingan EJOV ko'rsatmasiga ko'ra, O'zSSR NKVD DXBning III bo'limi chegaradan qochib o'tgan xitoyliklarni qamoqqa olishga tayyorlana boshladi, Toshkentda xitoyliklar yuz kishidan oshmasdi. Shuning uchun G'arbiy Xitoydan SSSRga qochib o'tgan uyg'urlarni hech qanday dalil bo'lmasa ham, josuslikda ayblab qiyratildi (“Q”- 200 bet).

O'zSSR NKVD Davlat Xavfsizligi Boshqarmasining xodimi Nurlin Ishoqovich Trig'ulov yozuvchilar qirg'ini kunlarida Abdulla Qodiriyning uyini bosgan va Mavrin bilan birgalikda tintuv o'tkazib ishga aloqador dalillar sifitida uning adabiyotimiz uchun juda muhim bo'lgan bir jomadon maktublari, fotosuratlarini ham musodara qilgan. Qodiriy 1937 yil 31 dekabrdan 1938 yil 4 oktyarga qadar tergov qilinib, otishga hukm qilingunga qadar bo'lgan butun jarayonni boshqargan. Oxir-oqibatda shunday aybnoma tayyorlagan (qisqacha bayoni): Abdulla Qodiriy millatchi “Milliy istiqlol” tashkilotining faol a'zosi; “Mushtum” jurnalida ruslarga qarshi asarlar yozgan; “O'tkan kunlar” romanida eski milliy tuzumni ko'klarga ko'tarib, Sho'ro Ittifoqini mustamlakachi davlat sifatida tasvirlaydi; “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” asarlarida burjua millatchilik g'oyalarini ilgari suradi, “bolshavoy”larning firqasiga bo'hton ag'daradi; chetel bilan aloqada bo'ladi.

Ayblanuvchi taqilgan ayblarning qo'p qismini tan oldi, ammo to'la tan olmadi, aksilsho'roviy tashkilotga a'zoligini inkor etdi. Lekin o'sha tashkilot a'zolari bo'lgan mahbuslar –Sa'dulla Tursunxo'jaev, Salimjon Tillaxonov, G'ozi Olim Yunusov va boshqalar –hammasi bo'lib 15 kishining ko'rgazmalari asosida ayblar fosh etildi. Va tegishli moddalar bo'yicha SSSR Oliy Sudi Harbiy Hay'atida ko'rib chiqishga tavsiya etildi. Imzolovchilar: Trig'ulov, Bogomolov, Matveev. Aybnoma SSSR Oliy sudi Harbiy Hay'atiga tavsiya etilganiga ko'ra Trig'ulovni ijrochi deb baholash mumkin, Asosiy “rejissyorlar” esa 1938 yil 4 okyabr' kuni o'zlarining sayyor majlisida Trig'ulov aybnomasini tasdiqlaydilar (Aleseev,Boldiryov, Batner). Abdulla Qodiriy shu kuniyoq otiladi.

“Qatlnoma”da keltirilishicha, Habibulla Qodiriy 1945 yili 28 may kuni qamoqqa olingan paytda Abdulla Qodiriyning shaxsiy mol-mulki yana bir marta musodara qilinganini yozadi.Bu gapning haqligini KGB xodimi Golubevning iqrornomasi (tilxati deyish ham mumkin) tasdiqlaydi.

“1945 y. 28 may Habibulla Qodiriy xonadonida Haydar Umarov guvohligida tintuv payti quyidagi buyumlar topildi va musodara qilindi:
Boshpurt, Harbiy daftarcha, Kasaba uyushmasi hujjati, Habibulla ABDULLAEV (ya'ni Habibulla Qodiriy)ning talabalik daftarchasi, 39 dona foto,
HABIBULLA QODIRIYNING 219 VARAQDAN IBORAT HAR XIL YoZIShMALARI.
Arab alifbosida muqovalangan 70 dona kitob.
Arab alifbosida, muqovalanmagan 12 dona kitob.
A. Qodiriyning kitoblari:“O'tkan kunlar”- 6 dona, “Mehrobdan chayon”- 6 dona, “Tulki bilan tentak”- 2 dona, “Shubha” – ikki dona, “Berdi tatar”- 6 dona.
ABDULLA QODIRIYNING 2060 VARAQ QO'LYoZMASI va
IKKITA DAFTARChASI.
Qodiriyning “Qiyomat” kitobi – 1 dona.
F.Xo'jaevning surati bosilgan nomsiz jarida – 1 dona.
Ibrohimovning “Turon, Temurlang” kitobi -1 dona.
“Mushtum” jurnalining taxlami.
A.Q. maqolalari chop etilgan arab imlosidagi “Ulug' Turkiston”
ro'znomasi -164 dona.
ABDULLA QODIRIYNING BEShTA DAFTARI.
ABDULLA QODIRIYNING ShAXSIY YoZIShMLARI -154 VARAQ.
Xalq dushmanlarining maqolalari chop etilgan “Muqaddas qabr toshida” kitobi – 1 dona.
“Sho'ro davlati” jaridasining 1935 yilda nashr etilgan 4-, 7-, 8- sonlari.
Jo'g'rofiya xaritasi, bir dona.”
Habibulla Qodiriy otasining mol-mulki qaytarilishini so'rab ariza yozganda “Ular hammasi yoqib yuborilgan”, deb javob berishadi. Kimlar, qachon bu jinoiy ishni ado etgani to'g'risida akt va boshqa hujjatlar so'ralganda, bunday narsa yo'q deb javob berishadi.
Ko'ryapsizmi, aziz o'quvchi, bizning milliy g'ururimiz qanday toptalgan?! Biz qanday durdonalarimizdan mahrum qilinganmiz.
Abdulla Qodiriyning qaerda va qachon o'ldirilganligi (balki, o'ldirilmaganligi, ehtimol, surgun qilinganligi) 1938 yildan buyon, faqat qondosh-qarindoshlari emas, savodli xalqimizning jumlasini og'ir o'ylarga solib kelar edi. Yozuvchining ayoli va o'g'il-qizlari uning o'lganiga ishonishmas, qachondir, bir kuni to'satdan uyga kirib keladi, deb o'ylashardi. Birda KGBda qorovul bo'lib ishlaydigan bir tanishlarining “Julqunboy tirik, Sibirga surgun qilingan”, degan gapi, birda Magadan yo boshqa biror erdagi “surgundan qaytgan maxbus”ning “men Qodiriyni bir ko'mir konida ko'rganman” deb daraklab ketgani bunday umidlar chirog'ini ko'tarib ketardi.

Ammo M.S.Gorbachyovning oshkoralik siyosati davrida O'zbekiston yozuvchilar uyushmasining KGBga ochiq xatiga javoban, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat, G'ozi Yunus va Elbeklar 1938 yil 5 oktyabr kuni otib o'ldirilganligi haqida javob berildi.

Ammo Nabijon Boqiy KGB hujjatgohiga kirganida OTISh hukmi 5 oktyabrda chiqqani, ammo o'zlari 4 oktyabrda otilganlari haqidagi hujjatlarga duch keladi. Ya'ni oldin otib tashlab, so'ng otish hukmi yozib qo'yilgan edi. Ammo hali-hanuz hukm qaerda ijro etilganini KGB rahbarlari yaxshi bilishsa ham, millat va qon-qarindoshlarga mutlaqo aytilmas edi. Shuncha yillik qidir-qidirlar kitob muallifi uchun ham besamar ketadi.

Nabijon Boqiy taxminan 1997-98 yillarda bu bir ilohiy tasodif tufayli bu muammoning ham tagiga etdi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi vazifasida ishlayotgan To'ra Mirzo bir kuni Nabijon Boqiyga telefon qilib “Sizni Nuriddin Akramovich (Muhitdinov) so'roqlab yuribdi”, deb qoladi. “Nima ishi bor ekan”, debdi N.Boqiy. “Bilmadim, uch-to'rt marta telefon qildi”, deb N.A.Muhitdinov ishxonasining telefon raqami 398284ni beradi. Ular uchrashadilar…
Nabijon Boqiy yozadi:
“Biz universitetda o'qib yurgan kezlarimizda (ya'ni 66-70- yillarda) N.A.Muhitdinov haqida har xil afsonalar tarqalgan edi: KPSSning qaysidir qurultoyida N.A. o'zbekcha nutq so'zlagan, N.S.Xrushchyovga gap qaytargan, so'ng uning g'azabiga uchrab uzoq yillar xorijiy mamlakatlarda elchi bo'lgan, Moskvada ham uchinchi-to'rtinchi darajali vazifalarda xizmat qilgan, orqasidan ayg'oqchi qo'yilgan va h.z. “

Men N.A.Muhitdinov O'zbekiston KP MK ning birinchi kotibi bo'lib ishlagan 1953-59 yillarda Universitet talabasi edim, N.Boqiydan deyarli 10 yilcha oldin sarkotibimizning milliy faoliyatidan xabardor bo'lgan, buning quvonchlarini o'z boshidan kechirgan guvohlardan biriman. Misollar keltiraman:

1).1958-yili men O'zTV muharriri bo'lgan paytimda TV boshlig'i bir rasmiy yig'ilishda shunday degan edi. “Men hozir Sharof akamning (u chog'da Sh.R.Rashidov O'zSSR Oliy Kengashi Rayosati raisi edi) qabulidan kelyapman: “Hamma narsani biz aytib turishimiz kerakmi? Buer O'zbekiston! O'z TV dasturlarining yarmidan ko'pi o'zbek tilida bo'lishi kerak. Ona tilidagi dastur soatlarini ko'paytiringlar. Bu-O'zKP MK birinchi kotibining ko'rsatmasi, deb aytdilar”.

2).Toshkentda butun ittifoqda bo'lmagan bir tadbir – O'zbekiston Ziyolilarining Birinchi Qurultoyi o'tkazildi. Unda ko'p muammolar qatori XX s'ezd qarorlari asosida qatag'onga uchragan yozuvchilar (Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat, Botu, Elbek kabilar)ning oqlanishi va asarlari qayta nashr etilishi masalasi ham ko'tarildi.

3).1959 yilda Moskvaga ishga olinarkan N.A.Muhaitdinov Toshkentdan Moskvaga poezd bilan ketishni ixtiyor qiladi. Vokzal kuzatuvchilar bilan to'la, poezd siljishga shay edi. Bir payt mikrofonlardan “Poezd Tashkent-Moskva otpravlyaetsya v put'!” degan e'lon eshittiriladi. Ammo N.A.Muhitdinov vagonga chiqmaydi. Moskvadan Muhitdinovni kuzatib borish uchun kelgan rus ofitserlari unga: “Poezd yurishi kerak, nima uchun o'rningizga chiqmayapsiz?” deyishadi. N.A. ularga: “Predstavlyayte, chto ya 70-80- letniy starik-uzbek, i ya ne znayu russkogo yazyka. Ob'yavleniya ya ne ponyal…” – deydi. Shundan keyin darhol (va abadiy) harakat haqida o'zbekcha e'lon beriladi.

4). Moskvada N.A.Muhitdinovning uchinchi-to'rtinchi darajali vazifalarda xizmat qilgani haqidagi ma'lumot ham to'g'ri emas. N.S.Xrushchyov mamlakatga rahbarlikni olib borish uchun Kremlda
bitta Bosh sekratar va beshta oddiy sekretar vazifalarini ta'sis etgan edi. Birinchilik Bosh kotibda, ikkinchilik beshta kotibda edi. Besh kotibning biri N.A.Muhitdinov edi. Buni shu narsa ham yaqqol isbotlaydiki, shu yillari Ukraina SSR xo'jalik sohasidagi katta yutuqlari uchun Lenin ordeni bilan mukofotlanadi va ordenni Ukraina rahbarlariga topshirish uchun
N.A.Muhitdinov safarbar qilinadi. Muhitdinov Kievda hech qanday matnga qaramay olti soat ma'ruza aytadi, ukrainlarning butun tarixi va buguni haqida aytgan fikrlari bayram ahli tomonidan o'nlarcha marta gulduros qarsaklar bilan qarshi olinadi va ukrainlar o'rtasida, qaniydi keyingi s'zdda shu odam KPSSning birinchi kotibi bo'lsaydi, deguvchilar ko'p edi.

Bir ora N.S. Xrushchyov Markaziy Rossiyadan bir million kishini O'zbekistonga ko'chirish to'g'risida N.A. bilan gaplashganda , u bu fikrni yoqlamaydi, xalqlar do'stligiga ziyon keltiradi deydi. Xuddi I.V.Stalin S.M. Kirovni faqat rashk tufayli yo'q qilganiday, N.S. ham N.A.ni yo'q qilish haqida o'ylay boshlaydi va tez orada M.A. ketayotgan engil avtomashina bilan yuk mashinasi to'qnashuvi sahnasi yuz beradi. Qattiq jarohatlangan yurtdoshimiz Kreml' kasalxonasida davolanadi. Ammo endi u ilgarigi N.A. Muhitdinov emasdi. U bir qadar o'ziga kelgandan keyin Suriya, Pokiston singari mamlakatlarga elchi qilib yuboriladi. V.M.Molotov Mongoliyaga elchi qilib yuborilganda N.A.ning bu yoqlarga yuborilishi ancha yuqoriroq emasmi?

Nuriddin Akramovich Nabijon Boqiy bilan uchrashganda gap darhol “Qatlnoma” ustida ketdi. “Kitobingizni sinchiklab o'qidim, ma'qul bo'ldi. O'sha mudhish voqealar xuddi shunday nuqtai nazardan yorilishishi kerak. Siz to'g'ri yo'lni tanlagansiz”,
deydi Nuriddin Akramovich. U ayni chog'da Nabijon Boqiyga, men siz bilan “Qatlnoma”dagi ikki masala haqida gaplashmoqchi edim, biri Abdula Qodiriyning 4-mi; yo 5 oktyabrdami otilgani, ikkinchisi Abdulla Qodiriy otilgan er haqida”, deydi.

Nabijon Boqiy KGB dagi matbuot guruhining boshlig'i Aleksandr Nikolaevich Blagorodov bilan suhbati haqida N.A.Muhitdinovga gapirib beradi. “Blagorodov ixtiyorida hukm ijro etilgan joy to'g'risida rasmiy hujjat bo'lishi mumkin, lekin o'sha hujjatni menga bermagan, oshkor etishni istamagan”, deydi N. Boqiy. Ayni chog'da u KGB xodimi, podpolkovnik V.A.Petlin ishtirokida 1988 yil yanvarda kasal yotgan H.Qodiriy bilan suhbatini aytib beradi. O'shanda Habibulla Qodiriy otasining jinoyatnomasi bilan tanishishga ruxsat so'raydi, ammo Petlin ruxsat yo'qligini aytadi. H.Qodiriy otasining otilgan va ko'milgan joyini surishtiradi. Petlin, Abdulla Qodiriy Fayzulla Xo'jaev rahbarlik qilgan aksilsho'roviy tashkilotga a'zo bo'lgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, otishga hukm qilingan. Bunday kishilarninpg ko'milgan joylarini aniqlash imkoniyati yo'q, degan. Shundan keyin N.A.Muhitdinov bir voqeani aytib beradi:
“ – … men 50-yillarda O'zbekiston kompartiyasining birinchi kotibi edim. U paytlarda birinchi kotib respublikaning amaldagi rahbari hisoblanardi, … men KGB hodimlaridan Abdullar Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat kabilarning hukm ijro etilgan joylarni ko'rsatinglar, deb talab qilganman. Ular meni podvalga olib tushgan… beton xonaga faqat eshikdan kiriladi. Otuv hukmi shu erda ijro etilar ekan. Soqchi mahbusni o'sha xonaga kiritadi, hukm o'qib eshittiriladi, maxsus rota soldatlari esa hukmni ijro etadi. Otib o'ldirilgan mahbus tsementlangan polga yiqiladi, jon beradi. Qonga belangan ust-boshlari echib olinadi. Jasad esa zambilda boshqa bir xonada joylashgan krematoriy o'chog'iga tiqib yuboriladi. Ming darajadan yuqori issiqlik to'plangan, qip-qizil cho'g'dek qizdirilgan po'lat o'choqda jasad birpasda bir hovuch kulga aylanadi-qoladi”.
-Nahotki, Qodiriy ham kuydirib yuborilgan bo'lsa!
-Nafaqat Qodiriy, otishga hukm qilingan hamma mahbuslar otilgan va kuydirib yuborilgan.

-Ular Ajina ko'prik yonidagi qabristonga dafn qilingan deyishadi-ku?!
-Bunday mish-mishni o'sha paytlarda NKVD idorasining o'zi tarqatgan.
-Nima uchun?
-Odamlarni chalg'itish uchun mish-mish tarqatiladi.”
Men Nabijon Boqiyning “Qatlnoma”sini yopaman va muallifning ishi to'g'risida o'ylayman: bu kitobni yozish uchun kishi yuzlab kitob, gazeta, jurnal, ming-ming sahifalardan ortiq hujjatlarni o'qib, dalillarni guruhlab necha-necha qaydnoma daftarlarini to'latishi kerak, axir! Naqadar bir ulkan vazifa muvaffaqiyat bilan bajarilganini, shaxsga sig'inish davridagi odam o'ldirish idorasining mash'um, muhtasham va bahaybat panoramasi yaratilganini tasavvur qilaman, bugun uchun, kelajak avlodlar uchun shahid ketgan buyuklarimizning nomlarini ko'z qorachig'iday asrashga undovchi mo''tabar dalillar majmuasi, balki monumenti ko'tarilganidan yuragim g'urur bilan to'ladi. Men bu muallifga xalq yozuvchisi va tarix professori unvoni berilishini so'rab yuksak idoralarimizni behalovat qilgim kelmaydi. Lekin o'zimizning kamtarona tashkilotimiz – O'zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi “Qatlnoma”ni eng kamida hujjatli publitsistika sohasida yaratilgan YIL KITOBI nomi bilan qutlashini istayman.

MIRAZIZ A'ZAM

2020-yilning28 iyuni.

Manba: facebook.com

Etiketler :
Xabarga o'z izohingizni qoldiring

So'nggi xabarlar
O'xshash xabarlar
xxx video gratis porno italiano
paykasa instagram takipi hilesi instagram followers free followers ak bys ak etme bys shell indir php shell hacklink hacklink al hacklink satn al denizli escort tempobet giri altanya escort bayan ankara escort bayan maltepe escort umraniye escort eskiehir escorteskiehir escort eskiehir bayan escorteskiehir escort

rokettube