O’zbekiston Xalq Harakati

O'XH haqida

MAQSADIMIZ – O'ZBEKISTONDA MAVJUD DIKTATURA REJIMI O'RNIGA ERKIN, HUQUQIY, FUQAROVIY JAMIYaT O'RNATISh

Aziz vatandoshlar!

Qo'lingizdagi kitobcha O'zbekiston Xalq Harakati haqida qisqacha axborot manbaidir. Siz uni o'qib, O'zbekiston Xalq Harakati nizomi va dasturi, shuningdek, Harakat belgisi, Gimni va Harakatni ta'sis qilgan tashkilotlar haqida muxtasar ma'lumotga ega bo'lasiz.

O'zbekiston Xalq Harakati matbuot bo'limi

**********

O'XH QURULTOYI

2011 yilning 23-24 may kunlari Olmoniyaning poytaxti Berlinda O'zbekiston Xalq Harakatining Birinchi Qurultoyi bo'lib o'tdi. Unda muassis tashkilotlar va harakatga a'zo bo'lishni istagan boshqa muxolif tashkilotlarning vakillari qatnashdilar. Qurultoy O'XH ning Nizomi va Dasturini qabul qildi, O'XHning rahbariyatini sayladi. O'ZX tarkibida Muassislar Majlisi, Harakat Markaziy Kotibiyati va Taftish Kengashi tashkil qilindi. Muassislar Majlisining Raisi qilib Muhammad Solih, Markaziy Kotibiyat Raisi qilib Jahongir Usmonov va Taftish Kengashi Raisi qilib Muqimjon Mahmudovlar saylandilar.

O'XH qurultoyida quyidagi tashkilotlar vakillari qatnashdilar:

  1. O'zbekiston “Erk” demokratik partiyasi
  2. ”Tayanch” Madaniy-ma'rifiy jamiyati.
  3. O'zbekiston Demokratik kuchlari forumi.
  4. O'zbekiston inson xukuklari jamiyati.
  5. Yoshlarning mustaqil vakili
  6. Mustaqil shaxslar vakili

**********

O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH)

NIZOMI

O'zbekiston Xalq Harakatining asosiy maqsadi – bu O'zbekiston Jumhuriyatida erkin va ochiq fuqaroviy huquqiy jamiyat barpo etilishi uchun kurashishdir.

Bu kurash yo'lida Harakat o'zini barcha a'zolarining intellektual kuch-qudratlari, zakovatlari, bilimlarini mamlakat fuqarolarining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy haq va huquqlarini to'liq ta'minlanishiga zamin yaratish uchun safarbar qiladi.

Bu yo'lda to'la-to'kis g'alabaga erishish uchun Harakat o'z a'zolarining faoliyatini bir nuqtaga qaratilgan kuchlarning mujassamlashtirish kabi usullarni qo'llaydi va ular yordamida fuqarolik jamiyati uchun zarur bo'lgan barcha qonunlar majmuasini yaratilishiga asosiy e'tiborini qaratadi.

Qabul qilingan barcha qonunlarning bajarilishi, fuqarolarning barcha huquqlarini to'la-to'kis ta'minlanishi uchun jamiyatda zarur bo'lgan fuqarolar nazoratini o'rnatilishiga erishishni o'zining oliy maqsadlaridan biri deb hisoblaydi.

Davlat hokimiyati barcha tizimlarining qonunlarga so'zsiz amal qilishlarini ta'minlash uchun barcha zaruriy choralarni ko'radi. Jamiyatda va hokimiyatda so'z va ish birligini davlatning tamal toshlaridan biriga aylantirilishi yo'lida sobitqadamlik ila kurash olib boradi.

HARAKATGA A'ZOLIK

2. Harakatning Dastur va Nizomini e'tirof etgan, ularga rioya qilish majburiyatini olgan har qanday jamoat tashkiloti, nodavlat va notijorat tashkilotlar yoki mustaqil shaxs (irqi, millati, dini va jinsidan qat'iy nazar) Harakatga ixtiyoriy ravishda a'zo bo'lishlari va a'zolikdan chiqishlari mumkin.

3. Harakatning barcha a'zolari Harakat faoliyati va siyosatiga ta'lluqli masalalarni muhokama qilish, qarorlar ishlab chiqarishda qatnashish, takliflar kiritish, saylash, saylanish va nomzod ko'rsatish (Harakatning O'zbekiston davlati qonunlari doirasida ishlashiga qaramasdan uning a'zolar hayotiga xavf soladigan og'ir norasmiy holatda ishlashga majbur bo'lgan vaziyatlar bundan istisno) siyosiy va ijtimoiy tadbirlarni tayyorlash va ularda qatnashish, Harakatning bosma va elektron nashrlarida ishtirok etish, Harakatning yuridik va moliyaviy yordami hamda xizmatidan foydalanish huquqiga egadirlar.

4. Harakatning har bir a'zosi Harakatning jamiyatdagi obro'siga, uning ijobiy imidjini shakllantirishga o'z hissasini qo'shmog'i, uning siyosatini amalga oshirmog'i, uning dasturi, g'oya va maqsadlarini tashviq etmog'i lozim.

5. Harakat safiga tashkilotlarni qabul qilish Harakatning rahbar organi (ya'ni Muassislar Majlisi) tarafidan ko'rib chiqiladi. Harakat safiga qabul qilish haqidagi qaror jamoat tashkiloti yoki siyosiy partiya bosh rahbarining arizasi asosida, Muassislar Majlisida oddiy ko'pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Mustaqil shaxslarni qabul qilish esa, Harakat ikki a'zosining tavsiyasiga binoan Harakatning joylardagi bo'limlarida amalga oshiriladi.

5.1. Harakat safiga kirishni istagan shaxslarning Arizalarini ko'rish va ularni Harakat safiga qabul qilish ishlari Harakatning joylardagi hududiy tashkilotlari rahbarlari tomonidan olib boriladi. Qabul qilingan yangi ya'zolarning umumiy ro'yxatlari Harakatning har oy yoki kvartalda o'tkaziladigaan Mahalliy Majlisda oddiy ko'pchilik ovoz bilan tasdiqlanadi. Harakatni tark etishni istagan a'zolar bu haqda qisqacha Ariza yozib uni Harakatning hududiy rahbariga topshiradilar va shu daqiqadan boshlab ular Harakat safidan chiqqan deb hisoblanadilar.

6. Harakatning jamiyatdagi obro'siga putur etkazgan, Nizomiga zid harakatlarni amalga oshirgan a'zo (tashkilot yoki shaxs) Harakat safidan o'chiriladi. Bu haqda Muassislar Majlisi yig'ilishida oddiy ko'pchilik ovoz asosida qaror qabul qilinadi. Bunday ishlarni sodir etgan Harakatning mustaqil a'zolari esa ularni Harakatga qabul qilgan Harakatning Mahalliy Majlislar tomonidan a'zolikdan o'chiriladi.

7.Harakat safiga qabul qilish tartibi va a'zolar ro'yxati (hamda ushbu ruyxatning maxfiyligi) Muassislar va Mahalliy Majlislar tarafidan yuritiladi va ta'minlanadi.

8. O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH) har 1 yilda Qurultoy o'tkazib, rahbar organlarini qayta saylaydi. Zaruriy hollarda Muassislar majlisi navbatdan tashqari qurultoy chaqirishi mumkin.

HARAKAT TUZILIShINING TAShKILIY PRINTsIPLARI

9. Harakat o'z faoliyatini g'oyaviy jihatdan fikrlar xilma-xilligining dastur birligi, tashkiliy jihatdan esa yakka holda hamda birgalikda o'z-o'zini idora qilishdan iborat umumiy printsiplarga asoslangan holda olib boradi. O'z faoliyatida fikr-mulohazalar erkinligini ta'minlaydi, oshkoralik va samimiylikka amal qiladi. Harakat faoliyati asosan O'zbekiston Respublikasi hududida, zaruratdan kelib chiqib, uning tashqarisida ham olib boriladi.

10. Harakatning barcha mahalliy bo'limlari va rahbar organlarining ish uslublari o'zaro maslahatlashish, erkin fikr bayon qilish, qarorlarni ochiq ovoz berish yo'li bilan qabul qilish qoidalariga asoslanadi. Qabul qilinadigan har bir echim yoki qaror loyihani shakllantirish bosqichidan tortib, to tasdiqlashgacha erkin muhokama va oshkoralik asosida qabul qilinadi.

11. Harakatning barcha rahbar organlari saylov natijasida shakllanadi. Harakat rahbariyatiga saylov sistemasini ishlab chiqishda, uni amalga oshirishda va o'zgartirishlar kiritishda Harakatning barcha a'zo tashkilotlari va tashabbus guruhlari vakillari faol qatnashishi ta'minlanadi.

12. Harakat rahbar organlarining asosiy vazifasi ular rahbarlik qiladigan harakat a'zolarining talablari, ehtiyojlari, fikrlarini mujassamlashtirish, mujassamlangan shakldagi mulohazalarni qaror yoki echimga aylantirish hamda ularning ijrosini yo'lga qo'yishdan iboratdir. Harakatning hamma qarorlari ovozlar sonining oddiy ko'pchiligi bilan qabul kilinadi. Qabul qilingan qarorlarni Harakatning barcha tashkilotlari va a'zolari bajarishga mas'uldirlar.

HARAKATNING TAShKILIY QURILIShI

13. Harakat a'zolari – siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari yoki nodavlat notijorat tashkilotlar hamda harakatga qo'shilish istagini bildirgan va uni dasturini e'tirof etgan yakka fuqarolar Harakatning negizidir.

Shuningdek, mustaqil a'zolar soni 50 kishilik guruhdan oshsa, ular o'z shahar va viloyatlaridan qurultoyga o'z vakillarini yuborishi mumkin.

Bundan tashqari ushbu tashkilotga a'zo bo'lmagan, ammo uning harakatini qo'llab-quvvatlashga tayyor va Harakatning Nizom va Dastur vazifalariga hamohang fikrlaydigan mustaqil shaxslar Harakatning joylardagi suyanchiqlari bo'lishi mumkin.

Ushbu guruhlarning hisob-kitobini olib borish, hamda ularning harakatiga ko'mak berish (kerak bo'lsa – maxfiy tarzda) Harakatning Markaziy Kotibiyatiga yuklanadi. O'zlarining tashkiliy tuzulmalarini ushbu guruhlar amaliy vaziyatga qarab Harakatning Dastur va Nizomiga zid kelmagan holda mustaqil tarzda tuzadilar.

14. Harakatning Mahalliy Majlislari o'zining mavqei va mahalliy sharoitidan kelib chiqib, Harakat Dasturi va Nizomiga asoslanib, o'z faoliyatlarini mustaqil tarzda olib boradilar.

Harakatning Oliy Boshqaruv organi – Muassislar Majlisidir.

Ijro organi Markaziy Kotibiyatdir.

Taftish Komissiyasi – nazorat organidir.

15. Harakatning Markaziy Kotibiyati a'zolari, negiz tashkilotlari (mahalliy bo'limlar) hamda Harakatning joylarda barcha hamfikr guruhlarning hisobini olib boradi.

HARAKATNING RAHBAR ORGANLARI

16. Harakatning oliy rahbar organi — Qurultoydir. Uni chaqirish muddati va o'tkazish joyi Muassislar Majlisining qarori bilan belgilanadi. Va delegatlarning yarmidan ko'pi qatnashgan holatda o'tkazish mumkindir.

17. Kurultoy qarori qurultoy qatnashchilarining (oddiy ko'pchilik) roziligiga asoslanib qabul qilinadi.

17.1. Harakatning rahbar organlari – Muassislar Majlisi, Markaziy Kotibiyat va Taftish Komissiyasidir.Bu organlar o'z qarorlarini oddiy ko'pchilik ovoz bilan qabul qiladi. Muassislar Majlisining a'zolari o'z ichidan Raisini saylaydi. Nizomga xilof harakatlari uchun Muassislar Majlisi o'z a'zolaridan har qanday bittasini, jumladan Raisini ham ko'pchilik ovoz bilan vazifasidan chetlashtirishi mumkin.

17.2. Harakatning raislari harakat faoliyatini boshqaradi. Ular Muassislar Majlisi raisi, Markaziy Kotibiyat raisi va Taftish Komissiyasi raislaridir.

18. Qurultoy vazifalari:

– Harakat Dasturi va Nizomini qabul qiladi, ularga o'zgartirishlar kiritadi;

– Harakatning Rahbar organlarini saylaydi, ularning faoliyatini nazorat qiladi va Rahbariyat harakat dasturi va nizomiga zid faoliyat olib borganida ularni lavozimidan chetlashtiradi;

– Harakatga yangi tashkilotlarni qabul qiladi, Dastur va Nizomni buzgan tashkilotlarni Harakat safidan o'chiradi;

– Harakat faoliyatining asosiy yo'nalishlarini belgilaydi;

– Harakat byudjeti va uning ijrosini tasdiqlaydi;

– Harakatning Markaziy Kotibiyatini tayinlaydi va uning faoliyatini baholaydi;

– Harakatning Taftish Komissiyasini tayinlaydi va uning faoliyatini baholaydi;

– Harakatning ramziy belgisi va tamg'alarini tasdiqlaydi.

19. Harakat Rahbarlarining vazifalari:

Rahbar organlar Harakat faoliyatini boshqarish hamda muvofiqlashtirish funktsiyalarini (vazifalarini) amalga oshiradilar.

20. Harakat Markaziy Kotibiyati – O'XH ning ishchi organidir va uning oldida mas'uldir. U Qurultoy oralig'ida faoliyat yuritib, qurultoyga har yig'inda hisobot beradi. Qurultoy qarorlarini ijro qiladi.

21. Harakat faoliyatini boshqarish Markaziy Kotibiyat tarafidan bamaslahat olib boriladi. Markaziy Kotibiyat Harakat manfaatlarini ifodalashga vakildir. Harakat a'zolari faoliyatiga umumiy rahbarlikni ham amalga oshiradi.

22. Markaziy Kotibiyat tarkibi Harakat Qurultoyida umumiy saylov orqali tasdiqlanadi.

Markaziy Kotibiyat a'zolarining har birini aniq vazifasi belgilanib, ular o'z funktsiyalari doirasida faoliyat olib boradilar. Biri ikkinchisining vazifasini takrorlashiga yo'l qo'yilmaydi.

23. Markaziy kotibiyat a'zolari o'z orasidan uning raisini saylaydi.

Markaziy Kotibiyat Harakatning o'z a'zolari ichidan ham rahbar organlarga nomzod ko'rsatishi va uni saylashi mumkin.

24. O'XH Taftish Komissiyasi – Harakatning qurultoyda qabul qilgan barcha qarorlarini bajarilishini nazorat kilib boradi,barcha bo'limlar faoliyatini taftish qiladi va o'z takliflarini harakat rahbariyati va qurultoyga etkazib turadi. U Qurultoy oralig'ida faoliyat yuritib, qurultoyga har yig'inda hisobot beradi.

25.Taftish Komissiyasi Qurultoy qarorlari asosida ish olib boradi.

26. Taftish Komissiyasining tarkibi Harakat Qurultoyida umumiy saylov orqali tasdiqlanadi. Va ular o'z a'zolari orasidan ko'pchilik ovoz bilan uning raisini saylaydi.

HARAKATNING MOLIYaVIY MABLAG'LARI VA MULKI

27. Harakatning mablag'lari Harakat Nizomi va Dasturiga asosan, o'tkazilgan tadbirlardan tushgan foydalardan hamda fuqarolar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning ixtiyoriy xayr-ehsonlaridan tarkib topadi.

Harakat mulk sohibi bo'lishga haqlidir.

Harakat o'z mablag'larini banklardagi hisoblarida tutadi. Mablag'lar xarajati va mulk bilan ishlash tartibi Markaziy Kotibiyat tomonidan belgilanadi.

28. Harakatning Markaziy Kotibiyat a'zolari va Ishchi Kotiblari jamoatchilik asosida ish yuritadilar. Ayrim hollarda ularga (Markaziy Kotibiyatning alohida qaroriga binoan) maosh ta'yin qilinishi mumkin.

29. Zarurat tug'ilganda, Harakat Markaziy Kotibiyati tashkiliy-texnikaviy xodimlarni o'z ishiga jalb etishi mumkin, va ularning ish tartibini belgilaydi.

HARAKATNING HUQUQIY MAQOMI

30. Harakatning Dastur va Nizomi qurultoyda tasdiqlangandan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega, uning banklarda o'z hisob raqamlari, o'zining to'la atamasi va boshqa zarur belgilari aks ettirilgan tamg'a va muhri bo'ladi.

31. Harakat o'z bosma va elektron nashrlarini chiqaradi. Harakat nashrlarining Muharrirlari Markaziy Kotibiyat tomonidan tayinlanadi. Ular o'z faoliyatini ular joylashgan davlatlarning matbuot haqidagi qonunlariga asoslanib, nashrning tahrir hay'ati fikriga tayangan holda amalga oshiradilar.

HARAKATNING O'Z FAOLIYaTINI TO'XTATISh TARTIBI

32. Harakat o'z faoliyatini quyidagi holatlarda to'xtatadi:

– Platforma muqaddimasida ko'rsatilgan maqsadlarga to'liq erishilganda;

– Harakat Muassislar majlisi qarori asosida.

33. Bu holatlarda Muassislar Majlisi tugatish komissiyasini ta'yinlaydi va uning ish tartibini tasdiqlaydi.

«O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH) ta'sischilari:

1. O'zbekiston “Erk” demokratik partiyasi

2. ”Andijon – Adolat va Tiklanish” tashkiloti

3. ”Tayanch” Madaniy-ma'rifiy jamiyati.

4. O'zbekiston Demokratik kuchlari forumi.

5. O'zbekiston inson huquqlari jamiyati.

6. Yoshlarning mustaqil vakili

7. Mustaqil shaxslar vakili

**********

O'XH Dasturi O'zbekiston Xalk Harakatining (O'XH) Dasturi

Muqaddima:

O'zbekiston xalq harakatining asosiy maqsadi mamlakatda huquqiy jamiyat qurishdir. Inson huquqlarini hurmat qilish fuqarolik va siyosiy huquqlarni xalqaro konunlarga mos holda mamlakatda joriy etishni o'zining birlamchi vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Bu yo'lda to'la-to'kis g'alabaga erishish uchun Harakat o'z a'zolarining faoliyatini belgilangan maqsadlarga yunaltiradi. Davlat hokimiyati barcha tizimlarining qonunlarga so'zsiz amal qilishlarini ta'minlash yo'lida barcha zaruriy choralarni ko'radi.

O'XH o'z faoliyati davomida O'zbekiston hukumatini mamlakatda barcha sohalarda islohotlar o'tkazishni talab qiladi.Agar mavjud hukumat O'XH talab qilgan islohatlarni o'tkazishdan bosh tortsa, u holda harakat hukumat iste'fosini talab qiladi.

O'XH ta'sischilari O'zbekistondagi I. Karimov boshqarayotgan bugungi rejim keyingi yigirma yil ichida o'zining naqadar jinoyatkor, xalqaro hamjamiyat tarafidan e'tirof etilgan inson haq va huquqlariga hamda xalqimizning e'tiqodiy va milliy qadriyatlariga zid, o'z xalqiga qarshi bir diktatura ekanligini ko'rsatdi, degan qat'iy fikrdadir.

Xalqaro hamjamiyat e'tiborida umumiy demokratik shiorlarni bayon etarkan, I. Karimov boshliq hukumat amalda dindorlar, siyosiy muxolifat, inson huquqlari kurashchilari va erkin fikrlovchi barcha fuqarolarga qarshi qaqshatgich qatog'onlar, qiynoq va quvg'inlar rejimini o'rnatdi.«Islom ekstremizmi» va «xalqaro terrorizm» bilan «kurash» bahonasida hanuz mamlakat tinch aholisiga qarshi davlat terrori qo'llanmoqda.

Har qanday muxolif fikrga toqatsizlik shu darajaga etdi-ki, bugungacha minglab kishilar o'ldirildi, o'n minglab kishilar qamoqqa tashlandi, millionlab kishilar o'z Vatanini tark etib, o'zga yurtlarda haq-huquqsiz sarson-sargardonlik va darbadarlikka majbur bo'ldi.Bu zulmga qarshi o'z noroziligini bildirgan har qanday kishi Karimovning terror rejimi tomonidan yo'q qilinmoqda yoki o'z yurtini tark etib, o'zga yurtlardan boshpana izlashga majbur bo'lmoqda.

Karimov rejimining jinoyatkorligi 2005 yil 13 may kuni Andijon voqealarida yana ham yaqqol namoyon bo'ldi. Prezident bilan uchrashuv umidida, o'z dardini bayon etib, ochlikdan, qashshoqlikdan, ishsizlikdan va ijtimoiy adolatsizligu hokimlarning mas'uliyatsizligidan arz etish uchun yig'ilgan tinch namoyishchilarga qarata Prezident I.Karimovning buyrug'i bilan xalk armiyasi o'z xalqiga qarshi o't ochishga safarbar qilindi. Uning shaxsan nazoratida amalga oshirilgan bu ommaviy qirg'in natijasida minglab begunoh fuqarolar o'ldirildi, o'n minglab fuqarolarga og'ir tan va ruhiy jarohatlar etkazildi.

Bu razil va qonli jinoyat – I.Karimov siyosatini va uning xalq muammolarini qay tarzda hal etishini yaqqol namoyon etdi.Ushbu voqealardan so'ng, Karimov barcha OAV uchun bu falokatni yoritishni, xalqaro axborot xizmatlari uchun esa Andijonga kirishni ta'qiqladi, bo'lgan voqealarni shaxsan o'zi talqin etib, barcha yovuzlik va qon to'kilishlarda diniy va dunyoviy muxolifatni ayblay boshladi. Mavjud hukumat soxta mahkama jarayonlarini uyushtirib, fojeaning tirik guvohlarini qamoqqa tashladi.

Karimovga xos yolg'onlar va qo'rqitish siyosati uchun bu yangilik emas, balki 1990 yil Parkent va Namangan tinch aholisiga qarshi, 1992 yil esa Toshkentda talabalarga qarshi uyushtirilgan qatliom siyosatining uzviy davomi edi.Oradan bir necha yillarning o'tishi ham o'zbek xalqining qalbidan I.Karimovning bu jinoyatlarini aslo o'chira olgani yo'q aksincha, bu yolg'on va nayranglar xalqning diktatorga bo'lgan g'azab va nafratini oshirdi, xolos.Tarixdan ma'lumki, har qanday diktator alaloqibat xor bo'lgan va xalq esa bunday zolimlarga la'natlar o'qigan. Biz diktator Karimov misolida ham shunday bo'lajagiga hech ham shubha qilmaymiz.

Lekin:

A) islohotlarning tinch yo'l bilan amalga oshishi;

B) mamlakatdagi barqarorlik buzilmasligi;

V) xalqning ommaviy chiqishlari fuqarolararo to'qnashuvga aylanib ketmasligi uchun

mavjud rejim quyidagilarni amalga oshiradigan bo'lsa:

1.Siyosiy va diniy sabablarga ko'ra qamalgan mahbuslarni oqlashi va ozod qilishi;

2.Diniy va siyosiy sabablar bilan asossiz ravishda ochilgan jinoiy ishlarni to'xtatish. Ayni sabablarga ko'ra xorijga chiqib ketishga majbur bo'lganlarning mamlakatga qaytishini qonun asosida ta'minlash;

3.Muxolif partiyalar va jamoat tashkilotlarini ruyxatdan o'tkazish;

4.Matbuot erkinligini ta'minlash, tsenzurani bekor qilish;

5.Namoyish va mitinglar erkinligini ta'minlash;

6.Mamlakatda eng qisqa muddatda erkin saylovlar o'tkazish.

Ushbu islohotlarning amalga oshirilishi rejim rahbarlarini o'tmishdagi siyosiy va iqtisodiy xatolar mas'uliyatidan ozod etishga sabab bo'lishi mumkin.

Har qanday holda ham, biz:

Toshkentda,Namanganda, Andijonda begunoh qatl etilgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz xotirasi oldidagi, hamda Karimov zulmini tortgan va tortayotgan yana minglab qurbonlar oldidagi o'z burchimizni anglagan holda;

Nohaq va soxta ayblovlar bilan o'z e'tiqodi va dunyoqarashi uchun qamoqqa tashlangan yuz minglab mazlum aka-ukalarimiz va mazluma opa-singillarimizni ozod qilish yo'lida;

Xalqqa va insoniylikka qarshi jinoiy harakatlar qilgan va qilayotgan Karimovning mavjud mustabid tuzumidan O'zbekiston xalqini butunlay xalos etish maqsadida, «O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH)» ni ta'sis etdik.

Biz barcha jamoat tashkilotlari hamda siyosiy partiyalarga murojaat etamiz,

Biz Vatanimiz taqdiriga, farzandlarimizning kelajagiga befarq bo'lmagan har bir fuqaroga murojaat etamiz:

«O'zbekiston Xalq Harakati saflariga birlashing! Faqat birlashganimizdagina mamalakatda huquqiy jamiyat barpo eta olamiz, xalqimizni ma'naviy, siyosiy va iqtisodiy halokatdan qutqara olamiz, o'z erkinligimiz va or-nomusimizni qaytara olamiz, hamda milliy boyliklarimizdan xalqimiz amalda foydalanishini ta'minlay olamiz.

«O'zbekiston Xalq Harakati (O'XH) o'z oldiga quyidagi vazifalarni qo'yadi:

1. Harakat faoliyatida xalqimizni barcha vakillarining milliy va e'tiqodiy qadriyatlariga, shuningdek dunyoning rivojlangan davlatlaridagi bashariyatni ijobiy taraqqiyotga etaklaydigan umuminsoniy qadriyatlarga o'rin berish.

2. Mamlakatimizda yuqorida ko'rsatilgan qadriyatlar asosida fuqarolik jamiyatining o'rtaga chiqishi uchun o'z hissasini qo'shish. Bunday fuqarolik jamiyatida insonlarning milliy va e'tiqodiy kelib chiqishidan qat'iy nazar ijtimoiy adolatni ta'minlash, ma'naviy va moddiy qadriyatlar orasida mutanosiblik o'rnatish, zulmning har qanday shaklini rad etish, jamiyatda bir shaxsning yoki tabaqaning hukmronligiga yo'l qo'ymaslik, e'tiqodda, fikrda va amalda haddan oshishga, og'machilikka, xurofatga va bularga asoslangan zo'rovonlikka to'siq qo'yadigan jamiyat barpo qilish.

3) O'XH o'z maqsadiga erishish uchun mamlakat ichidagi va uning tashqarisidagi barcha muxolif kuchlarni birlashtirish, ularni umumiy kurashga safarbar etish hamda ularning mavjud imkoniyatlarini Karimov rejimiga qarshilik tarafiga yo'naltirish;

4) Xalqaro hamjamiyat hamda xalqaro siyosiy, iqtisodiy va gumanitar tashkilotlarning e'tiborini O'zbekistondagi demokratiya va inson huquqlarining achinarli ahvoliga qaratish;

5) Karimov tuzumidan u yoki bu darajada nohaq jabrlangan har qanday fuqaroga imkon qadar moddiy va huquqiy yordam ko'rsatish;

6) Karimov diktaturasini to'xtatishga yo'naltirilgan keng qamrovli ijtimoiy va siyosiy faoliyat olib borish;

7) Barcha qonuniy usullar bilan Karimov hukumatining iste'fosiga va mustabid tuzumning barham topishiga erishish;

8)O'zbekistonda so'z, fikr va shaxs va matbuot erkinligini to'liq o'rnatish;

9) Muhojirotdagi diniy va dunyoviy muxolifat vakillarining o'z Vatanlariga muvaffaqiyatli qaytishiga sharoit yaratish;

10) Karimov boshlik O'zbekiston xukumati iste'fosini talab qilib Respublikamizning barcha hududlarida bir vaqtning o'zida ommaviy va tinch namoyishlar o'tkazilishi zaruriy chora sifatida ko'riladi.

11) O'zbekiston Xalq Harakatiga a'zo bo'lganlar e'tiqodiy va fikriy ixtiloflarini maslahatlashish va zarur bo'lganda turli toifalar orasida shartnoma tuzish yo'li bilan hal qiladilar. Harakat rahbariyati Sho'ro-maslahatlashish usulida faoliyat olib boradi. Harakat rahbarlari o'z faoliyatlarida yakka hokimlikka yo'l qo'ymaydilar. O'XH o'z maqsadiga erishishda avvalo ma'rifat va tashviqot faoliyatlariga o'rin beradi. Bu maqsadda harakatning mamlakat ichkarisida va tashqarisida o'z bo'limlarini ochishi maqsadga muvofiqdir.

**********

 ERK PARTIYaSINING DASTURI

Muqaddima

Adolatli bo'ling (5/8, Qur'on)

Inson Alloh yaratgan eng yuksak borliqdir. Uning uzviy, asos haq va ozodliklari eng yuksak qadriyatlardir. Bu qadriyatlarni o'zining har bir fuqarosi uchun asramoq davlatning birlamchi vazifasidir.

Davlat hokimiyati o'zining barcha salohiyatlari bilan to'laligicha xalq egaligida bo'lmog'i  lozim. Uning bironta salohiyatini hech kim xalq irodasiga zid ravishda egallab olishga haqli emasdir.

Biz mulkning tamalini adolat deb bilamiz.

Davlat tushunchamiz

Bizning barpo etajagimiz davlat (O'zbekiston Jumhuriyati) demokratik, huquq davlatidir.

Bu davlatda inson davlat uchun emas, davlat inson uchun bo'lajak. Boshqaruv sistemasi egamanlik (suveren) haqqini xalqimizdan olajak. Bu ma'noda, davlat qarorlarida ko'pchilikning (jamoa, sho'ro) boshqaruv zehniyati asos olinajak.

Bizning barpo etajagimiz davlatda har kimning o'z mehnati va sharafli bir hayot haqqi bo'lajak.

Davlatning demokratik  rejimi sotsial huquq va xalqoro huquq normalariga uyg'un, yangidan shakllantirilajak.

Bu davlat haqsizlik kimdan kelsa kelsin, kimga kelsa kelsin, mazlumning tarafini olajak, zolimga qarshi bo'lajak.

O'zbekiston Jumhuriyati hokimiyatlarning (qonun chiqaruvchi, ijro hokimiyati, mahkama) mustaqilligi tamoyiliga asoslanajak.

Xalqning bevosita, tashkilotli o'laroq boshqaruv ishlariga aralashuvini ta'minlaydigan rejim  o'rnatilajak.

Millat hukmiga ehtiyoj sezilganda, ochiq saylov yoki referendumlar o'tkazish mumkin bo'ladi.

Har bir jon o'z ustidagi yukni tashiydi, boshqa bir jonning yukini tashimaydi. (35/14, Qur'on)

Bizning davlatda hech bir aybdor boshqa birining aybi uchun jazo olmaydi.

Biz haqiqiy istiqror (stabillik)ning faqat boshqaruvdagi adolat bilangina ta'minlanishiga ishonamiz.

Bu kontekstda, ijtimoiy  qatlamlarning adolatli tamsili (qatnashuv) masalasi nihoyatda  muhimdir. Qonun chiqaruvchi hokimiyat, Ijro hokimiyati va Mahkama faoliyatiga fuqoraviy tashkilotlarning sherik bo'lishlari uchun akkreditatsion sistema uyg'ulanajak.

Maqsadimiz kuchli, tashkilotlangan bir jamiyat qurishdir. Xalqning turli sohalarda o'z-o'zini boshqaruvda  qoniqarli holga kelishi lozim. Xalqning vaqf, jamiyatlar, baynalminal jamoat tashkilotlari qurish tashabbuslarini qo'llab quvvatlayimiz. Bu qurilishlar orasida dialog va ishbirligini tashviq etamiz.

Jamiyat  uchun xavfli bo'lgan va terroristik tashkilotlar tanimini (belgilarini) qonun va qarornomalarda aniq ko'rstamiz.

Bu shaklda davlatchiligimiz asoslari nafaqat davlat organlari tarafidan, balki jamoat tashkilotlari, fuqoraviy institutlarnıng shaffof faoliyati vositasi bilan ham ihota etiladi.

Biz  butun ijtimoiy qatlamlardan odil tamsilni ta'min etadigan saylov va siyosiy partiyalar yangi qonunini chiqaramiz.

Bizning barpo etajagimiz davlatda qishloq, tuman va viloyat boshqaruvlariga maksimum darajada mustaqil status berilajak va ular har bir kichik masalada Markazga murojaat qilmaydigan bo'ladilar.

Davlat idoralari minimum sansolarlik va maksimium unumdorlik tamoyili bo'yicha ishlayajak. (Davlat idorasiga murojaat etilganida fuqaro pasporti asosiy hujjat hisoblanadi, qo'shimcha hujjatlar to'plash bo'yicha barcha ishlar davlat organlari zimmasiga yuklanadi. Har bir amaliyotning bajarilish vaqti aniq ko'rsatiladi va fuqarolarning murojaatlariga o'z vaqtida javob bermagan amaldorlar – nafaqasiz ishdan haydalishgacha – jazolanadi)

Bizning barpo etajagimiz davlatda xalqdan chiqqan tashabbus rag'batlantirilajak.

Bizning davlatda xalqni boy qilishning butun yo'llari hayotga tadbiq etilajak.

Ma'murlar etarli darajada maosh olajak, ishdan ketganda esa minumum yashash standartiga etadigan nafaqa bilan ta'min etilajak.

Poraxo'rlik va korruptsiya eng og'ir jazo bilan jazolanajak.

Bu davlatda hokimiyat shartsiz millatniki bo'lajak va millat o'z hokimiyatini parlament, hukumat va mahkama vositasida qo'llanajak.

Sud va Prokratura mustaqil bo'lajak.

Ijro hokimiyati Parlament oldida hisob berajak.

Hech kimga, oilaga, tabaqa yoki sinfga imtiyoz berilmaydi.

Hukumatimiz va idora maqomlari butun ijroiyada qonun oldida tenglik qoidasiga uyg'un harakat etishga majbur.

Davlat organlari Qonun oldida tenglik tamoyiliga mos ravishda faoliyat ko'rsatajak.

Konstitutsiya hukmlari – qonun chiqaruvchi hokimiyatni, ijro hokimiyati va mahkama hokimiyatini, idora maqomlarini va boshqa qurilish va kishilarni ma'sul etguchi asos qoidalardir.

Konstitutsiya ustunligi tortishilmayajak bir etalondir.

Bizning davlatda hech bir buyruq yoki qarornoma qonunga, qonunlar esa Konstitutsiyaga qarshi bo'lolmaydi.

Hech bir huquqiy ishlov xalqaro shartnomalarda ko'rsatilgan, davlatimizning Konstitutsiya va qonunlarning borliq va mashrutiyat (legitimlik) asoslariga to'g'ri kelmaydigan shaklda talqin va tadbiq qilinmayajak.

Bizning davlatimizning iqtisodi dunyo voq'eligiga uyg'un bichimlantirladi, moliyaviy manbalarning erkin harakati ta'minlanadi, chet el sarmoyasining erkin faoliyati davlat tarafidan kafolatlanadi.

Bizning davlatda mafkura ko'pchilikning ideologik ko'rishiga asoslanadi.

Va hech qaysi ideologiya hukumatimizning mafkurasi yoki majburiy ideologiya o'laroq belgilanmayajak. Siyosiy ko'ptaraflilik va ko'ppartiyaviylik asos bo'lajak.

Davlatimiz inson haqlari va huquq ustivorligiga asoslanajak.

Bizning davlatda xalq tarafidan qabul etilgan  konstitutsion rejimni zo'rovonlik bilan almashtirish va o'lka butunligiga rahna solish, davlatning xavfsizligiga zarar berish, qurolli tashkilotlanma, sotsial, irqiy, milliy, diniy ayrimchilikni qo'zg'atish kabi faoliyatlar ta'qiqlanajak.

Bu davlatda xususiy turmushga aralashish ta'qiqlanadi, uning dahlsizligi Qonun tarafidan kafolatlanadi. Qonun ko'rsatmagan hollarda hech kimning uyiga uy sohibining ruxsatisiz kirish Qonun tarafidan ta'qiqlanadi.

Davlat axloqning muhofaza etilishida taraf bo'ladi va axloq buzilishi hollariga mudohala qilish haqqiga sohib bo'ladi.

Bu davlatda har bir shaxs xabar olish va xabar tarqatish erkinligiga sohibdir. Milliy xavfsizlik va jamoat tinchligini buzish hollari istisno, xabarlashma erkinligiga to'siq qo'yilishi ta'qiqlanadi.

Bu davlatda har bir kishi sayohat erkinligiga egadir. Har bir kishi bu o'lkada istagan shahar va viloyatda yashash huquqiga ega bo'ladi. Pasport rejimi bekor qilinadi. Har bir kishi o'lka hududlaridan hech bir byurokratik to'siqsiz istagan o'lkaga chiqish haqqiga sohib bo'ladi.

Har bir kishi va guruh tinch namoyish va mitinglar o'tkazish, matbuot va nashriy mahsulotlarni tarqatish hurriyatiga ega bo'ladi.

Har bir kishi va yoki guruh jamoat tashkiloti qurish, unga a'zo bo'lish va a'zolikdan chiqish huquqiga ega bo'ladi. Hech bir kishi jamoat tashkilotiga majburan a'zo qilinmayajakdir.

Har qanday sabab bilan ham shaxslar aytishni istmagan tushunchalarini aytishga majbur qilinmayajakdir va aytmagani uchun ayblanmayajakdir. Har kim o'z tushunchalarini so'z, rasm va yoki boshqa vositalarla yoymoq hurriyatiga sohib bo'lajak.

Matbuotning erkin bo'lishi davlatimiz uchun hayotiy ahamiyat kasb etmoqda.

Har kim erkin ilm o'rganish va o'rgatish huquqiga sohibdir.

Har bir shaxs mulk va meros egasi bo'lish haqqiga sohibdir.

Har kim mashr'u vositalar yordamida tergov tizimlarida da'vochi va yoki ayblanuvchi sifatida o'z haqlarini himoya qilish huquqiga ega. Ulardan hech birini mahkamadan boshqa hech kim ayblashga haqi yo'qdir.

Hech kim ishlovda bo'lgan qonun ayb sanamagan bir fe'ldan jazolanmasligi kerak.

E'tiqod erkinligi

Dinda majburlash yo'qdir.
(2/256 Qur'on)

Yangidan insho etiladigan O'zbek davlati dunyoning ilg'or o'lkalari saviyasiga chiqmoq uchun, har insonning diniy e'tiqodi va mafkurasiga, vijdoniy va falsafiy qarashlarini hur ifoda etishiga imkon tug'diradigan bir siyosiy nizom insho etajak.

Maktablarda din tarixi o'qitilajak.

Xususiy Qur'on o'rgatish kurslari ochilishiga ruxsat beriladi.

Mehnatkash haqlari

Hukm berar ekan, o'zingizga, ota onangizga qarshi bo'lsa xam, adolatli bo'ling, boy va kambagal ayrimi qilmang. ( Qur'on  4/135)

Insonlar orasida hukm chiqarganingizda adolat bilan hukm chiqaring. (4/58, Qur'on)

Har kim istagan sohasida ishlash va shartnomalar tuzish  huquqiga egadir. Tashabbuskorlik rag'batlantiriladi. Ishsizlikning oldi shu shaklda olinishiga va jamiyat faravonligiga shu shaklda erishilishiga ishonamiz.

Shu ma'noda milliy iqtisodimiz taraqqiyoti uchun sifat va unumdorlikka erishish uchun milliy markazlar quriladi. O'lkamiz ishlab chiqarishida qo'shimcha qiymatning orttirilishi va sanoatimizga sarmoyalar yotqizish sohasida milliy safarbarlik e'lon qilinadi. Tashqariga chiqib ketgan yuksak malakali tadbirkor va muttaxassislar vatanga da'vat qilinadi.

Davlatimiz xususiy tashabbuskorlikning milliy iqtisod manfaatlariga va ijtimoiy maqsadlarga uyg'un ravishda, qarorlilik bilan olib borilishini ta'min etadi.

Davlatimiz xalqning turmush saviyasini yuksaltirish, ish sharoitlarini yaxshilash, ishsizlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ishsizlikning oldini olish, iqtisodiy rivojlanish uchun qulaylik barpo etish uchun zarur tadbirlarni ko'radi.

Hech kim yoshi, jinsi va kuchiga uyg'un kelmagan ishlarda ishlamaydi.

Ishchilar va ish sohiblari o'zaro munosabatlarida iqtisodiy va ijtimoiy haq va manfaatlarini muhofaza qilmoq uchun – avvaldan izn olmay – vaqf, uyushma va kooperativ qurish, ularga erkin a'zo bo'lish va a'zolikdan chiqish haqlariga ega bo'ladi.  Mehnatkashlarning ish o'rinlari ularga munosib bo'lishini nazorat etuvchi maxsus davlat organi tuziladi. Mehnatkashlar stachka va ish tashlashlar e'lon qilish  huquqiga egadirlar.

Hech kim bir vaqf yoki bir tashkilotga a'zo bo'lish yoki a'zolikdan chiqarilishga majbur qilinmaydi. Ishchi va ish egalari o'zaro iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatlarni va ish sharoitlarini yaxshilash borasida muzokaralar olib borish haqqiga ega bo'ladi.

Davlatimiz ishchilarning qilgan ishiga loyiq haq olishlari va boshqa ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishlari uchun zarur tadbirlarni oladi.

Atrof muhit

Har kim sog'lom muhitda yashash haqqiga egadir. Davlat va hukumatimiz atrof muhitni sog'lomlashtirish uchun buyuk bir hamla boshlayajak. Atrof muhit tozaligini saqlash, tabiatning ifloslanishiga yo'l qo'ymaslik  davlat kabi  fuqarolarning ham burchi bo'lajak.

Hukumatimiz Sovet davrida Amu va Sirdaryo sohillaridagi kesib tashlangan o'rmon va to'qayzorlarni va ularning ichidagi fauna va florani yangidan barpo etish uchun xalq harakati boshlatajak.

Davlatimiz o'rmonlarning muhofaza qilinishi uchun qonun qabul etadi. O'rmonlarga zarar bervchi hech bir faoliyatga ruxsat etmaydi. O'rmonlar ichida va yonlarida yashovchi qishloq aholisi turmush saviyasining yuksalishi uchun zarur tadbirlar ko'riladi.

Inson sog'ligi

Davlatimiz insoniy va moddiy kuchda tejamkorlik va mahsuldorlikni orttirib,  hamkorlikni barpo etish maqsadida sog'liqni saqlash muassasalarini yagona markazdan planlashtirib xizmat berishni joriy qiladi.

Davlatimiz fuqarolarning ruh va badan sog'ligi uchun, sport turlarini rivojlantirish borasida choralar ko'radi.

Davlatimiz mamlakatimiz yoshlarini alkogol, giyoghvandlik, jinoyatchilik va qimorbozlik kabi illatlardan, jaholatdan qo'rimoq uchun zarur tadbirlarni oladi.

Iqtisodiy siyosat

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy yuksalish va ayniqsa, sanoatning rivoji, o'lka boyliklaridan unumli foydalanish borasida bir tashkilot qurish Hukumatimiz vazifasidir.

Milliy daromadni oshirish, isrofgarchilik va poraxo'rlikka chek qo'yish, ishlab chiqarishni yuksaltirish, narx-navoda barqarorlik va to'lovlarda muvozanatni saqlash yo'lida tadbirlar olinadi.

Hukumatimiz pul, kredit, sarmoya, mol va maishiy xizmat sektorini tartibli ishlashini ta'minlovchi va rivojlantiruvchi tadbirlar oladi, sektorlarda fe'liy yoki kelishuv orqali paydo bo'ladigan yakkahokimlikning oldini oladi.

Tashqi savdoning o'lka iqtisodi manfaatiga xizmat qilishi uchun kerakli tadbirlar olinadi, import va eksport rag'batlantiriladi. Ayni shaklda ilmiy izlanishlar qo'llab quvvatlanadi, maishiy xizmat sohasi va turizm borasida tadbir ko'riladi.

Kichik hajmli sanoat korxonalarini va sanoat kooperativchiligini tashviq kilamiz.

Tabiiy boyliklar davlatimizning hukmi va tasarrufida bo'ladi, ularning izlab topilishi va ishlatilishi davlatimzga oiddir. Bu sohada mahalliy sarmoyachilar, tashabbuskorlar va ilmiy markazlar va kasb va soha jamiyatlari bilan hamkorlik qilinadi.

Hukumatimiz milliy iqtisodimiz manfaatlarini nazarda tutib, aholini muhofaza qilishga qaratilgan kooperativchilikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi, iste'molchilarni himoya qiladigan chora va tadbirlar ishlab chiqadi.

O'zbekiston yarim agrar o'lka. Zudlik bilan tuproq islohoti o'tkazilishi lozim. Hukumatimiz tuproq unumdorligini muhofaza qilish, erroziyaga yuz tutishining oldini olish uchun, eri yo'q dehqonga er beradi va unga erga egalik qilish huquqini beradi.

Ijtimoiy siyosat

O'lkamizda yashagan har kim ijtimoiy himoyalanish haqqiga ega bo'ladi. Hukumatimiz urushda va yoki vazifasini ado etarkan, qurbon bo'lganlarning tul qolgan ayollari va etimlarni muhofaza qilib, ularni jamiyatda o'ziga munsoib bir hayot saviyasi bilan ta'minlaydi. Hukumatimiz mayib-majruhlarning muhofazasi va jamiyat hayotida o'z o'rnini olishlari uchun kerakli tadbirlar oladi. Qariyalar ijtimoiy muhofaza qilinadi, ularning haq va xuquqlari, imtiyozlari qonunlar orqali belgilab beriladi. Himoyaga muhtoj bolalarni muhofaza qilish uchun barcha tadbirlar ko'riladi. Davlatimiz shaharlarning o'ziga xosliklari va atrof muhit tozaligini nazorat qilish rejalari doirasida, turar-joy ehtiyojlarini ta'minlash rejalarini ishlab chiqadi, ommaviy turar-joy qurish tashabbuslarini qo'llab-quvvatlaydi.

Oila

Oila jamiyatning asosidir. Hukumatimiz oila faravonligi, ayniqsa, ona va uning farzandi himoyasi uchun zarur tadbirlarni oladi. Davlatimiz yosh avlod tarbiyasi oiladan boshlanishi uchun butun tadbirlarni olajak.

Maorif

O'lkamizda hech kim ta'lim-tarbiya haqqidan mahrum qolmaydi. Hukumatimiz ilm olishni tashviq qiladi va uni qo'llab quvvatlaydi.

Hukumatimiz yosh avlodning tom ma'noda ma'rifatli bo'lib voyaga etishi uchun butun imkoniyatlarni ishga soladi.

Biz maorifda faqat darvinizm va ateizmga asoslangan birtomonlama strategiyaga qarshimiz, biz inson borligining tarixi boshqa nuqtai nazarlardan ham o'rganilishi tarafdorimiz va bu yo'nalishdagi tashabbuslarni qo'llab quvvatlaymiz.

Hukumatimiz O'zbek tilining davlat tizimlarida to'laqonli faoliyati uchun mas'ul bo'ladi va ayni uning jahon miqyosida faoliyat yuritadigan saviyada rivojlantirishning maxsus dasturini qabul qiladi va amalga oshiradi.

San'at va madaniyat

Mustaqillikdan keyin yuritila boshlagan aksilmilliy siyosat oqibatida qadr-sizlangan san'at va adabiyot o'zi munosib bulgan maqomga chiqarilajak. Davlatimiz tarixiy, madaniy  boyliklarimizni muhofaza etadi va bu borada targ'ibotlar olib boradi. San'at asarlarining muhofaza qilinishi, qo'llab-quvvatlanishi va san'at sevgisining yoyilishi uchun kerakli tadbirlarni oladi.

Shuningdek, hukumatimiz kosib va san'atkorlikni muhofaza qiluvchi va rag'bat-lantiruvchi tadbirlarni oladi.

Ustalarning xususiy mexnati mahsuli  asosiga qurilgan kichik korxonalar soliq-lardan ozod etiladi.

Tashqi  siyosat

Agar ular tinchlik istasalar, sen ham ularga yon bos (Quron 8/61))

Qo'shni davlatlar, Osiyo, Ovrupo, Amerika davlatlari bilan hamkorlik, do'stlik rishtalarini  mustahkamlaymiz.

Hukumatimiz Markaziy Osiyodagi qardosh davlatlar bilan integratsiya siyosatini yuritadi va bu yo'nalishdagi har qanday tashabbusni qizg'in qo'llab quvvatlaydi.

Bizning barpo etajagimiz davlat dunyoda e'tiborli bir tashqi siyosat yuritajak va baynalminal huquqqa uyg'un harakat etuvchi, xalqoro shartnomalarga sodiq bir davlat bo'lajak.

Hukumatimiz chet ellarda yashayotgan o'zbek diasporasi haqlari buzilgan hollarda ularning haqlarini aktiv himoya kiladi. Qo'shni  mamlakatlardagi o'zbeklarning o'z tilini mukammal egallashga bo'lgan intilishini rag'batlantiradi va milliy madaniyatdan ajralib qolmasligi uchun butun imkoniyatlardan foydalanadi.

Falsafamiz

Biz siyosatni muammo keltirib chiqaruvchi, bosim tashkil etish vositasi emas, balki, xalqqa xizmat vositasi va mummolarni hal etish san'ati o'laroq ko'ramiz.

Biz g'ayri-mashr'u ekonomikani rad etganimiz kabi, g'ayri-mashr'u siyosatni ham rad etamiz.

Adolatning haqiqiy istiqror manbai ekaniga, uning har qanday zo'rovonlik va terrorning oldini olishiga ishonamiz.

Etnik va diniy farqliliklarga qaramay, jamiyat ichida ahillik – bizning boshqaruvdagi idealimizdir.

O'tmish haqida xofizamiz va kelajakka umidni  kuchli iroda bilan birlashtirib, mavjud bo'hrondan chiqishimizga ishonamiz.

Biz o'zbek xalqining hurriyati dunyo tinchligi va er yuzi madaniyati rivojiga ijobiy hissa qo'shishiga aminmiz.

Adolat, Tinchlik, Erkinlik, shaffof Xalq boshqaruvi, Inson haqlariga hurmat ko'rsatuvchi bir huquq davlati qurish uchun bel bog'lagan O'zbekiston xalqi shunday davlatga  loyiqdir.

**********

O'ZBEKISTON XALQ HARAKATI AMALIY IShLARINING UMUMIY ChIZGILARI

1.Ma'rifat va targ'ibot-tashviqot yo'li bilan insonlarimizning ilmiy va ijtimoiy-siyosiy saviyasini oshirish. Bu O'XH faollarining bevosita insonlar bilan uchrashuvlari va imkon doirasidagi ommaviy axborot vositalarda O'XHning maqsadlarini yoritish orqali amalga oshiriladi.

2.Ijtimoiy-siyosiy jihatdan faollashgan shaxslar va turli guruhlarning O'XH da jipslashishiga erishish. Ya'ni, qishloqlar va mahallalardan boshlab, tuman, viloyat markazlarida va barcha shaharlarda O'XH bo'limlarini tashkil qilish.

3.O'XH bo'limlarida birlashgan xalqimizning mavjud diktatura rejimiga qarshi chiqish potentsialini yuksaltish. Bu avvalo O'XHning kichik va katta guruhlari orasida o'zaro uchrashuvlar, seminarlar, konferentsiyalar, kichik va katta norozilik chiqishlarini tashkil qilish bilan amalga oshadi.

4.Bu bosqichda O'XH rahbariyatining mamlakat ichida va tashqarisida rejimga qarshi g'oyaviy va siyosiy taziyqini yanada oshirishi lozim bo'ladi. Bu orqali xalqimizning va dunyo jamoatchiligining O'XHga moyilligini ortirishga erishishga harakat qilinadi.

5.O'XHning kurashi ijobiy natija bilan yakunlanishini nazarda tutib, harakat rahbariyatining o'tish davrida muvaqqat hukumat amalga oshiradigan islohot dasturini hozirlaydi.

**********

O'ZBEKISTON XALQ HARAKATIGA QO'ShILGAN INSONLAR QUYIDA KO'RSATILGAN TADBIRLARDA FAOL IShTIROK ETIShLARI LOZIM BO'LADI

NOROZILIK USULLARI VA JAMOATChILIK BILAN IShLASh

1. Ommaviy matbuot chiqishlari

2. Shiorlar, karikaturalar va ramzlar hozirlash

3. Bayroqlar, plakatlar va shunga o'xshash boshqa vositalar hozirlash

4. Varaqalar, kitoblar hozirlash

5.Gazetalar va kitoblar nashr qilish

6.Magnitofonga yozilgan nutqlar, kasetalar, radio va televidenie, internet dasturlari hozirlash

JAMOATChILIKNING RAMZIY TADBIRLARI

7. Bayroqlar osish, ramzga aylangan ranglarni ishlatish

8. Ramzga aylangan kiyimlar kiyish

9. Jamoat holida ibodatlar va duolar o'qish

10. Ramz sifatida chiroqlarni yoqish yoki o'chirish

11. Ramz sifatida nog'ora, karnay va surnay chalish

12. Ko'cha yurishlari , norozilik namoyishlari va paradlar

13.Dafn va ta'ziya marosimlari o'tkazish

O'ZBEKISTONDA MUXOLIFAT A'ZOLARINI FAOLLAShTIRIShGA QARATILGAN TADBIRLAR

14. Mamlakatda turli muxolif harakatlarga a'zo bo'lgan kishilarni aniqlash va ular bilan konsturktiv aloqa o'rnatish (bevosita yoki telefon, internet orqali)

15. O'XH bilan hamkorlik qilishni istagan muxolifatchilarni O'XHning Nizomi, Dasturi va boshqa hujjatlari bilan tanishtirish.

16. O'XH kirgan barcha muxolifat vakillarining intizomli va davomli hamkorligini yo'lga qo'yish. Bu maqsadda aniq belgilangan vaqtlarda uchrashuvlar, seminarlar va konferantsiyalar tashkil qilish (imkon darajasida)

17. Tinchlik ruhida va ommaviy ravishda o'tkaziladigan tadbirlarga barcha muxolifat vakillarini jalb qilish.

18. Diktatura rejimi tarafidan tazyiq ostiga olingan va olinadigan, qamalgan va boshqa shaklda zulm ko'rganlarga moddiy va ma'naviy yordam berish, ularning oilalariga ega chiqish.

Harakatning moliyaviy imkonlarini kuchaytirish

19. Turli xayriya jamg'armalaridan harakatga moddiy yordam jalb etish

20. Tijorat va tadbirkorlik faoliyati orqali mablag' to'plash

21. Harakat a'zo bo'lgan tashkilotlar va shaxslarning moddiy yordamlari

O'ZBEKISTON XALQ HARAKATINING GIMNI

Ozodlik istagan xalq irodasi,
Zulm istibdodga ko'tardi isyon!
Etar zo'ravonlik, qashshoqlik, xorlik,
Talab qil o'z haqqing, ozod hur inson!

Yo'limiz shiori; Adolat, Hurlik,
Otlan bu kurashga, Vatan o'g'loni!
Oru-nomus, g'urur, degan ne'matdan,
Azizroq emasdir, odamning joni!

O'z baxtingni o'zing kiritgil qo'lga,
O'z mehnating bilan, topgil sharaf shon!
Dunyo xalqlarini ichida sen ham,
Munosib o'rningni top, O'zbekiston!

Quraylik farovon erkin bir hayot,
Bo'lmasin xalqimiz o'z yurtida xor!
Sen ham qadri baland insonsan, xalqim,
Baxtli yashashlikka seni haqqing bor!

Yo'limiz shiori; Adolat, Hurlik,
Otlan bu kurashga, Vatan o'g'loni!
Oru-nomus, g'urur, degan ne'matdan,
Azizroq emasdir, odamning joni!

**********

O'XH –HAMMAMIZNING HARAKATIMIZDIR

ChAQIRIQ

BIZ-tarixi ilmu ma'rifatning, madaniyat va taraqqiyotning beshigi hisoblanadigan dunyoning eng ilg'or qavmlaridan O'zbekiston xalqining vakillarimiz.

BIZ- xalqimizning kelajagining, uning tarixining porloq davrlarida bo'lgani kabi, imonga, ilmu ma'rifatga, huquq va adolatga asoslanishini istaymiz.

BIZ- dini, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat'iy nazar huquq va adolatning, erkinlik va hurfikrlilikning, saylov va saylanishning, inson qadriyatlari va sharafining hammamizga bir xil darajada tegishli bo'lishini istaymiz.

BIZ-xalqimizning bugungi kunini o'tish va tiklanish davri, deya baholaymiz. Kommunistik zulmdan keyin uning meroschisi bo'lgan va Prezident Islom Karimov tarafidan asos solingan mahalliy diktaturaning umri tugallanish arafasida turibdi, deb bilamiz. O'zbekiston xalqi hayotida YaNGI DAVRning boshlanishi uchun vaqt etib keldi.

BIZ-YaNGI DAVRning islohot va adolat asosida, qon to'kilmasdan va hech bir shaklda zo'rovonlikga yo'l qo'ymasdan o'rin olishini istaymiz. Chunki BIZ haqsizlik bilan bir odamning o'ldirilishini butun insoniyatning o'ldirilishiga teng, deb bilamiz. Adolat asosida bir insonning jonini asrashni esa butun insoniyatning jonini asrash, deb bilamiz.

BIZ- HAQni asos, xalqimizni uning muassisi va o'zimizni esa avvalo HAQning, so'ngra xalqimizning ma'murlari, deb bilamiz.

BIZ- o'z faoliyatimizda xalqimizning barcha vakillarining e'tiqodiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarining musbat qirralariga o'rin beramiz. Maqsadimiz mana shu qadriyatlar asosida, saflarimizda o'rin olgan turli dunyoqarashdagi turli insonlarga bir xil erkinlik, huquq va adolat beradigan fuqarolik jamiyati qurishdan iboratdir.

BIZ- xalqimizni tashkil qiladigan turli etnik va e'tiqodiy guruhlarning vakillarimiz. Saflarimizda musulmonlar ham, musulmon bo'lmaganlar ham, demokratiya va liberal tushunchalarning sohiblari ham bor.

Bugun biz O'zbekistondagi rejimning ZULMiga qarshi qo'lni qo'lga berib, ADOLAT xalqasini tashkil qildik.

BIZ yaqin kelajakda mana shu ADOLAT bayrog'i vatanimizda hilpiray boshlaydi deya ishonamiz. Bu bayroq ostida o'zaro hamkorlik qilishga, bir-birimizga teng haq-huquqlar tanishga va eng asosiysi jamiyatda ZULMning yangidan paydo bo'lmasligi uchun saflarimizni buzmaslikka so'z beramiz.

O'zbekiston Xalk Harakati rasmiy saxifasi va elektron pochtasi:

www.uzxalqharakati.com

uzxalqharakati@gmail.com
info@uzxalqharakati.com

SON DAKİKA HABERLERİ