Болаларнинг масжидга бориши Ўзбекистон қонунларига зидми?

Болаларнинг масжидга бориши Ўзбекистон қонунларига зидми?
79 views
20 June 2012 - 23:22

Savol: Masjidlarga yosh bolalarni kiritishmayapti. Maktab payti o’qishdan chalg’itadi, deyishlarini tushunsa bo’ladi, ammo maktabdan so’ng yoki ta’til vaqtlarida ham masjidlarga militsiya xodimlari tomonidan kiritilishiga to’sqinlik bo’layapti. Yosh bolalarning masjidlarga borishini taqiqlaydigan qonunlar bormi?

Javob:

Voyaga yetmaganlar ham vijdon erkinligi huquqiga ega

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22-moddasi[*]ga ko’ra, fuqaroning muomala layoqati u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi. Demak, voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to’lmaganlar nazarda tutiladi. Yosh bolalar ham voyaga yetmaganlar tarkibiga kiradi. Voyaga yetmagan shaxsning fiziologik, psixologik jihatlarini e’tiborga olgan holda, ularning ayrim huquqlarini amalga oshirishlari cheklanishi mumkin. Chunki 18 yoshgacha bo’lgan o’smirlarda tashqi ta’sirga tez beriluvchanlik hamda psixologiyasida turli o’zgarishlar sodir bo’lish hollari kuzatiladi. Odatda, bu yoshdagi o’smirlarninig ayrim huquqlari va qonuniy manfaatlarini ularning ota-onalari, yoki ota-ona o’rnini bosuvchi boshqa shaxslar, agar voyaga yetmagan shaxsga vasiy yoki homiy tayinlangan bo’lsa, ular amalga oshiradi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi voyaga yetmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tegishli bo’lgan ikki moddaga ega. Konstitutsiyaning 45-moddasiga ko’ra, “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” va 64-moddaning birinchi qismiga ko’ra, “Ota-onalar o’z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”.

Voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini belgilovchi maxsus qonun “Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida”gi qonun bo’lib, ushbu qonundan berilgan savolga tegishli bo’lgan ayrim moddalarni keltirimiz.

Jumladan, mazkur qonunning 7-moddasi “Bola huquqlarining qonuniy kafolatlari” deb nomlanadi. Ushbu moddaning 4-qismida “Bola huquqlarini cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno”, deyilgan. Shuningdek, ushbu qonunning 17-moddasi “Bolaning fikrlash, so’z, vijdon va e’tiqod erkinligi” deb nomlanadi. Mazkur moddada “Bola fikrlash, so’z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Bolaning fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin”, deb yoziladi.

Bolaning masjidga borishi vijdon va e’toqod erkinligi hisoblanib, demak, buni qonun yo’li bilan cheklash mumkin emas. Moddada bolaning faqat fikr yuritish va uni ifodalash huquqi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkinligi aytilgan. Demak, qonun to’g’ridan to’g’ri bolaning fikr yuritish va uni ifodalash huquqini cheklash haqida qoida belgilagan bo’lsagina, bunday cheklashga yo’l qo’yiladi. Masjidga yoki boshqa ibodatxonalarga borish bolaning fikr yuritish va uni fiodalash huquqiga emas, balki vijdon erkinligi huquqi doirasiga kiradi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentyabrdagi “Voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi qarorida, voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqiy tarbiyaviy ishlar susaytirib yuborilganligi, ular ustidan bo’lgan nazoratning bo’shligi, ish bilan ta’minlash va boshqa muammolar qoniqarli darajada hal etilmayotganligi oqibatida ko’plab yoshlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etish, giyohvandlik va ichkilikbozlikka berilish, dinniy aqidaparastlik yoki turli zararli oqimlar, guruhlar ta’siriga tushib qolish kabi salbiy holatlarni bartaraf qilish choralarini ko’rish maqsadida voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiya faoliyatini takomillashtirish zarurligi keltirib o’tiladi.

Qarorda mazkur komissiya voyaga yetmaganlarni zararli diniy oqimlar, guruhlar ta’siriga tushmasliklarining oldini olish uchun o’z vakolatlari doirasida profilaktik ishlarni olib borishi mumkinligi belgilangan.

Diniy aqidaparastlik va zararli oqimlarga qo’shilishning oldini olish maqsadida voyaga yetmaganlarni majsidga kiritmaslik komissiya vakolatlari doirasiga kiritilmagan. Zero, bu, avvalo, voyaga yetmaganlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini poymol qilgan bo’ladi.

Bolalarning masjidga borishini cheklovchi holatlar mavjud

“O’zbekiston Respublikasida umumiy o’rta ta’lim to’g’risida”gi Nizomga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida o’qish muddati 9 yil bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim (maktabning I—IX sinflari) majburiy hisoblanadi. U boshlang‘ich ta’limni (I—IV sinflar) qamrab oladi hamda uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi hisoblanadi. 9 yillik ta’lim majburiy bo’lganligi uchun, shu yoshdagi o’quvchilar darslarni uzrsiz tark etishlari mumkin emas. O’quvchining dars vaqtida maktabni tark etib masjidga borishi majburiy ta’lim talablariga zid bo’lgani uchun ma’muriyat tomonidan taqiqlanishi mumkin. Bu faqat dars vaqtiga taalluqli bo’lib, masjidga borishni butunlay, ya’ni maktabdan tashqari paytda ham taqiqlash voyaga yetmagan shaxslarning vijdon erkinligi huquqini buzish hisoblanadi.

Shuningdek, 9 yillik o’rta ta’limdan keyingi boshqa ta’lim turlarida ham talabalardan o’quv yurti ichki tartib-nizomlariga itoat etish talab qilinishi mumkin. Bu nizomlarda talabalarning darslarni uzrsiz tark etishi taqiqlanishi tabiiy hol. Shu bois dars payti masjidlarga qatnash ushbu nizom bandlariga ko’ra mumkin emasligi kelib chiqadi. Bu, quyidagi sabablarga ko’ra, voyaga yetmagan shaxslarning vijdon erkinligi huquqining poymol etilishi sifatida tushunilmasligi kerak.

Birinchidan, o’quv yurti nizomlarida bolalarning masjid yoki boshqa ibodatxonalarga borishi butunlay, hamma vaqt uchun taqiqlanmayapti. Dars paytidan tashqari talabalarning masjidlarga borishiga vijdon erkinligi huquqi doirasida ruxsat beriladi. Agar maktab yoki boshqa oliy o’quv yurti nizomlarida aynan masjidga borish taqiqlanadi, degan alohida band bo’lsa, buni vijdon erkinligi huquqining poymol etilishi deb qabul qilish mumkin va uning ustidan yuqori organlarga shikoyat qilish lozim bo’ladi.

Ikkinchidan, 9 yillik majburiy ta’limdan tashqari boshqa yuqori ta’lim tizimlarida o’qish ixtiyoriy bo’lib, dars vaqtida uzrsiz o’quv mashg’ulotlarini tark etmasllikka har bir talaba rozi bo’lib o’qishga kiradi. Buni xohlamagan talaba o’qishga kirishdan oldin shu jihatlarini o’ylab so’ng qaror qilishi kerak.

Dunyoviy davlatda diniy huquqlar qanday ta’minlanadi?

O’zbekiston Respublikasi o’z konstitutsiyasiga binoan, dunyoviy davlat bo’lib, bu yerda din va davlat bir-biridan ajratilgan. O’zbekiston aholisining ko’pchiligi Islom diniga e’tiqod qilsa ham, ayrim bayramlardan tashqari, boshqa ibodatlar uchun, masalan, har hafta juma namozi uchun alohida dam olish vaqti yoki kuni belgilanmagan. Ayni paytda, fuqarolar uchun din va vijdon erkinligi to’la ta’minlangan. Qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun amal qiladigan ayrim majburiyat va burchlar, agar diniy haq-huquqlarga zid kelsa, davlat qonunlari ustuvor hisoblanadi. Bu nafaqat O’zbekiston uchun, balki jahonning barcha dunyoviy o’lkalarida amal qiladigan qonuniy prinsip hisoblanadi. Masalan, din va vijdon erkinligi amalda to’la ta’minlangan AQSh yoki Yevropa davlatlarida ham, agar ibodat vaqti o’quv mashg’ulotlari yoki ish paytiga to’g’ri kelsa, o’quv nizomi yoki ish shartnomasida belgilangan qoidalar amal qiladi. Talabalar o’quv yurti yoki darslarni tanlashda, o’z shaxsiy hayotidagi boshqa ishlariga vaqt bo’lishini hisobga olib reja tuzadi.

Ish vaqtida masjidga borish mumkinmi?

Ishchilar ham mehnat shartnomasi tuzishda ish beruvchidan ibodat qilish uchun vaqt so’rab, buni mehnat shartnomasiga kiritishni talab qilishlari mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 126-moddasiga ko’ra, xodimga ish vaqti davomida dam olish vaqti beriladi va dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt hisoblanadi. Xodim ish beruvchi bilan kelishgan holda shunday dam olish vaqtlarida ibodat qilish uchun masjidga (Juma namoziga) borishi mumkin. Bundan tashqari, xodimlar jamoasi kasaba uyushmasi bilan birgalikda harakat qilib, ish beruvchi va xodimlar o’rtasida tuziladigan jamoa shartnomasiga ham shunday shartlarni kiritishi mumkin.

Xulosa

O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida voyaga yetmaganlarning masjidlarga borishini taqiqlovchi norma yoki normalar mavjud emas. O’quvchi va talabalar dars paytlaridan tashqari boshqa paytlarda masjidlarda bo’lishi, ibodat qilishi, diniy bilimga ega bo’lishi ularning uzviy vijdon erkinligi huquqi hisoblanadi. Qolaversa, voyaga yetmaganlar darsdan bo’sh paytlarida masjidlarga yakka o’zlari yoki ota-onalari bilan birga kelishi mumkin. Ota-onalari bilan masjidga kelganda, voyaga yetmaganlarning masjidga kirishiga to’sqinlik qilish nafaqat voyaga yetmagan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqini poymol qiladi, balki ota-onaning farzand tarbiyasi ustidan bo’lgan huquqini ham cheklash hisoblanadi. Bunday paytda o’quvchi yoki talabalarning masjidga masjid xodimlari yoki militsiya xodimlari tomonidan kiritilmasligi Konstitutsiyaga ko’ra noqonuniy hisoblanadi va bunday shaxslar ustidan to’g’ridan to’g’ri prokuratura, sud organlariga yoki tegishli tartibda yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish mumkin.

Ammo, 9 yillik majburiy ta’lim davrida dars vaqtida o’quvchilarning mashg’ulotlarni uzrsiz tark etishi mumkin emas. Demak, dars paytida o’quvchilarning masjidga borishi taqiqlanishi mumkin. Dunyoviy davlatda, qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar birdek amal qilishi talab etiladigan ayrim majburiyat va burchlar, agar ayrim fuqarolarning diniy haq-huquqlariga zid kelsa, davlat qonunlari ustuvor hisoblanadi. Agar diniy huquqni cheklovchi bunday majburiyatlar, qasddan, ataylab yoki aynan vijdon erkinligini cheklash maqsadiga qaratilgan bo’lsa, bunday majburiyatlar konstitutsiyaga ziddir va ular ustidan tegishli yuqori organlarga shikoyat qilish lozim.

Konstitutsiyaviy huquqlarning poymol qilinishi ustidan shikoyat qilish tartibi haqida: Hijob ibodat libosimi yoxud qonunlar noqonuniyligi ustidan shikoyat qilish tartibi haqida?

Militsiya xodimining voyaga yetmaganlarni masjidga kiritmaslik kabi noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibi haqida: Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

www.adolat.net