Muhammad Solih “Erk” partiyasi maqomi tiklansa siyosatdan ketmoqchi

Muhammad Solih “Erk” partiyasi maqomi tiklansa siyosatdan ketmoqchi
118 views
26 November 2020 - 8:32

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih yaqinda hukumat partiya qurultoyini mamlakatda o’tkazishga ruxsat bergan taqdirda iste’foga chiqishga tayyorligi haqida bayonot tarqatdi.

“Amerika Ovozi”ga ma’lum bo’lishicha, muxolif partiya liderining bu taklifi rad etilgan.

Hukumatning siyosiy muxolifatga nisbatan bu munosabati rasmiy emas. Muhammad Solihga bilvosita bildirilgan ma’lumotlardan kelib chiqilsa, hukumat ushbu partiya maqomi tiklanishiga ham, uning qurultoyi mamlakatda o’tkazilishiga ham jiddiy qarshi.

Ammo hukumatning bu munosabati partiya rejasiga ta’sir qilmagan. Faollar “Erk” qurultoyini mamlakatda, tashqarida yoki boshqa bir tarzda o’tkazishga hozirlanishmoqda.

Muhammad Solihning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u siyosiy kurashdan iste’foga chiqish, partiya rahbarligini yoshlarga topshirish qaroridan voz kechmagan. Buning uchun avvalo partiya qurultoyi o’tkazilishi kerak, vaziyat qanday bo’lishidan qat’i nazar “Erk” partiyasi siyosiy kurashni davom ettiradi.

Muhammad Solih 1992-yilda mustaqil O’zbekiston tarixidagi ilk prezidentlik saylovlarida “Erk” partiyasidan marhum Islom Karimovga raqobatchi sifatida qatnashgan edi. Bu saylovda Solih mag’lubiyatga uchrashi ortidan Karimov muxolifatga nisbatan qatag’on, quvg’in siyosatini boshlagan.

Karimov vafot etib, mamlakatda hokimiyat almashishidan so’ng ham “Erk” taqiq ostida qoldi. Partiya o’z rasmiy maqomini tiklashga urinishi samarasiz kechmoqda. Muhammad Solih O’zbekistonga kiritilmadi.

“Erk” demokratik partiyasi 90-yillarda o’zbek ziyolilarini birlashtirgan yirik siyosiy kuch sifatida maydonga chiqqan edi.

Manba: amerikaovozi.com